Or-nomusni pulga sotganlar qismati

15:30, 30 mart

Toshga aylangan qizlar haqidagi afsonani hammamiz eshitganmiz. Rivoyat qilishlaricha, qadimda bir o`lkaga dushman bostirib kiribdi. Ular gullab-yashnagan bu yurtni kultepaga aylantirishibdi. Shu erlik qizlar tiriklayin dushman qo`liga tushsak, nomusimizni toptaydi, yuzi qora bo`lgandan ko`ra, o`lganimiz ma`qul, bizlarni toshga aylantir deb Yaratganga iltijo qilishibdi. Ularning ohu-faryodi, iltijolari ko`kka etibdi. Or-nomusini hamma narsadan ustun qo`ygan qizlar toshga aylanishibdi. Ammo hozirgi paytda pul topish ilinjida hech nimadan qaytmaydigan ayollarni ko`rib, g`ururini, nomusini asraydigan zaifalar o`tmishda qolganmi degan xayolga borasan kishi.    

Sirdaryolik Sarvinoz (ism-shariflar o`zgartirilgan) barcha ayollar singari chiroyli kiyinishni, yaxshi yashashni orzu qilardi, biroq uning niyatlarini amalga oshirish uchun pul zarur edi. U qo`lida tayinli hunari bo`lmaganidan boshini qaerga urishni bilmasdi. Shunday kunlarning birida qo`shnisi, Rossiyaga borib ishlab kelgan Oynisa joniga oro kirdi. Oynisa pul topish maqsadida Rossiyada ko`rsatgan “qahramonlik”lari haqida og`iz ko`pirtirib gapirganida, Sarvinozning havasi kelib, ko`ngli sust ketdi. Oynisa unga “Rossiyaga borib fohishalik bilan shug`ullansang, yaxshigina pul topishing mumkin” dedi. Sarvinozni xarom yo`l bilan pul topish zarracha hayratga solmadi. U qaysi yo`l bilan bo`lsa-da, faqat pul topsam bo`ldi deb o`yladi.

– Agar yana Rossiyaga boradigan bo`lsangiz meni ham olib keting, hamma shartlaringizga roziman, pul ishlasam bo`ldi, – dedi Sarvinoz Oynisaga.

Uning gaplaridan Oynisa quvonib ketdi. Axir birorta qizni ergashtirib borsa, tanishi “Tanya” xursand bo`ladi, evaziga mukofot puli ham beradi.

– Mayli, o`zi qaytish uchun bilet olmoqchi bo`lib turgandim, seni birga olib ketaman. Hoynahoy, biletga puling bo`lmasa kerak, ikkalamiz uchun biletni o`zim olaman. Borgandan keyin ishlab pul topsang, surishib ketarmiz, – dedi Oynisa.

Shunday qilib, qizlar samolyotda Rossiyaning Tolyatti shahriga uchishdi. Ularni “Tanya” kutib olib, ijara uyga joylashtirdi. Bir-ikki kunlik damdan keyin Oynisa bilan Sarvinoz “xizmat faoliyat”larini boshlab yuborishdi. Har kuni erta tongdan “Tanya” qo`ng`iroq qilar, ular yuvinib-taranib, maxsus yollangan taksida shahar chetida joylashgan saunalardan biriga yo`l olishardi. Saunada ular “massajchi” niqobi ostida bir kunda ikki-uchtadan mijoz qabul qilishardi. Iflos yo`l bilan topilgan pullar esa sauna egasi, “Tanya” va qizlarning o`rtasida taqsimlanib, hamma o`z ulushini olardi. Sauna qo`riqchilari to ish kuni tugamaguncha qizlarning ketishiga yo`l qo`yishmasdi. Shu tariqa oradan ikki oycha vaqt o`tgach, bir-ikki so`m pul topgan Sarvinoz uyga qaytdi. 

Oradan kunlar o`tdi. O`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas deganlariday, u  eski ishini qo`msab qoldi. Sarvinozning yana Rossiyaga otlanganini ko`rgan singlisi Marjona ham unga ergashdi. Sarvinoz singlisiga u erda nima ish bilan shug`ullanganini oqizmay-tomizmay aytib berib, “Senga bu ish to`g`ri kelmaydi” dedi, ammo Marjona boraman deb oyoq tirab olgach, o`zi bilan olib ketishdan bo`lak iloji qolmadi. Ishning hadisini olgan Sarvinoz bu safar “Tanya”ning oldiga borishni istamadi. Chunki “Tanya” rahm-shafqatsiz ayol bo`lib, ularga bir kun ham dam bermay, ko`proq pul ishlashga majbur qilardi. Saunada “ishlab” yurganida Sabina ismli engil tabiat qiz bilan tanishgandi. U Sabinaga qo`ng`iroq qilib, singlisi bilan borayotganligini aytdi. Ular etib kelgach, Sabina kutib olib, ijaraga uy topib berdi. Qizlar yana saunadagi eski faoliyatlarini boshlab yuborishdi. 

