Toshkentda kuzatuv kameralari to`liq ishga tushirilmayotgani sababi ma`lum bo`ldi

17:08, 30 mart

Kuni kecha Toshkent shahar hokimi tomonidan o`tkazilgan matbuot anjumanida avtomobil yo`llari, ko`priklar qurilishi, tramvay yo`llarini demontaj qilish masalalari muhokama etildi. Tadbirda jurnalistlar tomonidan ko`plab ushbu sohaga tegishli savollar bilan murojaat qilindi.

Shunday savollardan biri kuzatuv kameralari o`rnatilishi mavzusida bo`ldi.

Jurnalist tomonidan video kuzatuv kameralari qachondan to`liq ishga tushishi haqidagi savolga Toshkent shahar YHXB boshlig`i Barat Mamenov javob berdi:

—  Toshkent shahrida avtomobil yo`llarini kompyuterda nazorat qilish tizimi ishga tushirilish masalasi 2009 yildan beri dolzarb sanaladi. O`tgan davr mobaynida bu sohada bir qancha ishlar amalga oshirildi. Toshkentning 400 ga yaqin chorrahasida videokuzatuv nazoratini amalga oshirish rejalashtirilgan bo`lib, bu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko`zda tutilgan. 

Birinchi bosqichda 120 ta chorrahada transport vositalari harakati tartibga solindi. Ikkinchi bosqichda qolgan 280 ta chorrahada video kuzatuv kameralarini o`rnatish ko`zda tutilgan.

Ikkinchi bosqichda yana yo`llar kavlanib, yo`llar sifati buzilmaydimi degan savolga javob berar ekan Barat Mamenov, endilikda yo`llar kavlanmasligini avvalgi holat 18 ta chorrahada harakat intensivligini aniqlash maqsadida amalga oshirilgani va buning natijasida svetoforning yashil chirog`i fazasini ko`paytirish masalasi ko`rib chiqilganini ta`kidlab o`tdi.

“Ayni damda yuqorida aytilgan 120 ta chorraha videokuzatuv tizimi o`rnatilib, test rejimida ishlab turibdi, zarur paytda istalgan tarnsportni aniqlash imkoniyatiga mavjud.

O`tgan yil avgust oyida qonunchilikka o`zgartirish kiritilib, transportni boshqargan shaxsga emas, uni egasiga chora ko`rilishi belgilangan. Ya`ni endilikda kameralar yordamida aniqlangan qoidabuzarliklarga bayonnoma tuzilmaydi, bir yo`la avtomobil egasi javobgarligi to`g`risida qaror chiqariladi. Kameralar to`liq ishga tushirilmayotganligining sababi integrasiya masalasidir”, deydi Barat Mamenov. “Kameralar tomonidan aniqlangan avtomobil Davlat raqami egasi kimligini aniqlash tizimini ulasak, kameralar to`liq ishga tushadi”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!