Yuragimda saqlaganlarim: Sovuq tomchidagi muhabbat

16:52, 30 mart

Har gal muxlislardan kelgan yangi maktublarni qo`lga olganda yuragimizda qiziqish tug`iladi. Chunki har bir xat bitta olam, bitta taqdir. Kimdir quvonchini bo`lishsa, kimdir dardini yoradi. Ba`zan nomalar yuzimizga kulgi yoysa, ayrim chog`larda ko`zlarimizni yoshlaydi. Jizzaxlik Dilorom ismli muxlisamizdan kelgan xat ham shular jumlasidan...

“Siz talabalikning oltin davrida topib olganim — javohirim edingiz. Ha, tag`in ismingiz ham Javohir. O`sha tilloga tenglasholmaydigan damlarimning yorqin xotirasi bugun zulmat qoplagan hayotimni tundagi shamdek lippillab yorityapti. Ha, xuddi shunday. Undan ortig`i emas. Chunki boshimga tushgan bu tun shu qadar qorong`i va uzunki, hali-beri hayotim quyoshi bosh ko`tarmaydigandek, hali beri tongim otib, kunlarim yorishmaydigandek...

O, o`sha talabalikning bir soniyalik baxtli oniga men bugunimni butunicha alishishga tayyorman! Ha, bugungi asrlardan uzun kunlarimni soniyaga hech ikkilanmay alishaman! 

Afsus, sizning o`sha paytdagi muhabbatingizni bugun topib bo`lmaganidek, uning izlarini ham qaytarib bo`lmaydi. Eslash mumkin! Eslab jilmayish mumkin. Shu ham hatto ayni damdagi tanamni qoplagan azobni bir zum bo`lsa-da, tarqatadi. 

Tavba, nahot bugun mening xotiradan boshqa oromim qolmadi?

Farzandlarim har doim qalbimning quvonchi, dilimning huzuri edi. Bugun ularni ham ko`rishni istamayman, ha istamayman! Nega? Bunga ham siz sababchisiz, talabaligimda topgan xazinam...

Xazinalar tugab bitishi rost ekan. Siz tugab bitdingiz. Bus-butunligingizcha, omonligingizcha, mening ko`z o`ngimda shunday holga tushdingiz...

Nega?

Hammasini eslash juda og`ir...

Qani, xotiramda faqat talabalikning o`zigina bo`lsa...

* * *

Bahorning o`ynoqi kunlari. Osmon bir “xo`mrayadi”, bir “ko`z yosh to`kadi”, bir “qah-qah otadi”. 

Ertalab amaliyot o`tash uchun tanish maktab sari yo`l olganimda quyosh charaqlab turgandi. Metroga tushib, o`n besh daqiqacha yo`l bosdimmi, yo`qmi, chiqsam, osmonning “qovog`i soliq”. 

Maktabda bor-yo`g`i bir soat bo`ldim. Bu paytda ham hali shamol bo`lsa, hali quyosh kulib rosa o`yin ko`rsatdi. Dugonam Malohat bilan kutubxonaga borishni reja qilib qo`yganim uchun ortimga shosha-pisha qaytdim. Metrodan chiqsam, havoning avzoyi butkul dabdala. 

“Avtobusga chiqsammikan... E-e-e, bir yugursam, yotoqxonaga etaman. Yo`lga sarflagan pulimga bir kilo kartoshka beradi-yu...”

O`zimcha shu o`yda katta ko`cha qolib, daraxtzor oralab yugurgiladim. Men shoshganim sari, shamol va bulutlar ham nimagadir ulgurishi lozimdek, oshiqqandek “Gumbur-gumbur, qars” qildi-yu, jala quysa deng. Shunaqa shatirlab quya boshladiki, beixtiyor yo`l o`rtasida to`xtab qoldim:

Voy, voy. Yo tavba...

Osmon xuddi bulutlarga qarshi o`t ochgandek avvaliga dahshatli guldiros yangradi, keyin chaqmoq chaqdi.

Ay-y-y, — qo`rqqanimdan qichqirib yubordim.

Yomg`irning shiddati yanada kuchaydi. Tomchilar zarbidan “chang” chiqib, atrof xiralashdi. Yuragimni vahima qopladi. Bir qadam ham bosa olmay, qoqqan qoziqdek qotdim. Mendan oldindagi yigit-qizlar ham qiyqirgancha yugurib, ko`rinmay qolishdi. 

Ularning ortidan yugurmoqchi bo`ldim. Loy aralash suvda oyog`im sirpanib, yuztuban tushishimga oz qoldi. Ortimdan kimdir chaqqonlik qilib qo`limdan tutmaganida erda shiltai shalabbo  bo`lib yotarmidim...

“Zontik” olib chiqmassiz-da! — deya baqirdi yonimdagi xaloskorim. — Ivib ketibsiz-ku! Ko`ylak ham momaqaldiroqdan qo`rqib, sizga yopishib olibdi.

