Toshkent shahar hokimligi “Kun.uz” nashrini fakt va raqamlarni buzib ko`rsatishda aybladi

16:17, 30 mart

Kuni kecha  yo`l transport sohasidagi yangilanishlar izohiga bag`ishlangan matbuot anjumanida keltirilgan ba`zi raqamlar, asoslarning ommaviy axborot vositalarida yo buzib, yoki  bo`rttirib ko`rsatilishiga guvoh bo`ldikki, taassufki, bu holat ushbu ommaviy axborot vositalaridan foydalanuvchilar fikrini chalg`itishga xizmat qilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Husan Ermatov ma`lum qildi. 

Bu ushbu e`lon qilinayotgan materiallarga berilayotgan sharhlar, aks sado sifatida tayyorlanayotgan chiqishlar(misol uchun,  kun.uz saytida e`lon qilingan materiallardagi chalkashliklar, ushbu saytga tayangan holda  tayyorlangan ozodlik.org materiali)da yaqqol ko`zga tashlanmoqda.

Shuning uchun mazkur matbuot anjumanida so`z yuritilgan mavzular borasida yana bir bor fikr bildirish, ba`zi o`rinlardagi chalkashliklarga barham berish maqsadida ushbu munosabat materiali e`lon qilinmoqda. 

Toshkent shahar hokimligi  mavzuga daxldor bo`lgan bir qator vazirlik va idoralar rahbarlarini taklif etgan holda katta matbuot anjumani tashkil etdi. Bundan ko`zlangan maqsad eng avvalo, poytaxt yo`llarida olib borilayotgan qurilish, tramvay yo`llarini olib tashlash hamda  qaysi ko`chalar kesishuvlarida ko`priklar barpo etilishi masalalaridagi turli chalkashliklar, asosli va asossiz taxminlar, talqinlarga chek qo`yish,  keng jamoatchilikni bu yangiliklarning mazmun va maqsadidan xabardor etish edi.

Ochig`i, poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan ko`plab ommaviy axborot vositalari – televidenie va radio, gazetalar, internet nashrlari ushbu tadbirga katta qiziqish bildirishdi.

Tadbirda eng avvalo, olib borilayotgan ishlar haqida batafsil va to`laqonli tushuntirish berildi.

Birinchidan, poytaxtda transport oqimi so`nggi yillarda qariyb bir yarim barobarga ortib, mavjud yo`llar quvvati bu oqimga bardosh berishi qiyin kechmoqda. Misol uchun,  Shota Rustavelli va Muqimiy ko`chalari kesishuvida transport qatnovi yo`l quvvatiga nisbatan 191 foiz, Bunyodkor va Muqimiy ko`chalari chorrahasida esa  141 foizni tashkil etayotgani  va boshqa nuqtalardagi o`rganishlar natijalari ham keltirib o`tildi. Bu esa tirbandlik, ortiqcha chiqim, yo`lovchi va haydovchilar xavfsizligi deganidir.  

Shu o`rinda iqtisodiy masala ham e`tiborga molik. Xadra maydonidagi yangi ko`prik transport egalarining katta miqdordagi yonilg`i  xarajatlarini ham iqtisod qilgani asoslab berildi. Masalaning yana bir muhim jihati, hozirga kelib, poytaxtning Beruniy maydonidan yo`lga chiqqan yo`lovchi ilgarigi shahar markazi orqali o`tadigan yo`ldan ikkinchi, misol uchun “Bodomzor” shartli ob`ektiga borishi uchun sarflagan 20-25 daqiqa o`rniga bugun Nurafshon ko`chasi orqali 7-8 daqiqa sarflamoqda. Demak, bu borada ishlarni davom ettirishga to`la asos bor.

