Mamlakatimiz ilm-fani og`ir judolikka uchradi

22:14, 05 aprel

Tarix va arxeologiya fanlari sohasidagi yirik olim, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Abdulahad Muhammadjonov 85 yoshida vafot etdi. 

A.Muhammadjonov 1931 yilda Toshkent shahrida tug`ildi. 1951 yili O`rta Osiyo davlat universitetini (hozirgi O`zbekiston Milliy universiteti) tugatib, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti (hozirgi Sharq qo`lyozmalari markazi) aspiranturasida tahsil oldi. 1955 yilda nomzodlik, 1977 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 1989 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a`zosi etib saylandi. 

Zahmatkash olim o`zining 60 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasining Arxeologiya, Tarix institutlari direktori, Fanlar akademiyasi vise-prezidenti, O`zbekiston Milliy universiteti professori kabi lavozimlarda samarali mehnat qildi, yurtimizda tarix va arxeologiya fanlarining dolzarb nazariy va amaliy masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo`shdi.

A.Muhammadjonovning xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyatini, yurtimizda shakllangan sug`orma dehqonchilik an`analarini arxeologik jihatdan o`rganishga bag`ishlangan ko`plab kitob va monografiyalari, maqola va risolalari ilmiy jamoatchilikka yaxshi ma`lum. 

Mehribon va talabchan ustoz sifatida ko`plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan olimning bevosita rahbarligida o`nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan. 

Atoqli olim, o`z kasbining fidoyisi, kamtarin inson Abdulahad Muhammadjonovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

I.Karimov, N.Yo`ldoshev, N.Ismoilov, 
Sh.Mirziyoev, Sh.Solihov, E.Rtveladze 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!