Avstraliyada serfingchiga akula hujum qildi

10:44, 01 aprel

Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels plyajlaridan birida yosh serfingchiga akula hujum qilib, oqibatda u oyoqsiz qoldi, deb xabar qildi “Vesti” nashri. Mahalliy AVS telekompaniyasining ma`lumot berishicha, 22 yoshli serfingchi Brett Konnellan Kian shahri qirg`oqlaridan 100 metr uzoqlikda serfing bilan shug`ullanayotganda, to`satdan akula hujum qilib, oyog`ini tishlagan.

Uning yonida mashq qilayotgan boshqa serfingchi hushini yo`qotgan yigitni qirg`oqqa olib chiqib, qonni to`xtatish maqsadida oyog`ini tasma bilan bog`lagan. O`z vaqtida etib kelgan tibbiyot xodimlari yigitni zudlik bilan  kasalxonaga eltib, jarrohlik operasiyasini o`tkazishgan.

“Yarador yigitni uning serfingchi do`sti qutqargan, – dedi vrachlardan biri, – u judayam og`ir ahvolda edi, qon quyulgandan keyingina uning qon bosimi me`yorlashdi”.

Mutaxassislarning fikricha, Brett Konnellanga qosh qorayganda ov qilishni xush ko`radigan oq akula hujum qilgan. Qutqaruvchilar Kian plyajini yaqin 24 soatga yopib qo`yishdi.

Bu voqea Avstraliyada yil davomida akulaning ikkinchi marotaba insonga hujum qilishi deb qayd etildi. O`tgan yili bu ko`rsatkich 18 tani tashkil etgan bo`lib, ulardan 2 tasi o`lim bilan yakun topgan edi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!