Toshkentda yangi xalqa yo`li vujudga keladi

10:57, 29 mart

28 mart kuni Toshkent shahar hokim Rahmonbek Usmonov Toshkent shahrida avtomobil yo`llari va ko`priklar qurilishi, tramvay yo`llarining demontaj qilinishi borasidagi ishlarning mazmun mohiyatiga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazdi.

Tadbirda shahar hokimi poytaxtdagi transport vositalari oqimining shiddat bilan oshib borishi yo`l-kommunikasiya tarmoqlarida muayyan o`zgarishlar qilish zaruratini keltirib chiqarayotganini ta`kidladi.

Hokim ko`chalarda avtomobil oqimining engillashuviga erishish ko`zda tutilayotgan bir qator ishlar to`g`risida ma`lumot berdi. Jumladan “Nurafshon” ko`chasining Beruniy ko`chasidan Sh. Rashidov ko`chasigacha qismidan foydalangan holda aylanma yo`l yuzaga kelishi natijasida markaziy ko`chalarda holat engillashishi, shu maqsadda “Nurafshon” va Beruniy ko`chalari chorrahasidan Oqtepa maydonigacha 3,8 kilometrlik yo`l qurilish rejalashtirilganini aytib o`tdi. 

“Nurafshon” ko`chasidan “Oqtepa maydoni” orqali Muqimiy ko`chasiga chiqilishi inobatga olinsa, mavjud transport harakati sxemasiga o`zgartirish kiritiladi. Ya`ni “Nurafshon” ko`chasining  mavjud harakat oqimi “Oqtepa maydoni”da soatiga 4 mingta mashinaga ortib, mavjud ko`prikka ortiqcha bosim yuzaga keltiradi, shu sababli bu ko`chada ko`prik (estakada) qurilishi lozim.

Shaharning “Nukus” ko`chasi Sh. Rustaveli ko`chasidan Bobur ko`chasigacha 1 kilometrga uzaytiriladi. Beruniy ko`chasidan Sharof Rashidov ko`chasigacha, “Nurafshon” ko`chasining Beruniy ko`chasidan Oqtepa maydonigacha uzaytirilishi, Muqimiy, Nukus, Qodiriy, Sh.Rashidov-Nurafshon ko`chalari davom ettirilishi orqali Toshkent shahrida yangi transport xalqa yo`li vujudga keladi.

Shaharning markaziy ko`chalaridagi tirbandlikni oldini olish maqsadida “Taraqqiyot” ko`chasi ham uzaytiriladi, Parkent ko`chasidagi katta harakat oqimidan kelib chiqib, “Oltintepa” ko`chasidan “Katta xalqa yo`ligacha” rekonstruksiya qilinadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!