Samvel Babayan: Ertaga Bahraynga qarshi jiddiy o`yin bo`ladi

15:09, 28 mart

O`zbekiston va Bahrayn o`rtasida kechadigan JCh–2018 ikkinchi saralashi so`nggi uchrashuvi oldidan o`tkazilgan matbuot anjumanida O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etdi. Bu haqda Uff.uz xabar qilmoqda. 

“Biz o`yindan o`yinga kuchayib bormoqdamiz. O`tgan o`yinni yigitlar bilan birga tahlil qilib chiqdik. O`sishda davom etmoqdamiz, deb o`ylayman. Ertaga g`alaba uchun maydonga tushamiz. Raqibni juda yaxshi o`rganib boramiz. Futbolchilarimiz maydonga chiqar ekanlar, kimga qarshi o`ynashlarini yaxshi bilishlari kerak. Bahrayn ham bundan mustasno emas. Albatta, safarda kechgan o`yinni yaxshilab ko`rib chiqqanmiz. Raqib yaxshi jamoaga ega. Ertaga jiddiy o`yin bo`ladi. Bahraynda juda kuchli murabbiy va futbolchilar bor. O`yin tashkil etishda yaxshi ishlashmoqda. Ayniqsa safar o`yinlarida Bahreyn yaxshi natija qayd etmoqda, – deydi Babayan. 

Shuningdek, Samvel Babayan terma jamoada faqatgina 15-16 futbolchidan foydalanishi haqida izoh berdi. 

“Men uchun o`yin natijasi ahamiyatliroq. Maydonga tushgan futbolchilar bu ishni uddalay olishlariga ishonaman. Kim o`ynamasin, o`z oldiga qo`yilgan vazifani bajara oladi. Terma jamoaga kelganimdan buyon besh nafar yangi futbolchi ilk bora maydonga tushdi. Albatta bu juda og`riqli savol, hatto legionerlar yordamidan ham foydalana olmayapmiz. Afsuski, ulardan foydalanish imkoniyatiga ega bo`lganimizcha yo`q. Buning uchun imkoniyat bo`lmayapti. Ularni maydonga tushirib, sinab ko`rishimiz kerak. Bugungi kunda esa aniq ishonchga ega bo`lgan futbolchilar maydonga tushmoqda”, – deya fikriga yakun yasadi terma jamoamiz bosh murabbiyi. 

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston va Bahrayn o`rtasidagi uchrashuv ertaga, soat 18:00 da boshlanadi. Mazkur bellashuv Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo`lib o`tadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!