Yuragimda saqlaganlarim: “Ko`cha — xandon, uy — zindon” erimni qanday o`zgartiray?

16:34, 31 mart

Tahririyatga kelayotgan maktublarning aksariyatida ibratli, saboq bo`ladigan voqealar aks etgan. Ularni o`qiy turib o`yga tolasan, kishi. Ushbu xat ham ana shundaylaridan biri. Ismini sir tutishimizni so`ragan, qashqadaryolik muxlisamizning hayoti barchamizni mulohazaga chorlaydi...

Ba`zida xalqimizning donoligiga tahsin o`qiyman. Ayrim gaplarni shunday topib aytganki, beixtiyor sergaklanasan. Masalan, “Ko`cha — xandon, uy — zindon” maqoli juda topib aytilgan. Ayniqsa, mening turmush o`rtog`imga nisbatan...

U bilan turmush qurmasimizdan avval ham bir joyda ishlardik. Shunaqa xushmuomala, muloyim va shirinso`z yigit ediki, gaplashgan qiz mahliyo bo`lganini o`zi ham bilmay qolardi. Men tarixdan dars berar, u esa musiqa o`qituvchisi edi. U o`quvchilarga saboq berish bilan birga to`y-tomoshalarda ham qo`shiq aytib daromad qilardi. 

Maktabdagi barcha ayol o`qituvchilar uni og`zidan bol tomib maqtar, erkaklar esa uni yoqtirishmasdi.

—  Ko`pchilik meni ko`rolmaydi.  Chunki men ulardan ko`proq pul topaman. Oylikka qarab o`tirmayman. Ba`zilar bolasi bo`y etib endi uy qurayapti, mening esa mana hali uylanmay turib, o`z uyim bor, — derdi u erkaklarning munosabatini izohlab. — Ta`mirlasam bo`lgani. Keyin uylanaman...

Ochig`i, uning “uylanaman” degan gapi ko`pchilik qizlarning yuragiga cho`g` solgan bo`lsa kerak. Uyli-joyli, hatto mashina olish uchun ham pul jamg`arayotgan, mustaqil fikrli, kelishgan yigitni kim orzu qilmaydi deysiz? Tag`in doim tilidan bol tomib kursa, shirinsuhan bo`lsa...

Borgan sari uning to`y haqidagi gaplari ko`payar, bu mening g`amimga g`am qo`shardi. Eshitganman, ayrim surbet qizlar uni to uyigacha qidirib kelganmish. Telefoni esa bir daqiqa ham tinmasmish...

Ich-ichimdan unga nisbatan mayl sezsam-da, buni tashimga chiqarmas, boshqalarga ham aslo bildirmasdim. Lekin u negadir oxirgi paytlarda men bilan gaplashishga oshiqar, tanaffus bo`lishi bilan yonimga kelishga intilardi. Paydo bo`lishi bilan qizg`in suhbatga kirishib ketardi. Uning gurungi ham qiziq edi.

—  To`ylar hangomaga boy-da. Har to`yda har xil moda chiqadi. Yoqa ushlaysan. Bir hafta oldin borgan to`yimda, kelin-kuyov restoranga kirayotganida gulbarg sochishuvdi boshlaridan. Xuddi Hindistondagidek. Keyin oyoqlari ostidan tutunga o`xshash narsa purkaydigan bo`lishdi. Kechagi borgan to`yimda esa kuyov kelinni restoranga ko`tarib kirdi. Har balo chiqaradi, bu odamlar. Har kuni o`zgartirishadi, an`analarini. Kelin dugona, kuyov jo`ralarni aytmaysizmi? Ular ham bir-biriga shart qo`yib, har balo qilishadi. O`tgan kuni bir kelin dugona bilan kuyov jo`ra raqs tushib musobaqalashgandi, kecha borgan to`yimda kuyovning yonida turgan yigit kelining yonidagi dugonasini mikrofonda e`lon qilib, she`riy bahsga chorladi. To`g`ri, ba`zida bu kutilmagan hodisalar bilan to`ylar zo`r o`tadi. Lekin ba`zilari bachkanalashib ketadi-da! — derdi u har kungi to`y taassurotlarini bo`lishib. — Restoranlarda bo`layotgani ham menga o`xshaganlarga yaxshi. Avvalgidek yozni kutib o`tirmayman. Har kuni bir-ikki so`m bor-da!

Buni qarangki, u suhbatlasha-suhbatlasha kutilmaganda sovchi yubordi. Hatto o`zimga aytgani ham yo`q. Bundan xursand bo`lishimni ham, xafa bo`lishimni ham bilmasdim. Sababi, qo`shni qishloqdan qatnab dars berayotganim sabab oilasini yaxshi bilmayman. 

