Bojxonachilar yirik miqdordagi qonunbuzarliklarga chek qo`ydi

10:12, 04 aprel

Respublikamiz bojxona chegaralari orqali tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o`tilishining oldini olish maqsadida Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda. 

Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari yirik miqdordagi tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga chek quyishdi. Jumladan, boshqarmaning “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan temir yo`l konteynerida Toshkent shahridagi korxonalardan birining nomiga Xitoydan keltirilgan yuklar o`rnatilgan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, unda bojxona yuk deklarasiyasi va unga tegishli yo`l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd qilingan miqdordan 6,5 tonna ortiqcha, qiymati 194 mln. so`mlik gazlamalar ortilgani ma`lum bo`ldi. 

Amaldagi tartiblarga muvofiq, O`zbekiston Respublikasiga sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini, shuningdek respublikamizda ro`yxatdan o`tkazilgan dori vositalarining g`ayriqonuniy nusxalarini import qilish taqiqlanadi. Olib kirilayotgan dori-darmon vositalari esa davlat tilida markalanishi shart.

Ammo, “Moskva-Toshkent” yo`nalishi bo`yicha yo`lovchi poezdida kirib kelgan fuqaro S.Ashurov (maqoladagi barcha ism shariflar o`zgartirilgan) mazkur tartiblarga rioya qilmay, qiymati 22 mln. so`mdan ortiq bo`lgan 10 turdagi 1100 donadan ortiq dori-darmon vositalarini bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga uringan paytda “Keles” chegara-bojxona posti xodimlari tomonidan to`xtatib qolindi.

Shuningdek, post xodimlari mazkur poezdning yana bir yo`lovchisi Z.Xidirov tomonidan qiymati salkam 37 mln. so`m bo`lgan 3130 dona sigaretlarning yashirin ravishda yurtimizga olib kirilishining oldini olishdi.

Eslatib o`tamiz, respublikamizda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, import qilish, saqlash, tashish va sotish ustidan samarali davlat nazorati o`rnatilgan bo`lib, bu mazkur turdagi tovarlarning yashirin tarzda ishlab chiqarilishi yoxud respublikamiz hududiga olib kirilishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Ta`kidlash joizki, 2015 yilda bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 20 mingdan ortiq  qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, qiymati 70 mlrd. so`mdan ortiq tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida ushlab qolindi, deya xabar beradi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!