Hayotda o`z shahzodasini uchratgan zamonaviy Zolushkalar

14:27, 28 mart

Ko`pchilik hayotda ertakka o`rin yo`q, deb hisoblaydi. Ming afsuski, ertak ham hayotdan olinganini isbotlash uchun zamonaviy Zolushkalarning ertakmonand hayotidagi voqealarni e`tiboringizga havola etmoqdamiz. 
 

Keyt — Kembrij gersoginyasi

Uels shahzodasi Uilyam va oddiy ingliz oilasidan bo`lgan Keyt 2001 yilda Shotlandiyaning Sent-Endryus universitetida tanishganlar. Birinchi kursning o`zida Keyt va Uilyam do`stlashib qoladi. Keyt uchun avvaliga shahzoda bilan “do`st” bo`lish juda qiyin kechdi, chunki u Uilyam bilan uchrashgan chog`ida xijolat chekardi. Ammo bu holat asta-sekin o`tib ketdi. Bundan tashqari, Keyt shahzodani o`qishni tashlash fikridan qaytardi. 2004 yildan boshlab ularning munosabatlari haqida matbuotda birgalikdagi suratlari chop etilganidan so`ng muhokama boshlandi. Lekin ularning munosabatlari ko`ngildagidek emasdi: ular ba`zan urishib, arazlashib qolishar, keyinroq esa yarashib olishardi. Nima bo`lganda ham chin muhabbat g`alaba qozondi: 2010 yilning noyabr oyida Uilyam va Keyt rasmiy ravishda o`zlarining unashtiruvlari haqida ma`lum qilishdi. 2011 yilning aprel oyida Vestminster abbatligida ularning nikoh marosimlari o`tkazildi va bunday baxtli kunni millionlab odamlar dunyo bo`ylab jonli efirda kuzatishdi.

Letisiya — Ispaniya qirolichasi 

Ispaniya qirolichasi Letisiyaning otasi jurnalist va onasi hamshira bo`lib ishlagan va u bolaligidayoq kelajakda jurnalistlik sohasida faoliyat yuritishni rejalashtirgan. Shahzoda Felipeni uchratishdan avval, u turmushidan ajragan va o`sha vaqtda taniqli muxbirga aylangan edi.  Asturiy shahzodasi bilan Letisiya Galisiyada xabarlar tayyorlash vaqtida tasodifan tanishib qoladi. Letisiya avvaliga Felipe bilan uchrashuvga rozilik bermagan va shahzoda sabr bilan kutishga majbur bo`lgan. Natijada 2003 yilda dunyo bo`ylab taxminan 1,5 milliard tomoshabinni ekran oldiga jamlagan to`y bo`lib o`tgan.

Sharlen — Monako knyaginyasi

Suzish bilan shug`ullanish nafaqat sportdagi baland cho`qqilarga, balki qasrga ham eltishi mumkin ekan. Ana shunday holat professional suzish bilan shug`ullanuvchi Sharlen Uittstok va Alber II o`rtasida yuz berdi. Ularning birinchi uchrashuvi 2000 yilda Monakoda o`tkazilgan sport bellashuvda, ikkinchisi esa 6 yil o`tib, Turin shahridagi musobaqada sodir bo`lgan. Shundan so`ng, matbuotda ularning birgalikda tushgan fotosuratlari paydo bo`la boshlagan. Ammo ular munosabatlarini 2011 yilda rasman ro`yxatdan o`tkazishgan.

Meri — Daniya malikasi

O`qituvchilar farzandi bo`lmish Meri hamda shahzoda Frederikni ham sport birlashtirgan. Ular 2000 yilda Olimpiya o`yinlari vaqtida Sidney shahridagi mayxonalarning birida tanishishgan. U erga shahzoda o`z do`stlari bilan dam olgani keladi va sohibjamol Merini uchratib qoladi. Shunisi qiziqki, bo`lajak qirol Meriga o`zini Fred deb tanishtiradi va aslida kim ekanligini undan yashiradi. Lekin Meri u bilan ketishga shoshilmaydi: 2001 yilning boshida u Parijga ingliz tili o`qituvchisi bo`lib keladi va keyinchalik Daniyaga ko`chadi. Ammo Meri Elizabet Daniya malikasi bo`lishi uchun shahzodaning ota-onasi qo`ygan bir qancha shartlarini bajarishi, jumladan, Avstraliya fuqaroligidan voz kechishi, presviterian cherkovidan Daniyaning lyuteran cherkoviga o`tishi, datchani mukammal o`rganishi va kelajakda eridan ajrashadigan bo`lsa, farzandlaridan voz kechishiga rozilik berishi lozim bo`lgan.

