Panjara ortidan maktublar:“O`ylamay gapirib, o`ylanib o`tiribman”

16:49, 01 aprel

Ismoil Shomurodov

“Darakchi” gazetasida chop etilgan “Panjara ortidan maktublar” turkumidagi hikoyalardan birini taqdim etmoqdamiz.

Xonim, bir kun kelib senga xat yozishim etti uxlab tushimga ham kirmagan.

«Xonim», deganimga xafa bo`lma, shunday deb o`rganib qolganman-da. Yozuvda yarashmas ekan, lekin ismingni yozish undan-da xunuk bo`lsa kerak. Xullas, koloniyaga kelishimning ertasi kuniyoq senga xat yo`llayapman, burun-so`g`in qilib yurmagan ishim… Bilgancha, qo`ldan kelgancha yozaveraman. Xatosi bo`lsa, kulma, maktabda a`lochi bo`lgansan, axir.

Qo`lga olinganimdan keyin sen bilan bafurja suhbatlashish nasib qilmadi, qanday qilib «tilimdan ilinganim»ni aytay. Chunki sening oldingdan gerdayib, «hech kim aybimni bo`ynimga qo`yolmaydi», deb chiqib ketganimdan hamon uyalaman.

Tergovchining yoniga boshlab kirishganda, ko`zim kompyuter qarshisida o`tirgan, o`ttiz yoshga ham etmagan yigitchaga tushib, «tergovchining shogirdi chiqar», deb o`yladim. 

- Aka, o`tiring hozir, - dedi yigitcha xiyol boshini ko`tarib.

- Tezroq kelsa bo`lardi ustozingiz, bolalar kutib qoldi, - dedim norozilik bilan.

Yigitcha g`alati qarash qildi-da, yana yozishga sho`ng`idi. Kutdim. Asabiylashdim.

- Tergovni boshlaymizmi? – dedi nihoyat yigitcha monitordan bosh ko`tarib. – Shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatingiz bormi? 

Anqaydim – shu bola tergovchi emishmi? Ko`rinishidan o`g`limiz Husniday-da. Husni sen damlab bermasang, choyiniyam icholmaydi. Bu bo`lsa, tergov qilarmish. Bir jihatdan sevindim ham. Buni bir deganda laqillatib, nog`oramga o`ynataman. Bo`ynimdan aybni echib tashlaganini o`zi bilmay qoladi.

- Mana, bir hazilni deb yoningizda o`tiribman, o`rtoq kapitan, - dedim tergovchiga uni mensimay turgan esam-da, o`zimni past olib. Ko`rib turibman, unvoni «katta leytenant», lekin «kapitan» deb g`ururini qitiqlamoqchi bo`ldim.

- Yaxshi hazil ekan, bir odam o`lib ketibdi, - kesatdi tergovchi pasportimni o`qiyotgan mahali va jiddiylashdi. – Nimada ayblanayotganingizni bilasizmi?

- Bilaman, «xavf ostida qoldirish», degan moddangiz bor ekanmi?

- Meniki emas… Jinoyat kodeksining moddasi… - aniqlik kiritdi tergovchi. - Jabrlanuvchi bilan munosabatlaringiz qanday edi?

- Zufar bilanmi? Qanaqa jabrlanuvchi? O`lib ketdi-ku, bechora, - miyig`imda kuldim.

- Savolga javob bering, - tergovchi hazilni tushunmadi.

- Zo`r edi, o`ladi, deb xayolimga kelmagan. Tasodif-da… Baxtsiz tasodif.

- Baxtsiz?! – tergovchi shunday dedi-da, birdan hovuri bosildi, sovuqqonlik bilan so`radi. - Qo`yilayotgan aybning nimaligini tushundingizmi o`zi? 

To`satdan hayajonini ko`rsatib, birdan o`zini bosganidan tushindimki – tajribasiz, hayajonini bildirib qo`yayapti. Bilishimcha, tergovchi sovuqqon bo`lishi, har qanday holatga bosiqlik bilan qarashi lozim. Bir vaqtning o`zida hayajonlanishi u men tomonda emasligini, Zufarning o`limidan ta`sirlanganini bildiradi. 

Qiziq, bunga nima ekan? Zufarning oilasi da`vo qilayotgani yo`q, bu oddiy baxtsiz tasodifligini hamma biladi. Meni qamagan bilan bu bolaning shoxi chiqarmidi?

- Tushundim, tushundim, advokatim hammasini aytib berdi, - shoshib «hujum»ga o`tdim. 

Bu bilan tergovchini burchakka qisib qo`ymoqchi bo`ldim. «Biz ham anoyi emasmiz, advokatniyam bilamiz», deganday-da.

- O`zingizni aybdor sanaysizmi? – tergovchi ko`zlarimga baqraydi.

