Xosep Gvardiola haqida biz bilgan va bilmagan ma`lumotlar

14:37, 06 aprel

2016 yilning 1 fevralida “Manchester Siti” taniqli murabbiy Xosep Gvardiola bilan kelishuv tuzdi. Unga ko`ra bu mutaxassis kelgusi 3 mavsum davomida “shaharliklar”ni boshqaradi. Eng qizig`i kelishuv tuzilgan lahzalarda Gvardiola “Bavariya” ustozi edi. Undan tashqari “shaharliklar”ga Manuel Pellegrini ustozlik qilayotgan edi. Ushbu xabardan so`ng Pellegrinining natijalari keskin yomonlashib ketdi. Jamoa Angliya chempionligi uchun kurashdan deyarli chiqib qoldi. 

So`nggi vaqtlarda Gvardiola haqida jahon matuboti ko`p narsalarni bayon etmoqda. «Bavariya» ustozi haqida biz nimalarni bilamizu, nimalarni bilmaymiz. Shular haqida so`zlashsak.

Dose. Xosep Gvardiola

To`liq ismi-sharifi: Jozep (Pep) Mariya Gvardiola-i-Sala
Tug`ilgan sanasi va joyi: 1971 yil 18 yanvar, Ispaniya, Sanpedor shahri
Murabbiylik faoliyati boshlangan sana: 2007 yil 21 iyun
Jahonning eng yaxshi murabbiyi (FIFA versiyasi bo`yicha): 2011 yil.

Avval basketbol...

Barselonadan bir soatlik masofada joylashgan kichik shaharcha Sanpedorda hikoyamiz qahramoni Xosep Gvardiola tug`ilgan. Bu shaharcha haqida ma`lumot olaman deb internetni titkilasangiz, u erdan Gvardioladan boshqa mashhur odam chiqmaganiga guvoh bo`lasiz. Xosep ikki yoshga to`lganida unda nafas olishi bilan bog`liq xastalik aniqlandi. Evkalipt yaproqchalari bilan davolanish kutilgan samarani bermagach, shifokor Xosepning oilasiga dengiz vannasini tavsiya qildi. O`shandan beri oila Kataloniyada joylashgan San-Salvador «plyaj»larini yoqtirib qolgan va har yoz shu joylarda hordiq chiqarishadi. Natija kutilganidan ham yaxshi bo`ldi: Xosepning organizmi kuchayib, shamollashi aridi. 

Xosepning bobosi, o`rni kelganda aytib ketish kerak – «Espanol»ning ashaddiy ishqibozi, o`z ekinzorida ko`maklashishi uchun nevarasini tez-tez chaqirib turardi. Pepning birinchi murabbiyi to`g`ridagi uyda yashaydigan qizaloq – Pilar Solar bo`lgan (Bu qizning ham taqdiriga futbolchi bo`lish yozilgan ekan, «Navarkles» ayollar klubida o`n mavsum to`p surdi).

Pep ta`lim olgan kollejda ko`proq basketbolga e`tibor berish an`ana tusiga kirgandi. Pep ham basketbol o`ynashda boshqalardan aslo qolishmas edi. Futbol maydonida u tengsiz etakchi edi, ammo o`zining qobiliyatini namoyish etishdan uyalardi. Basketbol maydonida esa hammasi boshqacha – kuchlilik yoki peshqadamlik haqida gap bo`lmasdi. To`p savatga tushganida, Gvardiola buni oddiy qabul qilar, xuddi o`z hissiyotlarini eng asosiy ishtiyoqi uchun asrardi.

“Hech qachon “Barsa”da o`ynamayman!”