Sara — Bruney malikasi 

Uilyam va Keyt kabi Bruney taxt vorisi ham o`zining sevgilisini bilim maskanida uchratib qolgan – ilk marotaba shahzoda uni maktab davrida ko`rib qolgan. Ularning tanishishiga Saraning maktabdagi dugonasining turmush o`rtog`i sabab bo`ladi. U shahzodaga “mening rafiqamning chiroyli dugonasi bor” deb, Sarani unga tanishtirgan. Sarani ko`rish uchun esa shahzoda maktabga maxsus tashrif uyushtirgan. O`sha vaqtda Sara dengiz biologiyasi bilan jiddiy shug`ullanishni rejalashtirgan edi, lekin taqdir unga o`zgacha, kutilmagan sovg`ani tayyorlaydi. Shunday qilib, 17 yoshli Sara 30 yoshli Bruney shahzodasi Al-Muxtadi Billa Bolkiaxga turmushga chiqadi.

Tessi — Lyuksemburg malikasi

Tessi Lyuksemburg malikasi unvonini 2009 yilda olgan, ammo shahzoda Luining qonuniy umr yo`ldoshi unvoniga esa undan avvalroq erishgan. Buning sababi quyidagicha bo`lgan: serjant Tessi Entoni va Lyuksemburg shahzodasi bilan uchrashuv Kosovoda bo`lib o`tgan. Tez orada ular farzand kutayotganliklari ma`lum bo`lgan, ammo qirollik oilasida noqonuniy farzandlar bo`lishi qat`iyan man etilgan edi. Ularning o`g`illari dunyoga kelganidan so`ng, Tessi va Lui turmush qurishgan. Buning uchun shahzoda o`zining taxtga vorislik huquqidan voz kechishiga to`g`ri kelgan va Tessi oddiygina “madam de Nassau” nomini olgan. Keyinroq esa ularning ikkinchi o`g`illari dunyoga kelgan. Va nihoyat, shahzodaning oilasi ularning nikohga rozilik bergan: 2009 yil Milliy Lyuksemburg kunida Buyuk gersog va baxtli Anri bobo o`z farzandining nikohini qonuniy deb qabul qilgan, keliniga malika va nevaralariga esa shahzodalar unvonini topshirgan.

Mette-Marit — Norvegiya malikasi

Agar haqiqiy ertaklarda tilga olingan omad haqida so`z ketsa, Mette-Marit haqida gapirib o`tmaslik katta xato bo`ladi. U oddiy jurnalist va bank xizmatchisi oilasida dunyoga kelgan. Qirollik oilasi a`zosini uchratishdan avval, u ofisiant, kiyim-kechak sotuvchisi bo`lib ishlagan, giyohvand moddalar bilan ham “tanishishga ulgurgan”, qonunbuzar-jinoyatchi inson bilan ham yashab ko`rgan va hattoki undan o`g`il farzand ko`rgan. Norvegiya shahzodasi Xokon bilan Mette-Marit 1999 yil musiqa festivalida tanishib qolgan. Ularning nikohi Mette-Maritning “qora” o`tmishi tufayli xavf ostida qolgan. Ammo Xokon “uylansam Mette-Maritga uylanaman yoki taxtdan voz kechaman” deb ultimatum qo`yganidan so`ng yaqinlari ularning to`yiga rozilik bergan. 

Raniya Al-Abdulla — Iordaniya qirolichasi

Rahbarlik lavozimiga tayinlanish to`g`risida rad javobini olgan Raniya Ummonning “Citibank”ida o`z baxtini sinab ko`rmoqchi bo`ldi va baxt amal ko`rinishida emas, balki muhabbat ko`rinishida qadam ranjida qiladi: markaziy idorada Raniya Iordaniya qirolining o`g`li Abdulloh bilan uchrashib qoladi. Shunchaki tanishuv yanada kuchli his-tuyg`uga aylanadi va oxir-oqibat to`y bilan yakunlanadi. Bunday go`zal va ajoyib 4 farzandning onasiga har doim ham shohona ko`rinish yarashadi.

Ko`rdingizmi, hayotda har doim ertakka o`rin bor, asosiysi — bunga ishonish kerak! Kim biladi deysiz, taqdir biz uchun bugun yo ertaga qanday yoqimli tuhfalarni tayyorladi ekan?

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!