- Nega aybdor bo`larkanman? Shunchaki hazil-ku… - shunday dedim-da, birdan xayolim qochdi. Shoshib to`g`riladim. – Yo`q, hazil emas… Latifa aytdi, kulib yubordim, ehtirosga berilib, «e, malades-e», deb elkasiga bir shappati urgan edim, mast emasmi, qalqib, suvga yiqildi. Bosh bilan sho`ng`ib, qaytib chiqmadi. 

- Nima, sho`ng`idi-yu, chiqmadimi?

- Chiqmadi, - dedim ko`zlarimni jo`laytirib. – Oldiniga qayiqning ostidan o`tib, meniyam suvga itarib yubormoqchi, deb o`ylab, narigi tomonga o`tdim, boshi chiqishi bilan «vax» deb qo`rqitmoqchi bo`ldim.

- Chiqdimi? – bu savoldan ko`ra ko`proq kinoyaga o`xshab ketdi, lekin javob berishim zarur. Har holda tergovchi.

- Chiqmadi-da… Shu ketgandan yo`qoldi.

- Zufar do`stingiz suvdan chiqmasligini qachon bildingiz?

- Ancha kutdim, o`n daqiqalar o`tdi, cho`kib ketdiyov, deb o`yladim, - dedim boshimni xam qilib g`amgin ohangda. Har holda vafot etgan do`st haqida gapiryapman.

- Olib chiqishga urinmadingizmi?

- Urinaman?! O`zim ham cho`kib ketaman-ku. O`likni g`avvoslar bir soat deganda zo`rg`a olib chiqishdi-ku, menga yo`l bo`lsin?

Tergovchi olayib boqdi, yuzidan norozilikmi, asabiylashishmi, shunga o`xshash bir nima yilt etib o`tdi. Sezdim, gapim yoqmadi. Hujumga o`tdim:

- O`sha holatda hech nima qilolmasdim, qo`limdan kelmasdi. Advokat tushuntirdi… Aybim yo`q! Bilasiz, advokatim sizga o`xshab tergovchi bo`lgan, o`ttiz yil jinoyat tergov qilgan.

Advokatni eslatib, to`g`ri qildim chamasi, tergovchi nigohini chetga oldi, o`zini ortga tashlab, kreslosiga suyandi. Bir xo`rsinib  qo`ydi va yana engashib, kompyuteriga boqdi-da, yozishga chog`landi:

- Suv omboriga nega boruvdingiz?

- Cho`milmoqchi edik.  Havo isib ketdi-ku, ko`ryapsiz, - bo`ynimdan quyilib kelayotgan terni dastro`molcha bilan artdim. Biroz hayajonlanayotgandim, sezilmasin deb yuzimni bir-ikki siladim va noligan bo`ldim. – Qirqdan oshdiyov… Sizdayam kondisioner yo`q ekan.

Bu bilan «o`zing kimsan, meni tergov qilasan?» demoqchi edim. Tergovchi menga boshdan oyoq razm soldi. Gapimning mazmunini tushundi, chamasi.

- Zufar Zafarovich Safarovni qachondan beri bilasiz? – so`radi do`rillab. Negadir ovozidan yuragim muzladi, yosh bolayam shunaqa sovuq gapiradimi? Bildirmaslikka harakat qildim.

- Zafarovich?!. A?! Ha!!! Bolaligimdan beri… Bog`chagayam birga borganmiz.

- Shunaqami? – tergovchi hayron. – Maktabdayam birga o`qiganmisiz?

- O`n yil!

Tergovchi o`ylandi. Bir o`girilib, ortga, derazaga boqdi, so`ng eshikka o`girildi, klaviaturani o`ynadi, sichqonchani silkitdi.

- Cho`milishni yaxshi ko`rasizmi? – gapini yo`qotdi, chamasi, tergovchi mavzudan uloqib ketdi.

- Nima?! – tushunmadim.

- Suzishni deyman, yoqtirasizmi?

- Zufarning bolalari aytdimi? O`sha kuni suv omboriga boramiz, deb uni uyidan olib chiqqan edim… 

- Suzishni qaerda o`rgangansiz, deyman? – tergovchi savolni boshqachasiga qo`ydi.

- Ha, uni aytasizmi? Bir paytlar quruvchi bo`lganman, o`sha, suv ombori qurilishida ishlaganman… O`sha paytlarda suv ombori o`rnidan anhor oqardi. Keyin ko`lmak paydo bo`ldi, o`shanda kun issig`ida cho`milib, suzishni o`rganganman.

Javobim tergovchini qoniqtirdimi, ma`noli qilib qosh chimirdi.

- Do`stingiz, Zufar ham ishlaganmi suv omborida?