U sovchi yuborgani haqida ishxonadagilarga hech narsa demagach, menam indamay qo`ya oldim. Ota-onam o`zicha surishtirgan bo`ldi-da, mendan so`rab ham o`tirmay rozilik berishdi.

—  Birga ishlaysan, oralaringda bir gap bordirki, senga sovchi yuborgan, — deya o`z ishlarini oqladi onam. 

Shu bilan fotihamiz belgilanadigan bo`ldi. Ana shundan keyingina u maktabga kelib bu haqda so`z ochdi.

—  Shunga tegyapsizmi? — peshanasi tirishdi yoshi kattaroq o`qituvchilarimizdan birining.

—  Juda yaxshi qizsiz, bolam. Sal surishtirmabsiz-da. Har holda biz uni o`qitganmiz, — dedi bir erkak o`qituvchi ham. 

Xullas, fotihamiz ishxonadagi faqat yosh ayol hamkasblarimni xursand qildi. Qolganlar esa bosh chayqashdi. Bundan albatta, dilim g`ashlandi.

Lekin o`zim ko`p suhbatlashganim, biror nojo`ya harakati va gap-so`zini bilmaganim uchun baxtli bo`lishimga ishondim. 

Afsusi, to`yimizning ertasigayoq uning asl basharasi namoyon bo`la boshladi.

—  Uylanibsiz deb eshitdim, endi men nima qilaman? Bizning qishloqqa to`yga ham kelmay qo`ydingiz? — deya yig`lab telefon qildi bir qiz. 

Tushunmaganim - erim qizning qo`ng`iroq qilayotganini bila turib, telefonni ovoz kuchaytirgichga qo`ydi. Yana meni bor ham demay, javob berdi:

—   Ikki kundan keyin qishloqlaringda “zakaz”im bor. Uchrashamiz, asalim...

Avvaliga men buni sinov deb o`yladim. Shunchaki mening rashk qilish-qilmasligimni bilib olmoqchi, deya o`zimga tasalli berdim. Yo`q, u deyarli har kuni shunday qila boshladi. Har kuni turli qishloqlardan boshqa-boshqa qizlar qo`ng`iroq qilar, aldanganini aytib xafa bo`lardi. Erim esa hech narsa bo`lmagandek, ularga shirin gapirishda davom etardi:

—  Nima qilay jonim? Ota-onamga qarshi bora olmadim. Ammo muhabbat so`nmaydigan tuyg`u. Seni ko`rib turishimning o`zi ham menga dalda beradi. Hali uchrashamiz!

Bir haftacha miq etmay yurdim. 

“Endi gapiraman, ichimga yutmayman, qadrim yo`qmi? Men kimman, o`zi?” deya yorilay-yorilay deb yurganimda erimning o`zi tilga kirib qolsa deng.

—  Ha-a-a! Shunchalik beparvomisan? Sen uchun zig`irchalik ahamiyatga ega emasmanmi? Er o`rnida ko`rmaysanmi, yo? — deya menga iddao qila boshladi. 

—  Nega bunaqa deyapsiz? Nima qildim, men? — rosmana hayron bo`ldim.

—  Shuncha qiz bilan gaplashdim, to`pig`ingga ham kelmadi. Nima, yo boshqasi bormi hayotingda! Faqat uni o`ylab, men hushingga ham kelmayapmanmi? — shunday deya u tomog`imdan bo`g`ib oldi. — Aytib qo`yay, o`zingni katta olma! Tumshug`ingni ko`tarma, menga! Xohlasam, hozir seni qo`yib yuborib, o`sha qizlardan birini olishga qurbim etadi. Ayt, kim bor miyangda? Nima uchun buncha loqaydsan, menga?

—  Axir nima dey? Siz bilan endi yashab turgan bo`lsam?! Bir haftalik kelinchak janjal chiqarmayman-ku! Insofni o`zingizga bersin! — dedim qo`rqqanimdan yig`lab yuborarkanman.

—  Menga insof tilama! O`zingni bil! Tushunding! Men shunaqaman! Ko`nglim tusagan ishni qilaman! Sening vazifang — xotinligingni qil! Uyni sarajomla, kelganimda uyg`oq bo`l, ovqat tayyor bo`lsin! Kiyimlarim har doim taxt tursin!

“Shundoq ham bu yumushlarni qilayotgan bo`lsam, nega bunaqa qiladi?” deya kun bo`yi ezilib yurdim. 

