Tog`li Qorabog` va Bokuda yarashish uchun sulh tuzildi, ammo unga amal qilinmadi

14:14, 06 aprel

Jangni to`xtatib, munosabatlarni tinchlik yo`li bilan hal etishga kelishilgan bo`lsa-da, Tog`li Qorabog`da hamon o`q ovozlari yangrab turibdi, deb xabar berdi “Ria.ru” nashri.

Ozarbayjon va hali tan olinmagan Tog`li Qorabog` respublikasi bir necha kun davom etgan jangdan keyin seshanba kuni muzokaraga kirishib, jangni to`xtatishga qaror qilishdi. Tog`li Qorabog` respublikasi vazirlar mahkamasidan olingan ma`lumotga ko`ra, har ikkala taraf ham yarashuv haqida bitim tuzishga tayyorgarlik ko`rmoqda.

Venada Tog`li Qorabog`da yuzaga kelgan keskin vaziyat yuzasidan Evropada xavfsizlik va hamkorlikni ta`minlash tashkilotining Minsk guruhi yig`ilish o`tkazdi. Rossiya va Fransiya elchilari Igor Popov, Per Andrielar doimiy kengash yig`ilishini kutib o`tirmay, jang ketayotgan mintaqa tomon yo`l olishdi. Oradan ko`p o`tmay, ularga AQSh elchisi ham qo`shildi. Ular Boku, Erevan va Stepanakertga tashrif buyurishni rejalashtirishgan.

Seshanba kuni kechqurun yarashish sulhi tuzilgani haqida qat`iy qarorga kelinmagani ma`lum bo`ldi. Armaniston va Ozarbayjon hukumatilari 2 aprel kuni Tog`li Qorabog` hududida vaziyat keskinlashgani haqida ma`lum qilishdi. Ozarbayjon mudofaa vazirligi Armaniston qurolli kuchlari tomondan o`q uzilayotgani haqida axborot berganda, Armaniston harbiylari Ozarbayjon harbiy kuchlari hujum qilayotgani haqida xabar berdi. BMTning gumanitar muammolarni hal etishni nazorat qilish boshqarmasi hisobotida otishmalar oqibatida 33 kishi halok bo`lgani, 200 nafar odam turli darajada tan jarohati olib, yarador bo`lgani qayd etildi. 

Yarashuv sulhi e`lon qilindi, ammo u kuchga kirmadi

Tan olinmagan Tog`li-Qorabog` respublikasi mudofaa vazirligi matbuot xizmati boshlig`i Senor Asratyan respublikaning siyosiy rahbarlari tomonidan mahalliy vaqt bilan 12.00 da o`t ochishni to`xtatish haqida buyruq berilgani haqida e`lon qildi.

Keyinroq bu xabarni Ozarbayjon respublikasi mudofaa vazirligi matbuot xizmati boshlig`i Vagif Dargohli ham tasdiqlab, Armaniston respublikasi bilan sulh tuzilganini, 5 aprel kuni soat 12.00 da jangovor harakatlar to`xtatilishini ma`lum qildi. Ozarbayjon qurolli kuchlari “ilgari ozod qilingan hududlar”da xavfsizlik choralarini ko`rayotganini, Tog`li-Qorabog` respublikasi hukumati esa o`z navbatida “Ozarbayjon armiyasini ortga uloqtirib tashlashgani”ni bildirgan.  

Shunga qaramay, tan olinmagan Tog`li-Qorabog` respublikasi hukumati Armanistonning Sputnik agentligiga “Ayni paytda har ikkala tomon ham jangni to`xtatib, sulh tuzish haqida bitim tuzishga tayyorgarlik ko`rayotgani”, haqida xabar berdi.

Bunday hujjat tayyorlanayotganini Armaniston mudofaa vazirligi ham tasdiqlagan bo`lsa-da, batamom yarashish haqida hali gapirishga erta, chunki Tog`li-Qorabog`ning Mardakert tumanida hamon otishmalar davom etmoqda. Minsk guruhi jangni to`xtatib, tomonlarni yarashtirish uchun Tog`li-Qorabog` tomon yo`l olgan.

Tinchlikka da`vat

Xalqaro hamjamiyat tomonlarni vaziyatni keskinlashtiruvchi harakatlarni sodir etmaslikka chaqirmoqda. Evropa diplomatiyasi rahbari Federik Mogerini Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Elmar Mamedyarovni va Armaniston tashqi ishlar vaziri Edvard Nalbandyanni zudlik bilan Tog`li-Qorabog`da o`t ochishni to`xtatish uchun harakat qilishga da`vat qildi.

Shu kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev va Armaniston prezidenti Serj Sargisyan bilan telefon orqali suhbatlashib, Tog`li-Qorabog`dagi vaziyatdan tashvishda ekanligini bildirgan va zudlik bilan jangni to`xtatishga chaqirgan. Uch mamlakat rahbarlarining suhbatida Ilhom Aliev Tog`li-Qorabog`da jangni to`xtatish tarafdori ekanligini bildirgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!