Ayollarning munosabatlarga putur etkazuvchi 4 nayrangi

14:17, 29 mart

Ba`zi bir ayollar erkaklar bilan ochiq va samimiy gaplashish kerak deb hisoblaydi. Ba`zilar esa ko`zlangan maqsadga erishish uchun makr-hiyladan foydalanishni afzal ko`rishadi. Psixologlar bunday nayranglar nimalarga olib kelishi haqida o`z fikrlarini aytishdi.

“Aybdorlik hissi”

Ko`rinishi: osilgan lab-lunj, yolg`on ko`z yoshlar, qovoq-tumshuq, gapga javob bermaslik, “Ko`rdingizmi, men qanday baxtsizman, hammasiga siz aybdorsiz!” degan o`kinch to`la nigohlar.

Bu fikrning nimasi noto`g`ri: Kichkintoy qizaloqni birga o`ynayotgan bolakay xafa qilib qo`ydi. Qizcha nima qilishini bilmay, (chin dilidan) yig`lab yubordi! E`tibor bering, u rostdan yig`ladi. Bolakay unga bir muddat tikilib turdi-da, rangi-quti o`chib, eshikni qarsillatib yopgancha, ko`chaga chiqib ketdi..  “Ketsang, ketaver...” deb o`yladi qizcha va birdan yig`idan to`xtadi. Keyinchalik ma`lum bo`lishicha, bola ko`z yoshi to`kayotgan ayolni ko`rsa, g`azabga minishi aniq bo`ldi, chunki uning oilasidagi ayollar barcha muammolarini yolg`on ko`z yoshlar orqali hal etishgan.

Mana sizga “Aybdorlik hissi”ni uyg`otmoqchi bo`lgan odamingizning javobi, oradan ancha muddat o`tishiga qaramay, samimiy ko`z yoshlar ham nayrang bo`lib tuyulaveradi.

Ko`z yoshlar asrlar davomida ayollarning qudratli quroli bo`lib kelgan, chunki erkaklar hukmronlik qilgan zamonlarda ayollar maqsadlariga erishish uchun undan unumli foydalanishgan, ularning boshqa ilojlari ham bo`lmagan. Ayollar o`z o`y-fikrlarini ochiq aytish imkonidan mahrum bo`lishgan. Ammo siz bilan biz hozir umuman boshqa, osmonda kosmik kemalar parvoz qilayotgan davrda yashayapmiz, erkaklar bilan gaplashganda ojizaligimizni ko`rsatmay, qaram, mute inson sifatida muloqat qilishni to`xtatish lozim.

“Raqobat hissi”

Ko`rinishi: “Malikaga eri 8 martga atirguldan yasalgan chiroyli guldasta bilan brilliant ko`zli uzuk sovg`a qilibdi. Ko`rdingizmi, boshqa erkaklar xotiniga qanaqa qimmatbaho sovg`alar hadya qilishadi? Siz bo`lsa...”

Bu fikrning nimasi noto`g`ri: Tasavvur qiling, tug`ruqdan keyin olti oy muddat o`tdi. Farzandingizning tishi chiqayotganidan injiqlanib, kechasi bilan uxlamadi. Ozgina bo`lsa ham mizg`ib olishni orzu qilyapsiz. Tashqi qiyofangizga qaramay qo`yganingizdan ko`zguga boqishni ham istamaysiz. Xuddi shu payt eringiz ishdan kelib, “Kecha Malikani ko`rgandim, uchinchi farzandini tuqqan bo`lsa ham, yosh qizlarday ko`rinadi” deb, siz tomonga ijirg`anib nazar tashlasa, nima deb o`ylagan bo`lardingiz? “Voy, erim qanday ajoyib odam! Qo`limga ko`zgu tutganday, barcha kamchiliklarimni ko`rsatib qo`ydi. Ertaga erta turib, tongda bolamni aravachaga solib, aravacha bilan birga yuguraman!” degan xayolga borarmidingiz? Shunday ekan, erkaklar ham boshqa sayyoradan kelgan jonzot emas, o`zimizga o`xshagan inson ekanligini unutmang.       

“Qo`rqitish”

Ko`rinishi: “Agar aytganimni qilmasangiz, ovqat pishirmayman, kir yuvmayman, sizni yomon ko`rib qolaman” yoki “aytganimni qilmasangiz, o`zingizga yomon bo`ladi” degan fikrni uqtirish.

Bu fikrning nimasi noto`g`ri: Psixolog Eva Finkelshteyn buni quyidagicha izohlaydi: agar omadingiz kelsa, erkak bir necha marotaba talablaringizni bajaradi, sizning esa bundan o`zingizga nisbatan ishonchingiz ortadi, ammo eringizga nisbatan bosim o`tkazishingiz, uning g`azabini keltiradi, xafa bo`ladi. Sizga javoban u ham talab qo`ya boshlaydi, sizdan uzoqlashib, loqayd va passiv bo`lib qoladi. Uning bu qilig`ini ko`rib yana elka qisib, “nima uchun boshqalarning eri risoladagiday er-u, menikiga hamma narsa baribir”, deb o`ylab qolasiz va ro`zg`orning barcha tashvishi o`z-o`zidan sizning elkangizga ortiladi.

“Majburiyat hissi”

Ko`rinishi: “Haqiqiy erkak mana bunaqa bo`lishi kerak...”, “Agar meni haqiqatan ham sevsangiz, mana bu ishni bajarishingiz lozim...” va hokazo talablar.

Bu fikrning nimasi noto`g`ri:  Psixologlarning ma`lumot berishicha, munosabatlarda boshqalarning ro`yixush bermasligidan qo`rqish keng tarqalgan qo`rquvlardan biridir. Shuning uchun o`z xohish va istaklarini yashirishni istagan ayollar, bu narsa ularning shaxsiy talabi emas, go`yoki samodan yuborilgan buyruq sifatida “Haqiqiy erkak mana bunday bo`lishi kerak...” deb o`z istaklari ortiga berkinishadi. Agar siz eringizga shunday munosabatda bo`ladigan bo`lsangiz, qizingiz ham bo`lajak turmush o`rtog`iga xuddi shunday munosabatda bo`lib, bu zanjir asrlar davomida uzluksiz davom etishi mumkin. Keling, yaxshisi bu abadiy davom etadigan an`anani buzib, qizlarimizga his-tuyg`ularini ochiq ifodalashni, o`z xohish-istaklaridan qo`rqmaslikni o`rgataylik!

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!