Prezident Islom Karimov Germaniya tashqi ishlar vaziri, EXHTning amaldagi raisi Frank-Valter Shtaynmayerni qabul qildi

10:12, 31 mart

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 30 mart kuni Oqsaroyda Germaniya Federativ Respublikasi federal tashqi ishlar vaziri, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi Frank-Valter Shtaynmayerni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlab, ushbu uchrashuv o`zaro hamkorlik bo`yicha fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat bo`lib, O`zbekiston bilan Germaniya o`rtasidagi ko`p qirrali va doimiy aloqalarning uzviy qismi ekanini ta`kidladi. 

O`zbekistonda Germaniyani Evropadagi yirik intellektual, iqtisodiy, texnik va texnologik salohiyatga ega, xalqaro maydonda nufuzli, global va mintaqaviy masalalarni hal qilishga salmoqli hissa qo`shib kelayotgan etakchi davlatlardan biri sifatida biladi. 

O`zbekiston mustaqilligi yillarida mamlakatlarimiz o`rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda barqaror hamkorlik yo`lga qo`yildi. Bugungi kunda 130 dan ortiq hujjatdan iborat mustahkam huquqiy baza yaratilgan va barcha darajadagi munosabatlar uchun ishonchli mexanizm mavjud. 

Mamlakatimiz iqtisodiyotiga keyingi 15 yilda Germaniyaning 784 million dollardan ortiq to`g`ridan-to`g`ri investisiyalari va kreditlari jalb etilgan. O`zbekistonda Germaniya Federativ Respublikasi investisiyasi ishtirokida 113 korxona, shundan 27 tasi to`la Germaniya kapitali asosida faoliyat yuritmoqda. 

Bugungi kunda dunyoga mashhur nemis kompaniyalari O`zbekiston bozorida mustahkam o`rin egallab, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga salmoqli hissa qo`shmoqda. “MAN” konserni bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida zamonaviy zavod barpo etilgan. Korxonada turli rusumdagi yuk avtomobillari ishlab chiqarilmoqda. Ushbu avtomobillarga xorijda ham talab yuqori. Germaniya sanoatining yana bir etakchisi – “CLAAS” konserni bilan tashkil etilgan qo`shma korxonada zamonaviy qishloq xo`jaligi texnikasi ishlab chiqarilmoqda. 

O`tgan yili tashkil etilgan O`zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashining ikkita majlisi o`tgani savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga ikki tomonda ham qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi. Ushbu majlislar doirasida Germaniyadan 2,85 milliard dollarlik texnologiyalar va imtiyozli kreditlarni jalb etish bo`yicha loyihalarni amalga oshirish haqidagi hujjatlar imzolangan. 

Uchrashuvda O`zbekiston – Germaniya hamkorligiga doir boshqa masalalar, jumladan, madaniy-gumanitar aloqalarni izchil rivojlantirish, ta`limga oid qo`shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ayrim masalalar ham muhokama qilindi. 

GFR tashqi ishlar vaziri samimiy qabul uchun O`zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, Germaniya rahbariyati o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanini ta`kidladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!