“Tashabbus – 2016” yilning eng yaxshi tadbirkori, fermeri hamda hunarmandini aniqladi

08:56, 07 aprel

Poytaxtimizda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2016” ko`rik-tanlovining respublika bosqichi yakunlandi. 

An`anaga ko`ra, «Turkiston» saroyida «Tashabbus – 2016» ko`rik-tanlovi g`oliblarining nomi tantanali ravishda e`lon qilindi. 

G`oliblar uchta asosiy – «Yilning eng yaxshi tadbirkori», «Yilning eng yaxshi fermeri» va «Yilning eng yaxshi hunarmandi» yo`nalishlari, shuningdek, «Yilning eng yosh tadbirkori», «Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli», «Eng yaxshi innovasion loyiha», «Yoshlar uchun eng ko`p ish o`rinlari tashkil qilgan tadbirkor», «Mening Vatanim – mening faxrim», «Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi», «Oziq-ovqat sanoatida yilning eng yaxshi tadbirkori», «Yilning eng yaxshi mahsuloti», «Yilning eng yaxshi eksportchisi» va «Eng yaxshi mas`uliyatli ijtimoiy sherik» kabi qo`shimcha nominasiyalar bo`yicha aniqlandi. 

«Yilning eng yaxshi tadbirkori» nominasiyasida Namangan viloyatidan «Aisha Home Textile» qo`shma korxonasi rahbari Jobir Kamoliddinov g`olib bo`ldi. Mazkur korxona to`qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 

Toshkent viloyatidan Ismatilla Dadaboev «Yilning eng yaxshi fermeri» deb topildi. Uning rahbarligidagi xo`jalikda paxta va g`alla etishtiriladi, qoramol va parranda parvarish qilinadi, qishloq xo`jaligi mahsulotlari qayta ishlanadi. 

Toshkent shahridan Madina Qosimboeva «Yilning eng yaxshi hunarmandi», deb e`lon qilindi. U kashtachilik va so`zana mahsulotlari ishlab chiqaradi. 

Tadbir O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi va “Hunarmand” uyushmasi tomonidan vazirlik va idoralar ko`magida tashkil etildi. 

Joriy yilda ushbu tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 7 ming 700 dan ziyod tadbirkor, fermer va hunarmand qatnashdi. Ularning 540 nafardan ortig`i hududiy bosqichlarda ishtirok etish huquqini qo`lga kiritdi. Hakamlarning yuqori baholariga sazovor bo`lgan 41 ishtirokchi “Tashabbus – 2016” ko`rik-tanlovining mamlakat bosqichiga yo`llanma oldi. 

 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!