Ostonada amaldorlarga smartfon tutishni taqiqlash Vazirlar uyida ishni to`xtatib qo`ydi

14:56, 05 aprel

Dushanba, 4 aprel kuni Ostonadagi Vazirlar uyiga kirish eshigi yonida qo`riqchilarning amaldorlarda smartfon bor-yo`qligini tekshirishi natijasida katta tirbandlik yuzaga kelib, odamlar to`planishiga sabab bo`ldi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.

Qozog`istonda aprel oyidan boshlab, davlat tashkilotlarida ishlovchilarga videoga va suratga olish funksiyalari mavjud bo`lgan telefonlarni tutish taqiqlandi. Natijada yonida smartfoni bo`lgan amaldorlar Vazirlar uyi binosiga kiritilmadi. Binodagi buyumlarni saqlash kameralari faqatgina tashrif buyuruvchilar uchungina xizmat qiladi. Bu qonun turli maxfiy ma`lumotlarning tashqariga chiqib ketmasligining oldini olish maqsadida kuchga kiritilgan.

“Bu endi biz telefondan foydalanmaymiz degani emas. Davlat tashkilotlariga kirishdan oldin barcha telefonlar belgilangan joyda qoldirilib, keyin ichkariga kirishga ruxsat beriladi. Ko`chaga chiqqanda ularni olib, bemalol foydalanish mumkin”, deb izoh berdi sog`liqni saqlash va ijtimoiy taraqqiy etish vaziri Tamara Duysenova. 

29 martda Qozog`iston polisiyasiga ham smartfon va planshet tutish taqiqlangan edi. Boshqa davlat idoralari xodimlari kabi ular ham ish vaqtida oddiy telefonlardan foydalanishlari mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!