“Er-xotin turmush qurganidan keyin birinchi besh yillikda bir-birini tushunishga qiynaladi. Ko`pchilik oilalar bu davrdan o`tolmay ajrashib ketadi”, degan mazmundagi ma`lumotni bir gazetadan o`qib qolgandim. 

“Bizda ham shunaqa davr hozir. Sabr qilishim kerak. Bir-birimizni tushunib olgach, yaxshi yashab ketamiz”, o`zimni shunday deya ovutdim.

Ammo erimning injiqliklari kun sayin oshib bora boshladi. U to`ylardan kechasi soat ikki-uchlarda qaytar, yana o`sha vaqtda mendan uyg`oq bo`lishimni, ovqat ham issiq holda xontaxta ustida turishini talab qilardi. Albatta, buni uddalardim. Lekin ba`zida kiyimlari ustidan janjal chiqarardi. Rang-barang ko`ylaklari juda ko`p bo`lsa-da, aynan men yuvib qo`yganimni yo yuvishga ulgurmaganimni “kiyaman”, deb turib olar, tayyormasligini bilib yuzimga tarsaki tortib yuborardi. 

—  Ko`ylagingiz ko`p-ku! Boshqasini kiyib tursangiz bo`ladi-ku, men azoblamay. O`zi kechasi soat uchta echdingiz. O`sha payti yuvib qo`ygandim. Tongda turib kiyaman deyapsiz. Hali dazmol qilib ulgurganim yo`q, axir. Tushunsangiz bo`ladi-ku!

—  Menga aql o`rgatyapsanmi? — tag`in undan kaltak eyman. 

Xullas, hamma “Asal oyi” deb ataydigan to`yimizning ilk oyi mana shu tarzda o`tdi. Keyin ham erimda hech o`zgarish bo`lmadi. Tinimsiz qizlar bilan gaplashar, menga esa zug`um qilgani-qilgan edi. 

Eng qizig`i, ishga — maktabga dars bergani birga borardik. U shuni talab qilardi. Shuncha ko`rgilikdan keyin mening u bilan birga yurgim kelmas, u esa xuddi oshiq-ma`shuqlardek qo`lidan tutib olishimni, yonma-yon jilmayib yurishimni istardi. 

—  E-e-e, sevishganlar kelyapti-ku! — bizni bu holda ko`rgan hamkasblarimiz havas bilan derdi. — Biram bir-birlaringga mossizlarki...

—  Mos bo`lmasak, bunga uylanarmidim?! — jilmayib hammaning oldida burnimni ham chimchilab qo`yadi u. — Yurakdan urgani uchun olganman-da!

U shunaqa. Har doim, hammaning — do`stlari, hamkasblar, qarindoshlari va mening yaqinlarim yonida o`zini shunday tutadi. Sho`x, oqko`ngil, samimiy va baxtli ko`rsatadi. 

“Bir jahli chiqqan ekan-da! Mana yaxshi odam-ku! Endi uyda ham shunday bo`ladi!” — umidlana boshlayman iljayib.

Afsus, ming afsus. U o`zgarmaydi. Uyga kelishi bilan butkul boshqa odamga aylanadi:

—  Nima, odamlarning olidida meni yomon ko`rsatmoqchi bo`ldingmi? Tumtayib olmoqchi bo`lding? Yomonmi, men? 

—  Yo`q, — deyman elka qisib. 

Ammo “Nima uchun ikki qiyofada yashaysiz?” deya so`ray olmayman. Shu holda mana, uch yilni ham o`tkazdim. Bu orada tug`ilgan qizalog`imiz ham uni o`zgartira olmadi. Unga qarab, “Ko`cha — xandon, uy — zindon”, degan maqol bejizga aytilmaganiga amin bo`laman. Tish yorib birovga uning asl qiyofasi haqida aytmayman. Ichimda saqlayman. Sizlarga yozishimdan maqsad esa, mana shunday odamlarni o`zgartirib bo`ladimi? Ular nima uchun bunaqa? Nima uchun hech bir sababsiz meni qiynaydi? Maslahatlaringizni kutib qolaman...

N.USANBOEVA oqqa ko`chirdi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!



Гость 10:33, 06 aprel
Eringizga sal kuchliroq e'tibor bering. Shunday qilingki eringiz uyga shoshilib kelsin, sizdan boshqasi ko'ziga ko'rinmasin.
Гость 17:12, 31 mart
Аёл киши уйда жаннат яратсагина, эрни севишини англатолсагина, эр хандон бўлади.Унинг кўнглини англай билмасангиз, қийин.Яна ким билсин...