Yuragimda saqlaganlarim: “Bolamning dardiga davo ber...”

14:58, 06 aprel

Quyosh shu qadar qizdirmoqda ediki, hayolimda bor nurini faqat mana shu men chiqqan avtobusga sochayotgandek edi. Bir qo`lim bilan yo`lovchilar ushlab ketishiga mo`ljallangan tirgakni mahkam tutgancha, ikkinchi qo`limdagi elpig`ichni jon-jahdim bilan silkimoqda edim. 

Jazirama vujudimni holsizlantirayotgani etmagandek, peshanamdan, burnim yonidan, quloqlarim ortidan ter tomchilari xuddi issiq tanamdan qochib chiqayotgandek to`xtovsiz oqib chiqmoqda edi.  Elpig`ichimni havoga har sermaganimda yuzimga bo`g`iq, yoqimsiz havo urilar, bu battar borlig`imni behuzur qilayotgandi. 

“Bunchalar yoqimsiz bo`lmasa bu issiq. Jannat atalmish erning issig`iga chidolmay ketamiz, do`zaxning oloviga qanday dosh berarkanmiz? Xudo asrasin, do`zaxlardan! Mana, yozning qoq chillasi bo`lishiga qaramay ro`za tutib yuribmiz, ro`zamiz qalqon bo`lar do`zaxga... Ilohim shunday bo`lsin!” — xayolidan kechgan o`ylar biroz bo`lsaga taskin bergandek bo`ldi. 

Shu payt yonimdagi o`rindiqda o`tirgan yoshgina yigit qo`lidagi gaz suv to`ldirilgan idishni “tii-ist” etkazib ochdi-da, “vishillab” chiqayotgan tomchilarga ham parvo qilmay dast ko`tardi. Uning “qult-qult” etib yutoqib ichishi quloqlarimga aniq-tiniq eshitildi. Beixtiyor yutindim. Quruqshab yotgan tilim tanglayimga yopishdi.

“U tomonga qaramasligim kerak. O`zidan kattalar tik turibdi, joy bermagani etmagandek, suv ichishini qarang buning...” — og`rindim notanish yigitdan. 

O`zimni qiynamaslik, suvga suqlanib qaramaslik uchun orqa tomonga burildim. Lekin yigitning huzurlanib, “o-oh” deya chanqog`ini qondirib bo`lgani yanada tiniqroq qulog`imga kirdi. 

“Shu issiqda, ayni tushda ko`chaga chiqib zarilmidi, menga, — o`zimdan xafa bo`la boshladim. Keyin yana koyindim. — Zaril-da! Bolam uchun zaril! Uni deb hamma narsaga tayyorman-ku! Dilbandimni azobdan qutqarish, hayotga qaytarish uchun jahannamning olovini ham kesib o`tgan bo`lmasmidim? Bu issiq nima bo`libdi? Agar tushdan keyinga qolsam, o`sha doridan quruq qolaman-ku!”

Ro`za holimda uzoq yo`lga chiqishimga bir soat oldingi dugonamning qo`ng`irog`i sabab bo`lgandi. Aslida ro`zani ham o`g`limning dardiga shifo tilab, ixlos bilan tutayotgandim. Saharlikda ham, iftorlikda ham mushkulimni oson qilishini, bolamning dardiga davo berishini Xudodan so`rab, uzundan uzoq duoga qo`l ochardim. Ba`zida o`pkam to`lib, yig`lab ham olardim. Mana, duolarim etib boribdi shekilli, dori topildi. Dugonam sal hovliqmaroq emasmi, vahima bilan tushuntira ketdi:

—  Hoziroq yo`lga chiq. Men aytgan o`sha shahar chetidagi shifoxonaga borasan. Xolamning bir tanishi ishlaydi. O`g`lingga kerak bo`lgan dorini bir tanishi xorijdan keltiribdi. Sal qimmatroq deyishdi. Lekin topilganiga shukr qil. Shu dori bilan bolang oyoqqa turib ketsa bo`ldi-ku, to`g`rimi? O`tirma, chiq!

—  Pul... Erimdan pul olib qolmagandim-da!

—  Nega buncha lapashang bo`lmasang, telefon qil! Ering bolang uchun yo`q dermidi? Keyin chiq darrov yo`lga! Dori talash ekan. Agar bir soat ichida etib bormasang, boshqaga qimmatroqqa bo`lsa ham sotib yuborishadi. Bo`l tez, kiyin!

—  Mayli, xo`p! — dedim-u shosha-pisha kiyindim. 

O`n ikkiga kirayotgan katta o`g`lim shifoxonada, keyingi o`g`lim maktabda, qizalog`im esa bog`chada. Ular qaytadigan vaqt bo`lguncha bemalol borib kelishga ulguraman. Faqat erimga aytishim va pul olishim zarur.

— Uydagi bor pulni ol. Ellik ming etmaskan. Sen kelguningcha men ishxonadan topib turaman. Mendan olib, shifoxonaga o`tib ketasan, — dedi erim. 