Anjumanda shahar hokimi “Nurafshon” ko`chasi etib borgan Beruniy ko`chasi chorrahasidan Uyg`ur ko`chasiga va undan Chilonzor Oqtepa maydonigacha ushbu ko`chaning uzaytirilishini ma`lum qildi. Bu esa ushbu oraliqdagi bo`sh turgan maydon va ko`chalar hamda bir qator aholi xonadonlarining buzilishi hisobidan amalga oshiriladi. Uylari buzilishga tushadigan xonadon egalari o`z vaqtida bu haqida ogohlantirilgan va ularning huquqlari ta`minlanishi kafolatlangan. Ushbu yo`lning Oqtepaga tutashishi natijasida mazkur maydondagi ko`prikka yuk kattalashadi va albatta, bu  mazkur yo`l o`tkazish nuqtasida ham rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi zaruratini kun tartibiga qo`ymoqda.

Ushbu yo`lning Muqimiy ko`chasi bo`ylab davom etishi esa Shota Rustavelli ko`chasi bilan kesishuv joyidagi shundoq ham gavjumlik darajasini anchagina oshirishi hisobga olingani holda mazkur nuqtada ham yo`l o`tkazgichning barpo etilishi rejalashtirilayotganini oqlaydi. “Novza” metrosi chorrahasidagi tirbandlikka barham berish maqsadida ushbu chorrahada ham zavonaviy ko`prik barpo etilishi haqidagi ilgaridan bor gap yana bir bor tasdiqlandi. Poytaxt yo`llaridagi shu va yana bir qator qurilish va yo`llarning uzaytirilishi natijasida yangi, uchinchi xalqa yo`li paydo bo`ladi. Bu esa shahrimiz markazidagi transport harakatini anchagina maromga keltirishi kutilmoqda.

Internet nashrlari, ayniqsa xorijiy  “jonkuyar” muxbirlar zo`r berib sharhlayotgan ikkinchi masala - tramvay yo`nalishlarining yopilishi bilan bog`liq. Avvalombor, hozir poytaxtimizda jami oltita yo`nalishda tramvay qatnaydi: 13,26,8,9,17,12.

Bu katta Toshkent shahrida transport xizmati ko`rsatishning atigi 3 foizga yaqin  qismini tashkil etadi, xolos. Bir kunda tramvay yo`llari orqali o`rtacha 25 ming nafar odam tashiladi. Metro, yo`nalishli taksilarni hisobga olmagan holda, avtobuslarning kuniga 700 000 nafar yo`lovchiga xizmat ko`rsatishini e`tiborga olsak, tramvaylarning olib tashlanishi bunchalik katta shov-shuv qilish uchun ob`ekt emasligi kunday ayon bo`ladi.

Tramvay yo`llarining demontaj qilinishi eng avvalo, yo`lovchi va haydovchilar, demakki, aholi xavfsizligi, kundan-kun oshib borayotgan avtomobillar oqimini bir maromga solish uchun amalga oshirilmoqda. Kimdir bu qarorning iqtisodiy tomoniga urg`u berayotgan ekan, bu albatta yanglish fikrdir. Qolaversa, tramvay yo`llari aholining va mutaxassislarning fikri va xulosalariga tayaniladigan bo`lsak aynan yo`llarda noqulayliklar keltirayotgani faktdir.

Katta maydonni egallagani holda ularning ko`rsatayotgan xizmati salmog`i buni oqlayotgani yo`q. Mana, navbatdagi taxlilga e`tibor qiling, shahar transportida  “ekspluatasion tezlik” degan tushuncha bor. Aynan ekspluatasion tezlik ketadigan sarf-xarajatlar bilan birga, eng muhimi, yo`lovchilarning qimmatli vaqtini ham e`tibor markaziga olib chiqadi. Misol uchun, zo`r berib namuna qilinayotgan bir poytaxt shahardagi tramvayning ekspluatasion tezligi  soatiga 11-15 kilometrni tashkil etarkan. Bu esa  mazkur xizmatning nechog`li norentabelli va nooqilona ekanligini yaqqol ko`rsatib turibdi-ku.

