AQSh: Kapitoliyda otishma sodir bo`ldi

10:09, 29 mart

Vashington shahridagi Kapitoliy tepaligi ustida joylashgan AQSh kongressiga tashrif buyuruvchilar binosi markazida otishma sodir bo`ldi. 

Polisiya xodimi binoga kirayotgan erkakni tekshiruvdan o`tkazayotganda, uning yonidan qurol topgan. Erkak qurolni polisiyachiga o`qtalib, o`t ochgan, polisiyachilardan yana biri erkakka qarata o`q otib, uni yarador qilgan. Tibbiyot xodimlari erkakka tibbiy yordam ko`rsatgach, polisiya uni qo`lga olgan, deb xabar berdi “Euronews” nashri. 

Kapitoliy binosi xavfsizlik nuqtai nazaridan hozircha yopiq. Kongress a`zolari mehnat ta`tilida bo`lishsa ham, Vashingtonda hozir sayyohlar juda ko`p. Xavfsizlik qo`mitasi xodimlari Kongressning qolgan xodimlariga binodan chiqmaslikni tayinlab, tashqaridagilarga esa xavfsiz joylarga yashirinishni buyurgan. Oq uyda ham xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Kapitoliy polisiyasi boshlig`i Met Verderosning ma`lumot berishicha, binoda ro`y bergan bu otishmaning teraktga umuman aloqasi yo`q. Otishmani jinoyatchi amalga oshirgan. Uning aytishicha, jinoyatchi ilgari ham Kapitoliy hududida tez-tez paydo bo`lib turgan, bu terakt emas, balki jinoiy qonunbuzarlik.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!