Toshkent shahar hokimi poytaxtda tramvaylar olib tashlanishi masalasiga oydinlik kiritdi

20:49, 28 mart

Toshkent shahrida avtomobil yo`llari va ko`priklar qurilishi, tramvay yo`llarining demontaj qilinishi borasidagi ishlarning mazmun mohiyatiga bag`ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov poytaxtdagi transport vositalari oqimining tezkorlik bilan oshib borishi yo`l-kommunikasiya tarmoqlarida muayyan o`zgarishlar qilish zaruratini keltirib chiqarayotganini ta`kidladi.

Mutasaddilarning bu boradagi o`rganish natijalari tahlil qilinib, shaharning Muqimiy, “Samarqand darvoza”, “Mehrjon-Sayxun”, Aliev, “Temiryo`lchilar”, “Kichik halqa yo`li”, “Beltepa”, “Shifokorlar”, “Katta halqa yo`li”, Farhod-To`qimachi, Mannon Uyg`ur – Beshqayrag`och, Lutfiy, “Katta hirmontepa”, Qamarniso, Farobiy, “Ohangaron yo`li”, “Qorasuv”, “Farg`ona yo`li”, “Yangi qo`yliq”, “Qushbegi” va “Bunyodkor” ko`chalari bo`ylab o`tgan jami 87,8 kilometr uzunlikdagi tramvay yo`lini demontaj qilinishi haqidagi qarorga kelingan.

Hokimning ta`kidlashicha, Shota Rustaveli hamda Muqimiy ko`chasi chorrahasida transport vositalari harakati soatiga 11500 ta mashinani tashkil etadi, ya`ni oqim mavjud quvvatga nisbatan 191 foizga teng, bu esa deyarli 2 barobar ko`p degani, “Bunyodkor” va Muqimiy ko`chalari kesishuvida transport harakati moslangan quvvatga nisbatan 141 foizni, “Nurafshon” ko`chasining Oqtepa maydoniga ulanishi ko`zda tutilayotgan qismida esa 131 foizni tashkil etadi. Shularni inobatga olgan holda yuqorida keltirilgan tramvay liniyalari olib tashlanadi hamda buning evaziga yo`llarning o`tkazuvchanlik qobiliyati oshadi. 

Aynan tramvayda qatnaydigan aholini inobatga olgan holda esa ushbu transport o`rniga “Massiv Beshqayrag`och” – “metro Beruniy” yo`nalishida qatnaydigan 10 dona t12-sonli avtobus, “Massiv Qo`yliq-4 – “Toshkent vokzali” oralig`ida qatnaydigan 11 dona t26-sonli avtobus, “Massiv Chilonzor 25-kv” - Toshkent vokzali” (t9-sonli), “Qo`yliq markazi” – “Toshkent vokzali” (t13-sonli)yo`nalishlarida qatnaydigan har bir yo`nalish uchun 18 donadan, “Massiv Beshqayrag`och” – “Oqtepa maydoni” (t8-sonli) 10 dona hamda “Massiv Beshqayrag`och” – “Chilonzor buyum bozori”ni bog`laydigan t17-sonli 13 dona, jami 80 dona avtobuslarni yo`lga qo`yish ko`zda tutilgan.

Mazkur avtobuslarning vaqt oralig`i tramvaynikidan ancha tez bo`lib, bu aholiga etarlicha qulaylik yaratadi, deya ta`kidladi Usmonbekov.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!