- Yo`q, u bormagan, shuning uchun suv omborini yoqtirmaydi. Mehnati singmagan-da.

- U bilan tez-tez suv omboriga borib turarmidingiz?

- Aytdim-ku yoqtirmasdi, deb.

- Oxirgi marta qachon u bilan boruvdingiz?

- Bir oy oldin, maktabni bitirganimizning yigirma yilligini suv bo`yida nishonlagandik.

- Zufar Zafarovich Safarov ham cho`milganmi o`shanda?

Rosti, bu tushunmaydigan, g`alcha tergovchidan hayronman. Shungayam ishonib ish topshirishadimi hech zamonda?

- Aytdim-ku, Zufar suzishni bilmasdi, suvdan o`lguday qo`rqardi.

- Ha, shunaqami? – tergovchi nopisandlik bilan aytilgan gapimni tushundimi, yuzi qizardi, soddaligidan xijolat tortdi.

- Shunaqa! – o`z ustunligimni yana bir bor ta`kidlab qo`ydim.

Tergovchi kompyuteriga nimalarnidir yozdi.

- Oldin so`rang, keyin o`ynarsiz shu kompyuteringizni, - dedim nopisandlik bilan.

Sezyapman, qo`lim baland kelyapti, hozircha ruhiy ustunlik men tomonda. Bosimni kuchaytirdim.

Shu paytgacha, kompyuterda faqat o`yin o`ynaladi, deb o`ylarkanman. Buyam bekorchi, dangasa bolang - Husnining ta`siri-da.

- Hozir, hozir, - dedi tergovchi soddalik bilan.

Oraga jimlik cho`kdi, biroz o`tib, tergovchi negadir yuzi yorishib, menga boqdi.

- O`sha kuni spirtli ichimlik ichganmidingiz?

- Qiziq ekansiz-ku, kim suv bo`yiga borib, ichmaydi? Unda qirg`oqqa borishdan maqsad nima? Yosh ekansiz-da, hayotni bilmaysiz.

Endi ochiq-oydin tergovchini mensimay boshladim. Munosabat o`zini tutishiga qarab-da.

- Zufar Zafarovich Safarov-chi, uyam spirtli ichimlik ichganmidi?

Tergovchining gapidan bir kulgim keladi, bir asabiylashaman. Nima degani u «spirtli ichimlik ichganmidi?» «Ichganmidi?» de qo`y, hammasi tushunarli bo`ladi. «Zufar Zafarovich Safarov» degani-chi? Odamga o`xshab gapirsa bo`lmaskanmi?

- Ichgandi, ichgandi, mast edi, - dedim ovozimni bir pog`ona balandlatib. – O`lganning ortidan yomon gapirish kerak emas-ku, lekin siz uchun Zafarovich, deb ulug`lashingiz shart emas, Shunchaki Zufar deyavering. U bechorani bir umr hech kim «Zafarovich» demagan… Safarov ekanini esa maktabdan keyin o`ziyam unutib yuborgan.

Tergovchi yana nimadir yozdi.

- Nima qilyapsiz? – so`radim bo`y cho`zib.

- Aytgan gaplaringizni yozib boryapman, - dedi u soddalik bilan. – Esimdan chiqmasin, deyman-da. Axir bu tergov-ku.

- Tajribangiz yo`q ekan, - dedim istehzo bilan. – Ilgari bir marta ishim tergovga tushgan…

- Qanaqa ish? –  tergovchi so`zimni bo`lib, shoshib so`radi.

- Bunga aloqasi yo`q, - uning hovliqishini tushunmadim, - shaharga musobaqa borganimizda janjalga guvoh bo`lganman. Guvoh sifatida chaqirishgan.

- Qanaqa musobaqa?

- Suzish bo`yicha musobaqaga tumandan vakil bo`lib borganman. Lekin o`rin ololmaganman, shuni bilmoqchi bo`layotgan bo`lsangiz…

Oraga jimlik cho`kdi, birdan boya boshlagan gapim yodimga tushdi.

- Ha, tergovni aytayotgan edim… O`shanda guvoh bo`lib borganimda, tergovchi ko`pni ko`rgan, tajribali odam ekan. Hech narsani so`ramay, bir varaq qog`ozga qo`l qo`ydirib olgan. Yaxshilab o`qib oling, sudda so`rashsa shu gaplarni aytib berasiz, deb tayinlagan ham. Ana tergovchi, men bormasimdan hammasini yozib qo`ygan ekan… Siz bo`lsa…

So`nggi so`zim malomatli jarangladi. Tergovchi o`zini oqladimi, kinoya qildimi, tushunolmadim:

- Bizga ularday bo`lishga hali ancha bor…

Tergovchi ishiga sho`ng`idi, men zerikdim. Manavi ona suti og`zidan ketmagan tergovchining asabimga o`ynab, olib o`tirishidan jahlim chiqayotgan edi.

