10:14, 30 mart

29 mart kuni kunning birinchi yarmida dunyoning barcha OAVlari Misrning  EgyptAir aviakompaniyasining A320 layneri qo`lga olingani haqidagi xabarni muhokama qildi. Dramatik tarzda boshlangan voqealar bora-bora romantik sarguzashtga aylangan bo`lsa, asta-sekin komediyaga aylanib ketdi. “Lenta.ru” nashri samolyotni kim qo`lga olgani, voqelar qanday tus olganiga aniqlik kiritdi.

Voqealar qanday boshlangani yodingizdami?

Samolyotning qo`lga olingani haqidagi xabar Moskva vaqti bilan soat 10 da paydo bo`ldi. Qohira – Iskandriya reysi bo`ylab parvozni amalga oshirayotgan A320 avialayneri manzil yo`nalishini o`zgartirib, Kipr tomon parvoz qiladi va Larnak shahar aeroportiga qo`nadi. Isroilning qiruvchi samolyotlari har ehtimolga qarshi samoga ko`tariladi.

Samolyotni bir necha odam qo`lga olgani, birozdan keyin u yolg`iz ekanligi, yana birozdan keyin ular bir necha qurollangan odamdan iborat ekanligi haqida so`z yuritildi. Nihoyat, samolyotni qurollanmagan, ammo talablari bajarilmasa portlatish bilan tahdid qilayotgan hudkush-terrorchi  qo`lga olgani haqida xabarlar paydo bo`ldi.

Aynan shu lahzalarda EgyptAir aviakompaniyasining sayti qiziquvchilarning tashrifidan larzaga keldi, ammo bu uzoqqa cho`zilmadi. Kompaniya samolyot bortidagi yo`lovchilar sonini aniqlay olmadi, avvaliga ular 82 nafar deyilgan bo`lsa, keyin 55 nafar, birozdan so`ng esa 81 kishi deb ko`rsatildi. Nihoyat kompaniya yo`lovchilar sonini aniqlashni bir chekkaga yig`ishtirib qo`yib, voqealar echimini kutishga qaror qildi. Ammo samolyotda 26 nafar chet ellik fuqarolar — 8 ta amerikalik, 4 ta britaniyalik, 4 ta niderlandiyalik, 2 ta belgiyalik, 2 ta grek, fransiyalik, italiyalik, suriyalik fuqarolar borligi ma`lum bo`ldi. Qolgan uch yo`lovchining qaysi mamlakat fuqarosi ekanligini aniqlashning imkoni bo`lmadi.

Bu boshqa professor

Terrorchining shaxsini aniqlashda ham ba`zi bir muammolar vujudga keldi. Egypt Air aviakompaniyasi yo`lovchilar ro`yxatini o`rganib chiqib, samolyotni 28 yoshli, liviyalik deb taxmin qilingan AQSh fuqarosi, Jorjiya shtatidagi Atlanta universitetida tibbiyot sohasini o`rganayotgan Ibrohim Samoh qo`lga olgan degan qarorga kelishdi. Birozdan keyin samolyotni Misr fuqarosi, veterinariya fanidan dars beruvchi 50 yoshli Iskandriya universiteti professori olib qochgan degan yangi taxmin paydo bo`ldi.

Bu taxminning umri ham uzoqqa cho`zilmadi. Jinoyatchi garovga olinganlarni qo`yib yuborganda, ularning orasida aybsiz aybdor, terrorchilar ro`yxatiga tirkalgan  Ibrohim Somah ham borligini ko`rib, hamma hayratdan elka qisdi. Misr Tashqi ishlar vazirligi tezkorlik bilan veterinardan uzr so`rab, jinoyatchilikka yangi nomzodni e`lon qilib yubordi. Endi bu safar jinoyatchining ismi-sharifi Sayfuddin Mustafoga, birozdan keyin Seldim Eldim Mustafoga va nihoyat Seyf al-Din Mustafoga aylandi. Misr hukumatining bergan so`nggi ma`lumotiga ko`ra u Iskandariya universiteti emas, balki Qohira universitetida tarix fanidan saboq beruvchi professor ekanligi aniqlangan. Jinoyatchining Misr armiyasi harbiy xizmatchisi ekanligi haqidagi xabar media shov-shuvlar orasida hech kimning diqqatini jalb etishga ulgurmadi.

