Tog`li Qorabog`dagi qurolli to`qnashuvlarda 50 nafarga yaqin ozarbayjonlik harbiylar halok bo`lgani aytildi

19:11, 02 aprel

Tog`li Qorabog`dagi shiddatli to`qnashuvlarda Ozarbayjon armiyasi o`zining 50 nafar askarini yo`qotdi. Bu haqda tan olinmagan Tog`li Qorabog` Respublikasi mudofaa vazirligidagi manbaga asoslanib, “Lenta.ru” xabar bermoqda.

Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, halok bo`lgan askarlarning soni 40 nafardan 50 nafargacha bo`lishi mumkin. “Mazkur ma`lumot hali o`z tasdig`ini topganicha yo`q. Ayni paytda bu ma`lumot tekshirilmoqda”,—deyiladi xabarda.

Armaniston mudofaa vazirining matbuot kotibi Arsrun Ovannisyanning aytishicha, mojaro hududidagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Xususan janubiy yo`nalishda jangovor harakatlar davom etmoqda.

Tog`li Qorabog` mojarosi hududida vaziyat bugun ertalab keskinlashdi. Ayni paytda Ozarbayjon va Armaniston hukumatlari vaziyat haqida bir-birini inkor etuvchi ma`lumotlarni taqdim etmoqda. Boku qarama-qarshi taraf kuchlari va texnikasining yirik qismini yo`q qilganini, Armaniston esa Ozarbayjon qurolli kuchlarining katta yo`qotishni boshdan kechirgani haqida ma`lumot bermoqda.

 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!