Vaqt o`tib boraverdi. Iqtidorli yosh bolakay haqidagi xabarlar chor-atrofga ham tarqab ulgurgan va bir kuni shunday xabar «Gimnastik» klubi joylashgan Manres shaharchasiga ham etib boradi. Murabbiylar – Antoni Marsol va Ramon Kasado endigina 9 yoshga to`lgan Gvardiolaning o`yinini shaxsan ko`rish uchun Sanpedorga kelishadi. So`zga chechan Marsolning aytgan gapi qisqa bo`lgandi: «U xuddi to`qish asbobiga o`xshaydi, ammo to`p bilan o`yiniga gap yo`q!» Mutaxassislarni endi ota-ona bilan bo`ladigan suhbat kutib turardi. Ular ko`p ham qarshilik qilishmadi. Shu kundan boshlab bolakay o`qishdan keyin haftasiga ikki-uch marta mashg`ulotlarga qatnaydigan bo`ldi. Mashg`ulotlar bo`lmagan vaqtda esa avvalgidek mahallada, bolalar bilan futbol o`ynab yuraverdi.

O`sha vaqtdayoq Gvardiola ispaniyalik barcha futbolchilarning ismini yoddan bilardi. Bir do`stining amakisida «Barselona»ning uy uchrashuvlariga kirish huquqini beruvchi yillik abonement bor edi.

11 yoshga to`lganida Pep klubning birinchi jiddiy pog`onasi – bolalar klubiga o`tish huquqini qo`lga kiritadi. Ko`p ham o`tmay, ularga sardor bo`ldi. Navbatdagi uchrashuv «Barselona»dagi tengdoshlariga qarshi ekanligini bilib, uchrashuv kunini orziqib kuta boshladi. O`yindan keyin esa hafsala pir bo`lgan va Gvardiola o`ziga o`zi gapirayotgandi: «Yo`q. Bo`lishi mumkin emas. Men hech qachon «Barsa»da o`ynamayman».

“Buvimdan ham sekin o`ynaysan!”

...Bir kuni Marsolning qo`liga sport gazetasi tushib qoladi. Gazetada maxsus kupon bo`lib, uni kesib olib, futbolchi bo`lish istagidagi yosh bolaning kerakli ma`lumotlari «Barselona» akademiyasiga yozib yuborilsa, ko`rikka taklif olish mumkin edi. Murabbiy darhol bir qarorga keldi: ushbu imkoniyatdan foydalana oladigan yagona inson – Xosep! Kelayotgan shanbaning o`zidayoq u o`z baxtini sinash uchun Kataloniya poytaxtiga yo`l oldi. Avvaliga o`yini yaxshi chiqmadi, butun o`yin davomida to`pga bir necha marta tegina oldi, xolos. Faqat uchinchi kunga kelib uni o`zining sevimli nuqtasi – yarim himoyaga qo`yishdi va aynan shu kuni sanpedorlik bolakay aslida nimalarga qodirligini ko`rsata oldi. Shanba kunlari Barselonaga boraverishdan charchagan ota o`g`liga «Barselona» futbol akademiyasi «La Masiya»ning taklifi haqida hech nima demadi. Aksincha, Pepning onasi bilan maslahatlashib, taklifga rad javobi berishga qaror qildi. Bola hali juda yosh – ota-ona ko`rsatgan sabab shu edi.

1984 yilning 28 iyuni. Pep “La Masiya”ga etib keldi. Akademiyadagi mashaqqatli kunlar boshlandi. Ertalab – mahalliy kollejda darslar, kunning ikkinchi yarmida esa amaliy mashg`ulotlar. Agar shanba kuni o`yin bo`lsa, Pep Barselonada qoladi. O`yin bo`lmaydigan dam olish kunlari esa uyga kelardi. 

1989 yilning 1 may kuni Gvardiola «Barselona»ning asosiy tarkibida maydonga tushdi. Bu Ispaniya 3-divizionida qatnashuvchi «Banoles» jamoasiga qarshi o`rtoqlik uchrashuvi edi. Gvardi qanchalik o`yin ko`rsatganini bilish uchun jamoa bosh murabbiyi Yoxan Kroyff tomonidan yarim himoyachiga qarata aytilgan gapning o`zi etarli: «Sen mening buvimdan ham sekinroq o`ynading».