Unga ham rahmim kelib ketdi. Ikki oydirki, uning topganini boshimizga tortsak, oyog`imizga, oyog`imizga tortsang boshimizga etmaydi. O`g`lim shifoxonaga tushganidan buyon-ku, uydagi qo`lga ilinadigan bir-ikkita narsamizni sotdik ham. Birdan bir umidimiz mana shu dorini topish edi.  Bir oydan buyon surishtirib topa olmay yurgandik. Mana, kimdir xorijdan keltiribdi va uning ham talabgori ko`p emish. Oluvchi ko`paygani sari narxi ham oshishi tayin. Agar men kechiksam, dorini keltirgan ayol boshqa birovga sotib yuborishini qayta-qayta aytganmish. 

—  Kechikmaslik uchun taksida borishim kerakmi? dedim — tutilib erimga. 

—  Doriga pul topilmayapti-yu, sen taksi deysan! 

—  Bo`pti, avtobusga chiqaman.

Mana, o`sha doriga etib olay deb avtobusdan tushmay turib, erim uzatgan pulni oldim-u, yo`limda davom etdim. Borgan sari boshimda turgan og`riq kuchayib, ko`z o`ngimdagi bor narsa ayqash-uyqash bo`la boshladi. Avtobus tutqichiga yanada mahkamroq yopishdim. 

— Hey olifta! Tur, manov ayolga joy ber mazasi bo`lmayapti... — dedi old qatordagi, yo`nalishga teskari qo`yilgan o`rindiqdagi amaki menga ko`zi tushishi bilan. 

Haligi rohatlanib suv ichgan yigit dik etib turdi. Men oyoqlarim qalt-qalt qilib uning o`rniga o`tirdim.

—  Suvingdan ozroq tut, bolam, — yonimdagi o`rindiqda o`tirgan onaxon mendan ko`z uzmay yigitga dedi. 

—  Ro`zaman, onajon! — dedim o`rindiq suyanchig`iga boshimni suyab.

—  Dargohiga qabul qilsin! Salqin joyda bir pas o`tirsang, o`zingga kelasan. Ichmasang ham, og`zingni bir chayqab tashla! Ichingga ketmasa bo`ldi. Ranging oqarib ketdi. 

—  Yaxshiman! — dedim va telefonim jiringlagani uchun sumkamni kavlashga tushdim. 

Qo`ng`iroq qilayotgan dugonam ekan.

—  Nima qilyapsan? Boryapsanmi? Anuv xotin telefon qildi. Yana bitta olaman degan odam xonasida o`tirganmiz. O`n besh daqiqada bormasang, berib yuborarmish... — dedi u shoshiltirib.

—  Avtobusdaman. Tushib taksiga o`tirsammikan?

—  Avtobusga balo bormi? Uydan chiqqandayoq taksiga o`tirishing kerak edi! Senga bolang kerakmi? Tush, mashinaga o`tir... — baqirdi dugonam.

Galdagi bekatga to`xtashi bilan avtobusdan tushdim-u, turnaqator kelayotgan mashinalarga qo`l ko`tara boshladim. Men aytgan narxni eshitishi bilan mashinalar indamay jo`nab yuborayotgandi. Asabiylasha boshladim. Boya avtobusdan tushmasam yarim yo`lga etib qolardim. Shu payt uch qadamcha nariga etmishdan oshgan kampir kelib to`xtadi. Qadam tashlashidan ko`zlari ojizligi sezilib turgan momo men va mashinalar o`rtasida to`siq bo`layotgandi. Undan nariga o`tish uchun u tomon odimladim. Sharpamni sezib, kampir so`z qotdi:

—  Men yo`lning narigi tomoniga o`tkazib qo`ya olmaysizmi?

Joyimda qotdim. Na rad eta olaman, na o`tkazib qo`ya olaman. Rad etishga tilim bormaydi, o`tkazib qo`yishga vaqtim etmaydi. 

—  Bolajonim... meni eshityapsizmi? — bir qadam narida turgan kampir xuddi ko`rib turgandek yuzma-yuz bo`lib so`radi.

—  Eshityapman, onajon! Assalomu alaykum! — dedim qo`llaridan tutib. 

Sekin vaziyatni tushuntirishga kirishmoqchi edim. Mendan oldin gap boshladi:

—  Nevaram shifoxonada. Tushliksiz qoldi, bugun. Otasi — kuyovim chet elda. Onasi ishda ushlanib qolibdi. Chidolmadim. Ikkita tuxum qaynatdim-u, yo`lga tushdim. O`zi bugun chiqishi kerak... 

—  Qaysi shifoxonada? — dedim o`zim bilmagan holda.

—  Ana, yo`lning narigi chetidagi shifoxonada.

Yo`lga alanglab, o`g`lim yotgan shifoxona yonida ekanligimni bildim. Ko`nglim bo`shab ketdi. Ovozim titrab dedim:

—  Mening ham o`g`lim shu shifoxonada. Uyam og`ir dardni ortmoqlab bir o`zi yotibdi. 

—  Xudo shifo bersin! Yo`limiz birligi yaxshi bo`libdi, bolam. Siz bilan birga birga etib olaman...