Egnimga qaradim, rostdan ham yupqa ko`ylagim shalabbo bo`lib badanimga yopishib qolgandi. Uyaldim.

Yuring, qo`lingizni bering... — yigit soyabonini menga ham pana qilgancha, qo`limdan tutib, shitob bilan etakladi.

Men ham indamay ergashdim. Yigit avvaliga mening avaylab, toyib ketmaslik uchun ohista bosayotgan qadamimga qaradi, oxir bo`lmadi:

Yugurdik. Bo`lmasa, kasal bo`lasiz...

Uning qo`limni yanada qattiqroq siqqanini sezdim. Shu bilan meni sudragudek bo`lib yugura ketdi. Yotoqxonalarning qorasi ko`rinib, asfalt yo`lga chiqdik. 

Siz qaysi tomonga? — to`xtadi u.

Yuziga qarashga uyalganim uchun erga qarab turaverdim. Chunki tanamga chippa yopishgani ko`ylagimning liboslik holi qolmagandi. 

Qaysi yotoqxonada turasiz? Mang, yuguring! — qo`limga soyabonini tutqazdi.

Shunda uning yuziga qaradim. Qoshlari qop-qora, qo`zlari chaqnoq yigit ekan. Holimdan battar uyalib ketdim. Sovqotib, titrashga ham tusha boshlayapman. Xudoyim shunaqa ahvolda ham kelishgan yigit bilan uchrashtiradimi?

Rahmat! Ketaveraman! — dedim yotoqxonam tomon qadam tashlab.

Oling, kasal bo`lasiz! — qo`limga tutqazib qo`ydi soyabonini.

Men ivib bo`ldim, siz ivimang.

Obbo! Yugursangiz-chi? — yigitning bir zumda sochlari ho`l bo`lib, yuziga suv tomchilay boshladi. Hatto qora, qalin qoshlaridan ham suv sizardi. _

Ivib bo`ldingiz... — dedim soyabonni unga yaqinlashtirib.

U jilmaydi. Shunda kulgichi borligini ko`rdim. Yana suvdan sochlari ham jingalak tortgandi. 

“Chiroyli yigit ekan”, xayolimdan o`tkazdim va shoshib dedim:

Ushlang, men ketdim. Katta rahmat!

Yuguring dedim sizga! Qaysi yotoqxonada turasiz? Qo`rqmang, keyin o`zim borib olaman, “zontik”ni. Sovqotdingiz. Lablaringiz, ko`kardi. Choping...

Erga kirgudek bo`ldim. Ortiq uning yonida shu ahvolda turishga yuzim chidamadi. 

Rahmat, — dedim-u soyabon bilan o`z yotoqxonam tomon qadam tashladim.

Qaysi yotoqxonada turasiz, dedim?

Men yotoqxonamni va xonamning raqamini aytdim.

Kim deb so`ray?

Etim junjikib, tilim ham yaxshi aylanmay qoldi. Dir-dir titrayotganimdan tutilib dedim:

Dil... orom...

Yigit yana jilmaydi va baqirdi:

Yuguring!

Uning buyrug`iga bo`ysundim...

* * *

— Dil!

Avvaliga jilmayardim. Chunki uning tashrifi qalbimga quvonch berardi.

Dil!

Atay jim turardim.

Dil!

Keyingi so`zni aytmaguncha ovoz bermasdim.

Orom!

Orom, dedim!

Ana shundan keyingina derazadan boshimni chiqarardim.

O`ldiraman, nega indamaysiz? — derdi u chiroyli kulgichlarini jo`rtaga ko`z-ko`z qilayotgandek jilmayib.

Mening ismim Dilorom! — derdim arazalagan kishi ko`rsatib o`zimni.

Boshida unaqa demagansiz! Pastga tushing!

Boshda sovqotganim uchun tutilib ayta olmaganman.

Menam sovqotyapman, shunga shunaqa chiqyapti, ismingiz...

Kun issiq-ku!

Siz yonimda bo`lmasangiz sovuq! 

* * *

Ha-a-a, bugun menga xuddi shunday. Sovuq, qorong`i, tor, mazmunsiz men uchun dunyo.

Chunki sizning muhabbatingiz, mehringiz bilan hayotim haddan ortiq go`zallashgandi. Shunga o`rgangan ekanman. Har doim shunday bo`ladi, deb o`ylabman. Shunday o`ylaganim uchun ham sevgim uchun kurashdim, ota-onamga qarshi chiqib Navoiydan Jizzaxga kelin bo`ldim. 

Issiq chehrangiz, shirin tilingiz bilan ota-onamning ham ko`ngliga yo`l topdingiz. 

Yo`lni o`ylab qarshilik qilganmiz-da! Bo`lmasa, birdan Diloromni sizga qo`shqo`llab topshirardik, — deyishardi ular to`yimizga qarshi chiqishganidan hijolat bo`lib.