Voqealar kutilmagan burilish oldi!

Mustafo bilan muzokara olib borayotgan hukumat vakillari uning nima uchun samolyotni olib qochganligini aniqlashga kirishdilar. Professor bir muddat jim qoldi va to`satdan orolda yashovchi sobiq rafiqasi Marina Parasxuga yozadigan maktubini etkazishni, siyosiy boshpana berishni talab qildi. Kipr maxsus xizmati vakillari uning xatini etkazgandan ko`ra rafiqasini tezroq uning oldiga olib kelishga qaror qilishib, zudlik bilan Mustafoning sobiq rafiqasini izlab topishdi. Mustafo hijjalab xatini yozib tugatishidan 15 daqiqa oldin Marina aeroportga kirib keldi.

Dahshat bilan boshlangan voqea melodramaga aylanib ketdi. Bir muddat oldin samolyot bortidagi yo`lovchilarning sog`-omon qolishini Yaratgandan iltijo qilib so`rayotgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari endi Mustafoning sobiq rafiqasi bilan yarashishini so`rab, iltijo qila boshlashdi. Mustafo unga sovg`a sifatida gul emas, borti yo`lovchilar bilan to`la butun boshli samolyotni olib kelgandi. Bu lahzalarda Qohira va Larnak aeroporti tezkor shtabidagilar engil nafas olishdi. Misr Tashqi ishlar vaziri “U terrorchi emas, telba! Terrorchilar ham aqldan ozgan odamlar, ammo ular bu darajda axmoq emas!” dedi. Kipr bosh vaziri Mustafo haqida berilgan savollarga “Bu erda terrorning aloqasi yo`q, hamma gap ayollarda” deb qo`l silkidi. Bu romantik sarguzashtda bir savol javobsiz qoldi. Nega Mustafo Larnakka qo`nishdan oldin uchuvchidan Istambulga uchishni talab qila turib, yonilg`i kamligini eshitib, Larnakka qo`nishiga ko`ndi? Yo sobiq rafiqasiga Larnakdan pahlava sotib olmoqchi bo`ldimi?  

Istanbul yoki hujum

Muzokara besh soatdan beri davom etar, Marina Parasxu sobiq eri bilan suhbatlashardi, atrofni qurshab olgan polisiyachilar bekorchilikdan esnay boshlashdi, ammo professor Mustafo nima xohlayotganini hali ham aniqlay olmagandi. Uning otashin his-tuyg`ulari uchun endi siyosiy boshpana berilmasligi kunday ravshan edi. Ishi o`ngidan kelmagan er bilan ekipajning 4 a`zosi va 3 nafar chet ellik yo`lovchilar bir necha soat ovora bo`lishdi. Uzoq o`ylanishlardan keyin Mustafo yangi “Misr qamoqxonasida hibsda saqlanayotgan ayollarni qo`yib yuborish, keyin samolyotga yonilg`i quyib, Istambulga uchib ketish” talabini qo`ydi. Mustafoning bunday telba-teskari talablaridan joni xiqoldog`iga kelgan Kipr maxsus xizmati xodimlari uning beliga bog`langan o`lim kamari haqiqiy emasligiga yuz  foiz ishonch hosil qilishdi va uning talablarini rad etib, hujum qilishga qaror qilishdi.

Mustafoning o`zi bu o`yindan charchab, asabi dosh bermay, samolyotdan qo`l ko`tarib chiqdi va taslim bo`ldi. Samolyot yo`lovchilari esa Mustafo bilan selfiga tushishdi. Uning belidagi o`lim kamari ham haqiqatan soxta bo`lib, mobil telefonlarning g`iloflaridan yasalgan ekan. Seshanba kuni kechga borib, Misr maxsus xizmati Mustafoning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo`ldi. Uning to`liq ismi sharifi — Seyfaddin Mustafo Muhammad Imom bo`lib, u 1957 yilda Xeluan viloyatida tug`ilgan. Bir necha marotaba firibgarlik, o`g`irlik, soxta hujjatlar tayyorlash, giyohvandlik moddalari sotish jinoyatlarini sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxsligi, professorlikka aloqasi yo`qligi ma`lum bo`ldi. Ammo badbaxt avialaynerda nechta yo`lovchi bo`lganligi haligacha noma`lumligicha qolaverdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!