Dolzarb mavzu: Ijara shartnomasi qanday tuziladi?

12:45, 05 aprel

“Faqat og`zaki kelishuv asosida yashardik, ammo...”

Biz turmush o`rtog`imning ishi yuzasidan ancha yillardan buyon poytaxtga kelib vaqtinchalik propiska asosida yaqin tanishimning uyida ijarada yashardik. O`rtamizda hech qanaqa pul oldi-berdi bo`lmagan, faqat kommunal to`lovlarni to`lab kelardik. Yaqinda ijarada turganligimiz uchun notarial shartnoma qilish kerakligini aytishdi va biz 2016 yil uchun bir yillik to`lov to`ladik. Lekin soliq idorasi tomonidan uy egasining nomiga 651 200 so`m jarima chiqarilibdi. Hozir shu jarimani biz to`lashga majbur bo`lyapmiz... 

Zamira Xayrullaeva, Toshkent shahar Olmazor tumani

Huquqbuzarlik alomatlari aniqlandi

So`nggi paytlarda fuqaro Z.Xayrullaeva savolida qayd etilgangi kabi holat juda ko`pchilikni qiziqtirmoqda. Bu holat yuzasidan Davlat soliq qo`mitasiga murojaat qildik. Holatni esa Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi boshlig`i A.Hakimov quyidagicha izohladi: 

—  Olmazor tuman DSI tomonidan o`tkazilgan tekshiruvda, fuqaro Sh.Azimbaevaga tegishli bo`lgan xonadon kommunal to`lovlarni to`lash sharti bilan og`zaki kelishuvga asosan ijarachi bilan ijara shartnomasini notarial idora orqali tegishli tartibda rasmiylashtirmasdan istiqomat qilib kelayotganligi aniqlangan. 

Uy egasining o`g`li O.Azimbaevning xatida keltirilishicha, fuqaro Z.Xayrullaeva oila a`zolari bilan 2015 yil 1 sentyabrdan hozirga qadar og`zaki kelishuv asosida har oyda 30 000 so`m miqdordagi kommunal va boshqa to`lovlarni to`lab kelgan. 

Aniqlangan holatlar yuzasidan,  uy egasi O.Azimbaeva harakatlarida “Fuqarolar o`rtasida binoni, inshootni yoki ularning bir qismini turar joyini ijaraga berish shartnomasining mavjud emasligi yoxud ijaraga berish shartnomasining majburiy notarial tasdiqlanishiga rioya qilmaslik” huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi inobatga olinib, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 1591-moddasi bilan malakalangan. Shunga ko`ra, uy egasi O.Azimbaevaga 651.200 so`m jarima jazosi tayinlangan. 

Uy-joylar qanday tartibda ijaraga beriladi?

Yuqorida guvoh bo`lgan holat ayni paytda ko`pchilikka tanish bo`lsa, ajabmas. Ammo ijara shartnomasini qanday rasmiylashtirish kerakligidan bexabarlar ham talaygina va bu holatlar tegishli organlar tomonidan huquqbuzarlik deb topilib, javobgarlikka olib kelmoqda. Ana shularni inobatga olgan holda ushbu sahifamizda uy-joyni shartnoma asosida ijaraga berish tartibi va yo`l-yo`riqlari borasida ma`lumotlar berishga qaror qildik. Xo`sh, ijara shartnomasini tuzishda qaerga murojaat qilish kerak? Qanday hujjatlar talab qilinadi? Qancha muddatga tuziladi va to`lovlari qanaqa?

Doniyorbek YoQUBOV, Adliya vazirligi katta maslahatchisi:

— Fuqarolik kodeksining 603-moddasiga asosan fuqarolar o`rtasida tuzilgan uy-joyni ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlangan bo`lishi kerak. Shunga ko`ra, ijara shartnomasi tuzish uchun davlat notarial idoralariga murojaat qilinishi lozim.

Hujjatlar... 

—“Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to`g`risida”gi yo`riqnomaning 136-bandiga asosan mulk huquqi asosida fuqarolarga tegishli bo`lgan ko`chmas mulk, ya`ni uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi va boshqalar ijaraga berilishida ijara shartnomasini notarial tartibda tasdiqlashda notarius quyidagilarni talab qiladi:

*  ko`chmas mulk ob`ektining kadastr yig`majildi; 

* ijaraga berilayotgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy propiska qilingan shaxslar haqida fuqarolarni o`zini-o`zi boshqarish organi yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan berilgan ma`lumotnoma yoki uy daftaridan ko`chirma hamda doimiy propiska qilingan shaxslarning roziligi;

* ko`chmas mulk umumiy birgalikdagi mulk bo`lgan taqdirda (er-xotinning birgalikdagi mulki), barcha egalarining (er-xotinning) roziligi. 

  To`lovi...

— Ijara shartnomalarini notarial tasdiqlaganlik uchun “Davlat boji stavkalari”ning “d”-bandiga asosan shartnoma summasining 1 foizi miqdorida, biroq eng kam oylik ish haqining 20 foizidan kam bo`lmagan miqdorda davlat boji undiriladi.

ESLATIB O`TAMIZ:

Ayni kunda eng kam ish haqi 130 240 so`m miqdorida bo`lib, uning 20 foizi 26 048 so`mni tashkil qiladi. 

Ijarachi tanishinikida to`lovsiz tursa-chi?

— Fuqarolik Kodeksining 617-moddasiga asosan, tekin foydalanish shartnomasiga nisbatan mulk ijarasi shartnomasini rasmiylashtirish bilan bog`liq qoidalar qo`llaniladi. 

Ijara shartnomasini tuzishga oid 5 muhim fakt

•  “Notariat to`g`risida”gi Qonunning 31-moddasiga asosan, notarial harakatlar haq to`langanidan so`ng zarur bo`lgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kuni amalga oshiriladi;
•  Ijara shartnomasini tasdiqlaganlik uchun davlat boji taraflarning kelishuviga asosan ijaraga beruvchi yoki ijaraga oluvchi tomonidan to`lanishi mumkin;
•  Ijara shartnomasi notarial idora tomonidan uzog`i bilan 5 yil muddatga rasmiylashtiriladi;
•  Agar ijaraga oluvchi o`sha xonadonda yashashni davom ettirmoqchi bo`lsa, avvalgi shartnomaga qo`shimcha kelishuv tuziladi. Bunda uy egasi va ijaraga oluvchining pasportlari kerak bo`ladi. Qo`shimcha muddati tugab, ijaraga oluvchi yana yashashda davom etmoqchi bo`lsa, u holda ijara shartnomasi yangitdan tuziladi;
•  Uy-joyni ijaraga oluvchi, oilaning boshqa a`zolarini ham oila a`zosi sifatida uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga kiritishni talab qilishga haqli. Bunda ijaraga oluvchi ijaraga beruvchi bilan notariusga borib, yangi oila a`zolarining hujjatlarini ilova qilgan holda sharnomaga qo`shimchalar kiritiladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!