Klipmeykerlar, kechirasiz, qachongacha ko`chirasiz?

16:21, 28 mart

Bugungi kuning eng mashhur xonandalari faoliyatini kuzatar ekanmiz, ularning har bir yangi qo`shiqqa klip suratga olayotganiga guvoh bo`lyapmiz. Kliplar shu qadar ko`payib ketganki, ularning o`ziga xos jihatini topish ham mushkul ish bo`lib qolgan. Lekin ko`plab kliplar orasidan ham xorijiy kliplarga ikki tomchi suvdek o`xshashlarini uchratish mumkin. Sezganingizdek, bugungi mavzu klipmeykerlar qaysi xorijiy klipdan “ilhomlangani” haqida. 

“BIRIDA HINDISTON, BIRIDA MISR”

  

Rayhon G`anievaning kliplaridagi rang-baranglik, diqqatni tortuvchi raqslar va syujetlar boshqa hamkasblarining ishidan ajralib turadi. Uning so`nggi kliplaridan biri “Dilimo”da ham xonanda o`ziga xoslikni saqlab qolgan. Trek yo`nalishidagi ushbu klipni tomosha qilar ekanmiz unda Rossiya estrada xonandasi Nyushaning “T gde, tam ya” qo`shig`iga ishlangan klipga o`xshashligini sezdik. Ikki klipda ham Misr manzarasi ko`rinishida raqqosalar va xonanda sho`x raqsga tushishadi. Faqat Nyushaning klipida Misrdan tashqari Hind raqslari yo`nalishini ham kuzatasiz. Klipmeyker Yodgor Nosirov bu ijod namunasida Nyushaning klipiga o`xshash kadrlarni ishlatganini ko`chirmakashlik desakda, lekin Rayhon G`anievaning murakkab harakatlarni raqqosalar bilan bab-barobar bajara olgani klipning yutug`i deyish mumkin. 

 

 

BUTUN BOShLI FILM BITTA KLIPDA!

Xonanda Lola Yo`ldosheva ham so`ngi paytlarda yangi kliplar taqdim etish borasida boshqa hamkasblaridan qolishmayapti. Xonandaning “Yaralangan qanot” qo`shig`iga “Benom mediya” studiyasi tomonidan suratga olingan klipda qizning muhabbatda aldangani, otasi undan voz kechgani kabi voqealar asosida bir qizining ayanchli taqdiri ko`rsatib berilgan. Tabiiyki, bu tomoshabinni ta`sirlantiradi. Ammo undagi voqealar turk kino ijodkorlari tomonidan suratga olingan “Suv va olov” filmidagi voqealar bilan juda o`xshashligini sezgan tomoshabinning hafsalasi pir bo`lishi aniq. Voqealarda qanday o`xshashlik bor deysizmi? Marhamat, tanishing: 

 

1.  Ikki ijod namunasida ham bosh rol ijrochisi nogiron bo`ladi (film oxirida qiz sog`ayib nogironlik aravachasidan turadi. Klipda esa oyog`i nogironligicha qoladi)
2.   Ularning ikkisi ham aldanib, homilador bo`lib qolishadi. 
3.  Filmda ham klipda ham qizlar yomg`ir yog`ayotganda bekatda yig`lab o`tirishadi.
4.   Ikklasida ham qizlar otasidan kechirim so`rab kelganda, ota o`z qizini kechira olmaydi... 

 

Klipda plagiatlikka yo`l qo`yilgan bo`lsada, butun boshli film voqealarini to`rt daqiqali klip voqealariga sig`dira olish ham aslida mahorat. Dialoglarsiz, faqat holatlar bilan  dardni ko`rsatib bera olgan aktyorlarimizga qoyil qolmay ilojimiz yo`q. 

 

“DO`LANA” VA “GQ” KLIPI EGIZAKMI?

Hojiakbar Haydarovning “Do`lana” qo`shig`iga ishlangan klip ham bizga juda tanish tuyuldi. Bilsak, xonandaning bu klipi Rossiya estrada xonandasi Timatining “GQ” qo`shig`iga ishlangan klip bilan bir xil ekan. Masalan, xonandaning xatti-harakati, klipda rol ijro etgan artistlarining raqs va harakatlari ham bir tomchi suvdek o`xshash. Eng qizig`i, klipmeyker Shuhrat Mavlonov hatto rekvizitlarni ham o`xshashini ishlatgan. Masalan, ikki klipda ham gramofonlarni ko`rish mumkin.

   

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!