2016 yilning o`tgan davrida 7,5 ming noqonuniy “taksichilar” aniqlandi

09:28, 07 aprel

O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasida aholiga pullik transport xizmati ko`rsatishni yanada takomillashtirishga bag`ishlangan video-seminar bo`lib o`tdi. 

Mamlakatimizda ikki yarim mingga yaqin transport korxonasida qariyb 61 ming transport vositasi mavjud. Shundan 31,4 mingtasi engil avtomobildir. Tarmoqda 90 mingdan ziyod ishchi-xodim faoliyat ko`rsatmoqda. 

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 18 maydagi “Yo`nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, har bir transport vositasi muayyan talablarga javob berishi, jumladan, lisenziya kartochkasi, taksometr, davlat soliq xizmati organlarida ro`yxatdan o`tkazilgan nazorat-kassa mashinasi va bank plastik kartochkalaridan to`lovlar qabul qilish bo`yicha to`lov terminali bilan jihozlangan bo`lishi lozim. 

Yo`nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish, avtotransport vositalarida aholiga noqonuniy xizmat ko`rsatishning oldini olish maqsadida davlat soliq xizmati organlari tomonidan tegishli tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda nazorat tadbirlari o`tkazib kelinmoqda. 2016 yilning o`tgan davrida o`tkazilgan shunday tadbirlar davomida 7 ming 500 jismoniy shaxs noqonuniy faoliyat bilan shug`ullanayotgani aniqlangan. 

Mazkur nazorat tadbirlari aholiga ko`rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini yanada yaxshilash, harakat xavfsizligini ta`minlash, tadbirkorlik sub`ektlarining qonuniy faoliyat ko`rsatishi uchun yaqindan yordam ko`rsatishga qaratilgan. 

Seminarda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar o`rganildi. Ishtirokchilarning savollariga mutasaddi idoralar vakillari javob qaytardi. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!