“Real”da ham, “Barsa”da ham to`p surgan futbol yulduzlari

13:27, 02 aprel

Bugun tunda dunyo ahli ikki qismga bo`linadi. Sababi, Ispaniya chempionati 31-turida “Barselona” o`z maydonida “Real Madrid” futbolchilarini qabul qiladi. Boshqacha qilib aytganda bugun “El-Klassiko” bo`lib o`tadi. Ana shu munosabat bilan bugungi sahifamizni biz azaliy raqiblar “Real Madrid” hamda “Barselona” futbolchilariga bag`ishlaymiz. Ushbu ikki jamoa safida to`p surgan mashxur futbolchilar, ularning ko`rsatgan natijalari va erishgan yutuqlari haqidagi ma`lumotlar bilan sizlarni yaqindan tanishtiramiz.

Luis Enrike

To`liq ismi: Luis Enrike Martines Garsiya
“Real Madrid”: 1991-1996
“Barselona”: 1997-2004 

“Barselona” klubi bosh murabbiyi Luis Enrike professional futbol faoliyatini 1989-yil “Sporting Xixon” klubida boshlagan. 1991-yilda esa yarim himoyachining o`yinidan ta`sirlangan “Real Madrid” futbolchini sotib oladi. Besh mavsum davomida “qaymoqranglilar” safida 213 o`yinda 18 ta gol urgan Luis Enrike, Ispaniya chempioni (1995) hamda Ispaniya Kubogi (1993) va Superkubogi (1993) sohibi bo`ldi.

Shundan so`ng, “Real”ning azaliy raqibi “Barselona” 1997-yilda yarim himoyachini o`ziga chorladi va xato qilmadi. Jami 300 o`yinda “Barsa” libosida maydonga tushgan Luis Enrike 109 gol bilan raqiblarini “siylagan”. “Kataloniyaliklar” zafarlariga katta hissa qo`shgan Luis Enrike ketma-ket ikki karra Ispaniya chempioni (1998, 1999) bo`ldi. Shuningdek, yarim himoyachining hisobida ikkita Ispaniya Kubogi (1997, 1998), Ispaniya Superkubogi (1996), UEFA Kubogi (1997) va UEFA Superkubogi (1997) mavjud. 2004-yilda faoliyatini “Barsa”da yakunlagan Enrike mana endi, sobiq jamoasiga rahbarlik qilmoqda.

Ronaldo

To`liq ismi: Ronaldo Luis Nazario de Lima
“Barselona”: 1996-1997
“Real Madrid”: 2002-2007

Braziliya futboli afsonasi Ronaldo ham ikki azaliy raqib jamoasida to`p surgan. 1996-yil “Barselona” 20 yoshli Ronaldoni iste`dodidan ruhlanib, uni jamoaga taklif qiladi. Braziliyalik hujumchi “ko`k-anor ranglilar” safida atigi bir mavsum to`p surganiga qaramay, 49 uchrashuvda 47 gol kiritgan. Biroz vaqt Italiya yashil maydonlarida (“Inter”da) to`p surgan Ronaldo, 2002-yil Ispaniyaga qaytadi. Bu safar “Real Madrid” hujumchini o`z tarkibiga qo`shib oladi. Yulduzli onlarini “Real”da davron surgan Ronaldo, “blankos” formasida 177 marotaba maydonga tushgan va jami 104 ta gol kiritgan. “Real”dan so`ng “Milan” hamda “Korintians” klublarida to`p surgan Ronaldo 2011 yili o`z yurtida faoliyatini yakunladi. Braziliyalik futbolchi o`z faoliyatini qayta tiklamoqchi ekani haqida xabarlar hamon tarqalmoqda.

Luish Figu

To`liq ismi: Luish Filipe Madeyra Kaeyro Figu
“Barselona”: 1995-2000
“Real Madrid”: 2001-2005 

Portugaliya terma jamoasi sobiq sardori Luish Figu 1995-yili “Barselona” tarkibiga qo`shildi. Ikki yildan so`ng “kataloniyalik”lar safida Figu ketma-ket Ispaniya chempioni bo`ldi. 2000-yili esa “Real” azali raqibidan Figuni sotib oladi va bu ularga omad keltiradi va “Real Madrid” shu yilning o`zida Ispaniya chempioniga aylandi. Luish Figu “Barselona”da 249 uchrashuvda 45 ta gol kiritgan bo`lsa, “Real Madrid”da uning natijasi yanada yaxshilandi: 239 uchrashuvda 57 ta gol.

Samuel Eto’o

To`liq ismi: Samuel Eto’o Fils
“Real Madrid”: 1998-2000
“Barselona”: 2004-2009

Kamerunlik futbolchining “Real Madrid”da ishlari umuman yurishdami. Hujumchiga asosiy tarkibda joy topilmagach, “madridliklar” uni “Espanol”ga ijaraga beradi. U erda ham Eto’o bironta o`yinda ham maydonga tushmaydi va u yana “Real”ga qaytadi. Ikki mavsum davomida Eto’o “qaymoqranglilar” libosini atigi 6 marta kiygan.

“Real Madrid”dan farqli o`laroq, “Barselona” Eto’oga asosiy tarkibda o`ynash imkonini berdi. Kamerunlik futbolchi esa unga bildirilgan ishonchni oqlaydi. 5 mavsum davomida Eto’o “Barselona” kiyimida 201 uchrashuvda maydonga tushib, 129 ta gol hamda 35 ta golli uzatmani o`z hisobiga yozib qo`ygan. “Barsa” tarkibida Samuel Eto’o 3 karra Ispaniya chempioni va 2 karra EChL Kubogi sohibiga aylandi. Undan tashqari hujumchi “kataloniyaliklar” bilan birgalikda Ispaniya Kubogi (2009) va Ispaniya Superkubogi (2005, 2006) ni qo`lga kiritgan.

Xaver Saviola

To`liq ismi: Xaver Pedro Saviola Fernandes

“Barselona”: 2001-2004 va 2006-2007
“Real Madrid”: 2007-2009

Argentina terma jamoasi sobiq hujumchisi Xaver Saviolaning “Real”da ham, “Barselona”da ham omadi deyarli yurishmadi. “Kataloniyaliklar” safida jami to`rt mavsum to`p surgan Saviola, 168 uchrashuvda 70 ta gol kiritgan. Shu yillar mobaynida u atigi Ispaniya Superkubogi (2006) sohibi bo`ldi. “Real”ga o`tgach uning yutuqlari biroz ko`paydi. 2008-yilda argentinalik futbolchi “Real” bilan Ispaniya chempionligini va Ispaniya Superkubogini qo`lga kiritdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!