“Obbo, endi to shifoxonaga olib borib qo`yishimni so`rasa edi...” — ichimdan zil ketdim. 

Azaldan ko`nglim bo`sh. Birovning iltimosini rad etolmayman. Yana momoning ko`zi ojiz, bu ham etmagandek o`g`lim kabi xasta nevarasi och yotgan ekan. O`zimga qarshi chiqib bo`lsa ham endi yo`lovchi kampirni tashlab keta olmayman. 

—  Men o`zi so`qir bo`lmaganman, — gapida davom etdi momo. — Aslida ko`r bo`lib tug`ilganimda yo`lda yurishga qiynalmasdim. Men yaqinda shu dardga yo`liqdim. Nima sababdan ko`zlarim ko`rmay qolganini bolalarim yashiradi mendan...

Momoning gaplari qulog`imga kirmay qo`ydi. Issiqni ham, tashnalikni ham, holsizlikni ham hamma-hammasini unutdim. Shunaqa bo`larkan! Boshqa dard og`ir kelsa, engilini unutarkansiz. Menam bolamga zarur bo`lgan doridan ayrilayotganim uchun o`zimga tegishli bo`lgan bor dardni unutgandim. Lekin keksa ojiz kampirni tashlab ketish ham qo`limdan kelmasdi. 

Yana telefonim jiringladi. Dugonam... 

“Bo`ldi, doridan ayrildim!” — dedim o`zimga o`zim.

—  Bo`ldi, doridan ayrilding! — dedi u ham dilimdan kechganini takrorlab. — Toshbaqaga o`xshab yuraver, sen! Boya o`zim chiqsam bo`larkan. Haligi odam qo`ymabdi. Avrab olib ketibdi, dorini. Bo`ldi, orqangga qayt!

“Do-o-od!” —deb yuborishimga ozgina qoldi. Titrab ketganimni kampir ham sezdi shekilli, so`radi:

—  Tinchlikmi? Nima bo`ldi?

—  Tinchlik... Dugonam telefon qildi... — dedim-u ko`zlarimdan oqayotgan yoshlarni to`xtata olmay, alamdan lablarimni tashladim. 

Kampir ko`zimga alvastidek ko`rindi. Ichimda qarg`amoqchi ham bo`ldim. Yana bir tomondan uni oqlab ham qo`ydim: “Kampirda ayb yo`q! Axir taksiga o`tirgan taqdirimda ham bu vaqt ichida o`sha ayol ishlaydigan shifoxonaga etib borolmasdim...”

Lekin yuragimni armon kemirishini qo`ymas, hozir o`g`limning ko`zlariga qarashni o`ylasam adoyi tamom bo`layotgandim. Erimni ham aybladim, bir. Taksiga pulni qizg`andi-da! Uyam nima qilsin? Taksiga sarflasak, doriga etmasdi pul. Erim bechora ham eshitsa ich-etini eydi, endi. Taksiga pulni qizg`angani uchun ham o`zini eb qo`yadi. Dunyoga sig`may keta boshladim. Shifoxonaga qanday kirib borganimni bilmayman. Kampir bilan nevarasining palatasigacha boribman. Chiroyli, kelishgan ayol so`rashgandagina o`zimga keldim. 

—  Rahmat, oyimni shuncha yo`lga etaklab kelibsiz! Oyimning ham ichi tor-da! Ishda ushlanib qoldim, desam kelaveribdi. Mana, baribir bu kishidan oldin keldim. Yana, o`g`limga tuxum mumkin emas! Mayli-da! — jilmaydi ayol.

—  Bo`ldi, meni gapiraverma! Bu qizimning o`g`li ham shu erda yotgan ekan. Og`irligim tushgani yo`q. Yo`limiz bir edi, — o`zini oqladi kampir.

—  O`g`lingiz shu erdami? Shifo bersin! — bolasini bag`riga bosib dedi ayol. — Xavotir olmang. Tuzalib ketadi. Mana, biz tuzaldik-ku!

Xayrlashmoqchi edim, ayol shart burilib, orqaga, shkaf tomonga ketdi. Shkafning g`aladoniga egilarkan, dedi:

—  Ko`nglingizga olmasangiz, shu dorilarni sizga beraman! O`g`lim shundan sog`aydi. Endi bizga kerak emas. Kerak ham bo`lmasin! 

U kelib qo`limga dorini tutqazganida esa quvonchdan qichqirib yuboray dedim. Bu o`sha, men izlab topa olmagan, quvlab eta olmagan dori edi. 

—  Qanchaga olgansiz? Qancha beray? — sumkamning og`zini ocha boshladim hayajonlangancha.

U esa qo`limni mahkam tutdi:

—  Kerak emas! Bolangiz sog`ayib ketsa bo`lgani! Chin dildan beryapman! Shu dardni o`zim boshimdan kechirib, sizdan pul olamanmi?

Men qotib qoldim. Parvardigorning tadbiridan, “chevarligi”dan lol edim. 

N.USANBOEVA yozib oldi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!