- Ishingni tezroq tugatsangiz bo`lardi, meni kutib qolishdi, - dedim nihoyat betoqatlanib. – Har holda ishli odammiz.

- Hozir… Birdan qaror yozyapman, - tergovchi boshini ko`tarmadi.

- Qaroringizni men ketgandan keyin yozarsiz, - dedim balandparvozlik bilan.

Nihoyat ishi tamom bo`ldi chamasi, tergovchi printerga qog`oz qo`yib, nimalarnidir chop etdi, so`ng ularni bir qur, erinmay o`qib, menga uzatdi:

- Sinchiklab o`qing-da, e`tirozingiz bo`lmasa, imzo cheking.

- Nimasini o`qiyman, qo`l qo`yib yuboraveraman, biz sizga o`xshab maydakash emasmiz, - dedim qo`limni uzatib, - ruchkani bering.

- O`qing, - dedi keskin tergovchi.

Noiloj o`qidim. Hammasi to`g`ri, nima degan bo`lsam hammasini birga bir yozgan.

- To`g`ri, - dedim. – Ruchkani uzating, qo`l qo`yib beraman.

Tergovchi ruchkani uzatdi:

- Har bir varaqning ostiga imzo qo`ying. So`nggi varaq tagiga, qo`lingiz bilan «hammasi mening so`zimdan, to`g`ri yozib olingan», deb biting.

Yozdim-da, ruchkani stol ustiga otib yuborib, «omin» qilganday ikki qo`lim bilan shoshib yuzimni siladim, o`rnimda turdim:

- Biz ketdik!

- Qayga?! – tergovchi ham turdi.

- Kuzatish shart emas, yo`lni o`zim topib olaman, - dedim nihoyat bu mijg`ovdan qutulayotganimdan xursand bo`lib.

- Sizni hibsga olish haqida qaror chiqardim, hozir sanksiya olish uchun sudga boramiz, - dedi tergovchi qog`ozdan o`qib berayotganday rasmiylik bilan. – Siz hayoti xavf ostida qolgan, o`zini himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo`lgan shaxsga yordam ko`rsatmaslikda ayblanib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 117-moddasi bilan ayblanib, hibsga olindingiz.

Tergovchining gaplaridan turgan joyimda qotdim, badanim muzlab, bijirladi. Ustimdan sovuq suv quyilganday bo`ldi.

- Nima?! Bu nima deganingiz? Qanaqa jinoyat?

Tergovchi qog`ozlarga bir qur ko`z tashladi, so`ng menga boqdi.

- Tushunmadingiz, chamamda, - dedi bu safar odamga o`xshab, - siz Zufar Safarovni suvga itarib yuborib, suzolmasligini, mastligini bilgan holda, unga yordam bermagansiz. Odam o`lishiga sabab bo`lgansiz.

Tushunmay anqayib turdim-da, nihoyat tergovchi Zufarning mastligini menga qarshi ishlatayotganligini payqab qoldim.

- Men ham mast edim, - dedim hovliqib. 

Bir zumda demak, mastlik odamning aybsizligini bildirarkan, degan xulosaga kelgandim.

- Ha, mast bo`lgansiz. Bu sizning aybingizni og`irlashtiradi.

- Aytdim-ku, qaytib chiqmadi, deb qanday yordam berardim, - o`zimni himoya qilishga o`tdim.

Joyimga qayta o`tirib qolgan edim.

- Mana shu, aytganingiz uchun sizni hibsga olishga qaror qildim, chunki tergovni aldamoqchisiz… Zufar Safarovning tirnoqlari orasidan qayiq bo`yog`i parchalari topilgan. U qayiqqa yopishib, hayot uchun kurashgan. Siz yordam bermagansiz.

Bilganini qara! O`sha paytda tepamizda turganday.

- Yordam bersam o`zimniyam tortib ketardi, - dedim o`zimni oqlab.

- Sizday ustasi farang suzuvchi qo`rqmasangiz bo`lardi, - dedi tergovchi.

Kampir, qolganini o`zing ham bilasan. Sud… Hukm… Uch yil…  O`tiribman… Alam qiladigani, bularning hammasi o`z ahmoqchiligimdan, tergovchini mensimay, unga o`ylamay gapirganimdan…

Qiziq tomoni, bu haqda boya bir ziyoliga dardu hasrat qilsam, u nodon: «haliyam tushunmabsan, sen bu erda gaping emas, qilmishing uchun o`tiribsan», deydi. Gapini qara, ahmoqning! Nima deganini o`zi bilmaydi.

Salom bilan men, ering.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!