Pep shunda bo`lsa ham chekinmadi, o`z vaqti soatini kuta boshladi. 

Gvardiola-o`yinchining uzoq faoliyati mana shunday boshlangan edi. Bu yo`l o`zida «Barsa» libosi ostida o`tkazilgan 322 o`yin, 11 ta gol va qo`lga kiritilgan 16 ta sovrinni jamlagan. Sovrinlar orasida 1992 yilgi Evropa Chempionlar Ligasi va oltita Ispaniya chempionati g`olibligi alohida ajralib turadi.

Xosep 2001 yilda sevimli jamoasini tark etib, Italiya jamoalarida ("Breshiya", "Roma") to`p surdi. Undan keyin Qatar va Meksikada o`ynadi. Qatar Yulduzlar Ligasi tashkil etilgan kezlarda bu mamlakatga tashrif buyurgan birinchi yulduzlardan bo`ldi. Oradan Nyu-Yorkning Manxetteniga ham ketib qoldi. Ko`pchilik uni “Barsa”ga murabbiy sifatida qaytishini kutardi.

Murabbiylik faoliyati.

2007 yil yozida "Barselona"ning o`rinbosarlarida murabbiylik faoliyatini boshladi. Unga marhum Tito Vilanova yordamchi edi. Oradan roppa-rosa 1 yil o`tib asosiy jamoaga ustozlik qila boshladi. Buyog`iga u “Barsa” bilan murabbiy sifatida 14 ta titulni qo`lga kiritdi. Orada 2012/13-yilgi mavsumda u hordiq chiqardi. “Bavariya” bilan esa 5 ta sovringa ega chiqdi.

Oilaviy ahvoli. Ko`pchilik o`z muhabbatini kutubxona yoki kinolarda uchratgan bo`lsa,  Xosep o`zining rafiqasi Kristina Serrani do`konda uchratgan va sevib qolgan. O`shanda u 18 yoshli yigit edi. Ularning uchtasi farzandi bor: Marius (2001 y), Mariya (2003 y) va Valentina (2008 y).
 
«Manchester Siti» Gvardiola bilan 3 yillik shartnoma imzoladi
Myunxenning "Bavariya" klubi bosh murabbiyi Xosep Gvardiola mavsum yakunlaniga etgach, "Manchester Siti"da ish boshlaydigan bo`ldi. Ingliz jamoasi ispaniyalik mutaxassis bilan 3 yillik shartnoma imzolagan. 

The Guardian nashri e`lon qilgan ma`lumotga ko`ra, "shaharliklar" turli mish-mishlarning to`xtashi uchun bu shartnomani tuzishga qaror qilgan. Avvalroq murabbiyning yangi jamoadagi maoshi yiliga 20 million evro bo`lishi xabar qilingan edi. "Bavariya"da uning maoshi yiliga 17 million evroni tashkil qilayotgandi.

«Klub so`nggi haftada Xosep Gvardiola bilan muzokaralar yakunlanganini e`lon qiladi. U 2016-17 yilgi mavsumdan boshlab, jamoani boshqarishga kirishadi. Shartnoma uch yilga mo`ljallangan. Jamoa bosh murabbiyi Pellegrini ham bu qarorni qo`llab-quvvatlaydi. U bu mavsumda sovrinlarni qo`lga kiritishga e`tibor qaratgan va klub rahbariyatining hurmatini saqlab qoladi», – deyiladi «Manchester Siti» bayonotida.

2015 yilning so`ngida Gvardiola Germaniyani mavsum yakunida tark etishi haqida rasman ma`lum qilgach, Angliyadagi bir necha grand jamoalar, "Manchester Siti", "Manchester Yunayted" va "Chelsi" bu murabbiyni olib kelish uchun kurashga kirishgani haqida xabarlar tarqatildi.

"Manchester Siti" klubi rahbariyati yozda jamoa boshqaruviga keladigan Xosep Gvardiolaga jamoani kuchaytirish uchun 150 million funt berishga qaror qildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!