Marjona bu erda Oybek ismli o`zbek yigiti bilan tanishib qoldi. Oybek unga qilayotgan ishining oxiri voy bo`lishini tushuntirib, bu yo`ldan qaytishga undadi va boshqa ish topib berishga va`da berdi. Marjona unga quloq solib, saunaga bormay qo`ydi. 

Yolg`iz qolgan Sarvinoz biroz pul topgach, orqaga, uyga qaytdi. Oradan bir oylar vaqt o`tgach, unga tanishi Muazzam opa qo`ng`iroq qildi:

– Sarvinoz, sendan bir iltimosim bor edi, tanishlarim — Natasha bilan Manzura degan qizlar ish izlab yuribdi. Nihoyatda sharoitlari og`ir, agar Rossiyada tanishing bo`lsa, ularga ish topishga yordam ber. Agar istasang kechqurun kafega kel, o`tiramiz, keyin ular bilan ham tanishib olasan.

– Mayli, opa, borishga harakat qilaman, – dedi Sarvinoz.

Ular kechqurun kafeda uchrashishdi. Sarvinoz qizlardan Rossiyada nima ish bilan shug`ullanganini yashirib o`tirmadi. Hammasini gapirib berdi va gapining oxirida u erda faqatgina fohishalik qilishsagina mo`maygina pul topishlari mumkinligini ta`kidlab o`tdi. Uning gaplari pul uchun hamma narsaga tayyor qizlarni cho`chitish o`rniga battar ilhomlantirdi. 

– Hamma shartingizga rozimiz. Tanishlaringizga qo`ng`iroq qiling, bizni kutib olishsin, – dedi Natasha.

– Rossiyada “Tanya” degan tanishim bor edi. Faqat hozir u bilan aloqam uzilgan, telefon raqami ham yo`q. Oynisa degan qo`shnim bor, shundan iltimos qilib ko`raman, uning “Tanya” bilan munosabati yaxshi, qo`ng`iroq qilsa, u sizlarni kutib oladi, – dedi Sarvinoz.

Sarvinozning iltimosini “Tanya” ga etkazgan Oynisa tez kunda unga aloqaga chiqdi.

– Sarvinoz, “Tanya” bilan gaplashdim, u rozi bo`ldi. Agar yana ishlashni istovchi qizlar bo`lsa bemalol kelaverishsin dedi. Faqat internetda, odnoklassnik orqali qizlarning rasmlarini jo`natishimiz lozim. “Tanya” ularning orasidan kimni tanlasa, o`sha birinchi bo`lib ketadi, – deb xabar berdi Oynisa.

Sarvinoz uning gaplarini qizlarga etkazdi. Natasha bilan Manzura yana uchta dugonasini Rossiyaga ishlash uchun borishga ko`ndirishdi. Ularning barchasi rasmlarini internet orqali “Tanya”ga jo`natishdi. “Tanya” ularning orasidan Natasha bilan Elvira ismli qizni tanlab, “Zudlik bilan etib kelinglar”, deb buyruq berib, biletga pul jo`natdi.  Qizlar samolyotga bilet olishdi. Sarvinoz ularni aeroportgacha kuzatib qo`yish uchun tanishi Asrorni chaqirdi. Qizlar yuklari bilan Asrorning mashinasiga joylashishdi. 

Buzoqning yugurgani somonxonagacha deganlariday, ularning kirdikorlaridan xabar topgan huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari Rossiyaga borib, mo`may daromadga ega bo`lish fikri bilan band qizlarni Sirdaryo tumanidagi Yangiobod postida qo`lga olishdi. Yana bir og`ir jinoyatning oldi olindi, boshiga nima ko`rgiliklar tushishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagan, pul topish ilinjida or-nomusini sotmoqchi bo`lgan qizlarning hayoti saqlab qolindi. Sarvinoz va Oynisalar esa odam savdosi bilan shug`ullanganliklari uchun tegishli jazosini oladigan bo`lishdi.  

Lola Shoimova

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!