Birin-ketin tug`ilgan o`g`il va qizimiz baxtimizni yanada porlatgandi, go`yo.

Mangu, abadiy baxt og`ushida yashaydigandek his qilardim o`zimni. Afsus, Alloh uchun o`zi bunyod etgan narsani vayron etish mushkul emaskan. Hammasi bir zumda ro`y bergandek. Albatta, men uchun shunday. 

Chunki baxtdan qamashgan ko`zlarim sizga yaxshiroq qarashga, gumonlanishga yo`l bermagan.

* * *

— “Gulya” degan qo`ng`iroq qilyapti. Kim u? — dedim telefoningizga hayron bo`lib qararkanman.

I-i, tezroq ber. Yangi hamkorimiz! Rossiyadan kelgan. Lekin o`zbek. Alo, Gulya, eshitaman! — dedingiz shosha-pisha...

Bu hamkoringiz kun kelib oilamizga ham “hamkor” bo`lishini bilganimdami?

Shunchalik sodda bo`lamanmi, u bilan bir kafeda birga o`tiribman ham. Sizga nozli qarashini sezgan bo`lsam ham parvo qilmabman. Uyga mehmonga ham chaqiribman. Fe`lingiz, yaxshiyu yomon ko`rgan narsalaringiz haqida surishtirishlarini ayollarga xos qiziqish deb bilibman. Endi o`ylasam, o`sha paytlardayoq ikkingizning munosabatlaringiz va rejalaringiz o`zgargan ekan...

Men Rossiyaga ketyapman. O`sha yoqda ishlayman. Shartnoma tuzdim. Ishim zo`r bo`ladi, Xudo xohlasa, — deganingizda ham rostmana qo`rqqandim.

Sizsiz qanday yashaymiz? Shu erda ishlayvering.

Bu mening qarorim emas. Ishxonam jo`natyapti.

Darrov kelasizmi?

Ikki yilga shartnoma qildim.

Nima? Yo`q, kerak emas bunaqa ish!

Mening qarshiligim hech narsani o`zgartirmadi. Ko`z yoshlarim, bolalarimizning sog`inishini aytganlarim ham sizga ta`sir qilmadi. Hatto ikkilantirmadi ham. Keyin uyga ikkita aviachipta bilan kirib keldingiz.

Yana kim ketyapti, siz bilan? Ikkita odam jo`natyaptimi, ishxonangiz?

Yo`q! Gulya bilan ketyapmiz. U qaytyapti...

Mana shu gap ham yuragimga shubha solmadi. Yig`lab, siqtab kuzatib qolaverdim. Va`daga vafo qilib, borganingiz zahoti qo`ng`iroq qildingiz. Yangi raqamingizni berdingiz. 

Sizsizlikka men ham bolalarimiz ham o`rganmagan ekanmiz. Pulni ham o`ylamay har kuni qo`ng`iroq qilardim. Bir oycha vaqt o`tgach, kutilmaganda telefoningizni Gulya oldi.

Gulya, haliyam ishdamisizlar? Erim...

Shu paytda kim ishlaydi? Uydamiz. Bo`ldi, qachongacha o`zingni ahmoqqa solasan. Boshqa telefon qilma! Erimni tinch qo`y! Shuncha indamaganim etar! Menga asabiylashish mumkin emas, homiladorman!

Qo`limdagi telefonga ajablanib qaradim. 

“Adashib, boshqa raqamga tushib qolmadimmi?”

“Dadasi” degan yozuv turibdi, ovoz ham Gulyaniki...

Gulya hazillashmang. Dadamiz qani?

Dilya, bo`ldi qil! Nahot tushunmasang... Javohir vannada. Cho`milyapti. Boshqa uni bezovta qilma, qiynama!

Shu bilan aloqa uzildi...

* * *

Sizni eslagim ham kelmay qolgan. Jingalak sochlari bilan o`g`lim eslatadi, nima qilay? Kulgichlari bilan qizim chehrangizni yodga soladi, chidolmayman. 

Dadam qachon keladi? Dadamga telefon qilaylik! — deydi ular.

Mana, nima uchun men bugunimni talabaligimning bir soniyasiga alishishga tayyorman! Mana, nima uchun farzandlarimning sog`inch to`la ko`zlariga qarashni istamayman! Mana nima uchun o`z bolalarimni ko`rishni istamayman! Ular jonu jahonim! Lekin savollariga javob berish, munchoqdek ko`zlariga boqib yolg`on gapirish qanchalik azobligini siz bilmaysiz...

O`sha talabalikda sovuq tomchilar bilan yuragimga kirib ketgan otashin muhabbatim, nahot bugun yo`q. Nahot, shunchalar tez unut bo`ldi.

Shu edi, gapim. Sizga aytmoqchi bo`lganimlarim shu...”

Nargiza USANBOEVA oqqa ko`chirdi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!