Navbatdagi savol: Xo`sh, tramvay yo`nalishlari o`rniga qanday kompensasiya bo`ladi? Har bir yo`nalishda aynan shu yo`nalishda yuruvchi transport ekanini anglatib turishi uchun shu raqam oldiga “T” belgisi qo`yilgan avtobuslar hali tramvay yo`llari buzilishidan bir oy oldindan boshlab parallel ravishda harakatga qo`yiladi. Bir oy davomida yo`lovchilar bu xizmatni sinovdan o`tkazish va o`rganishlari uchun etarli, albatta.

Tramvay yo`llarining taqdiri nima bo`ladi? Ularning asosiy qismi o`rnida avtomobil yo`llari quriladi, ya`ni mavjud yo`llar kengaytirilib, zamonaviy va qulay yo`llarga aylantiriladi, ba`zi o`rinlarda bunga ehtiyoj bo`lmasa, obodonlashtirish ishlari olib boriladi, ya`ni yashil hududlar tashkil etiladi. Tramvay liniyalarining aksariyat qismi ta`mirga muhtoj, eng yomoni, ularni ta`mirlash ham katta mablag` talab etuvchi mashg`ulot hisoblanadi. Hatto ba`zi o`rinlarda relslarni ko`chirib olishning   “ulovi” “ tushovi”dan  qimmatga tushishi  sababli ular ustiga asfalt qoplamalari yotqizishga qaror qilinmoqda.

Ko`pchilik “jonkuyar do`stlarimiz” urg`u berayotgan tramvaylarning taqdiri haqida ikki og`iz so`z aytamiz. Avvalambor, “Toshshahartransxizmat” AK dan olingan ma`lumotlarga ko`ra, shahar tramvay parkida jami bo`lib 87 (sakson etti) ta tramvay mavjud bo`lib, ulardan 51 tasi ishga yaroqli holda. Ushbu tramvaylarning kunlik ish hajmidan kelib tushadigan daromadga nisbatan qilinayotgan xarajat ikki barobar ortiqqa tushmoqda, yanada aniqroq aytiladigan bo`lsa, bir yo`lovchiga xizmat ko`rsatish tannarxi 2 864 so`mni tashkil etayotir. Ular o`rniga avtobuslarning qo`yilishi bilan xarajatlar va daromadlar balansiga erishish, ya`ni xarajat va daromadlar hajmi tenglashishi  kutilmoqda.

Bu o`rinda qaysidir shoshqaloq muxbirning 802 ta tramvay to`g`risidagi “bitik”lari ham o`rinsiz qolmoqda.

Toshkent O`zbekistonning poytaxti, undagi qaynoq hayot jamiyatimizdagi jo`shqinlikdan darak. Kundan kun ko`lami oshib borayotgan transport oqimi esa, shubhasiz fuqarolarning farovonligi, davromadlari oshayotganidan dalolat ekanligini inkor etib bo`lmaydi. Shunday ekan, vaqti kelib, bir kuni oshig`ich qarorlar qabul qilishga do`ppi tor kelmasidan ertangi kunning tadorigini ko`rib borishning  nimasi yomon?

Poytaxt hokimligi faoliyati ushbu soha bilan bevosita va bilvosita bog`liq bo`lgan tashkilot rahbarlari ishtirokida mavzu yuzasidan tug`ilishi mumkin bo`lgan har qanday savollarga atroflicha, batafsil, xalq tili bilan aytganda, “ichikilab” tushuntirish berganiga sabab ham oddiy hamyurtlarimiz bu ishlarning mohiyatiga etsin, pirovard maqsadimiz ularga etib borsin.

Ba`zida jarchining xotirasi sustligi yoki loqaydligi, bee`tiborligi xabarni egasiga yo kechikib yoki buzilib etib borishiga sabab bo`lar ekan. Zamonamizda esa faktlarni bo`yab-bejab obro` topib bo`lmasligi kunday ayondir.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!