Badavlat insonlar ishlatmaydigan 4 jumla

09:58, 07 aprel

Ruhshunoslarning fikricha, boy-badavlat bo`lib yashash, bu – omad yoki mehnatga emas, ko`proq fe`l-atvorga bog`liq masala ekan. Inson biror yo`nalishda tengsiz bo`lishga intilishi va maqsadiga etishida uning fe`l-atvori ham muhim o`rin egallaydi. Aslida, «boyish» degan tushuncha yo`q. «Boy fe`l-atvor» degan tushuncha mavjud. 

Insonni muvaffaqiyat, o`z navbatida farovon hayot tarzi sari boshlab boradigan eng muhim omil bu – to`xtamaslik, ya`ni maqsadga qat`iylik. Konfusiyning ta`kidlagani kabi, modomiki to`xtamas ekansan, sekin yoki tez yurishing muhim emas.

Tasavvur qiling, siz o`tirgan davraning bir tomoningizda o`rta hol va bir tomoningizda boy insonlar o`tirishibdi. Ularga quloq tuting.

O`rta hol insonlarning mavzusi aylanib-aylanib pulga, moliyaviy qiyinchilik yoki oila tebratish, turmush ikir-chikirlari bilan ulanib qolaveradi. Ular qiyinchiliklardan nolishni, muvaffaqiyatga erishish oson emasligini aytishadi. Garchi, ularning fikri, rejalari qarshilarida o`tirgan badavlat insonlarnikidan muhim va jo`yali bo`lsa ham, uni amalga oshirish uchun hafsala yoki sa`y-harakatlari ojizlik qiladi. Siz ham o`z-o`zidan mana shu oqim bo`ylab suzib, omadsiz ekaningizga ishonib qolasiz.

Endi, o`ziga to`q insonlarning suhbatlariga quloq tuting. Ularning o`zlariga ishonchlari naqadar yuqori. Ular bir-birlariga navbat bermasdan, fikrni-fikrga ulaydilar. Badavlat insonlarning mavzulari ishonch ustiga quriladi: ular har qanday rejani amalga oshirish mumkinligiga ishonishadi. Bunday insonlar davrasida ijobiylik hukmron bo`ladi.

Ehtimol, ular ham qachonlardir o`rta hol davrada o`tirgan, bugungi kabi dadil gap-so`zlar ularga yot bo`lgan bo`lishi mumkin. Ana shunday – o`z-o`zini badavlat qilgan insonlar bilan suhbat esa butunlay boshqacha bo`ladi. Ular nisbatan kamgap, ko`p tinglaydigan bo`lishadi. Ularning ishonchlari gap-so`zlarida emas, nigohlarida aks etadi.

Quyida Erkak.uz nashri boy-badavlat insonlar ish jarayonida, o`zaro suhbatda deyarli ishlatmaydigan gaplarni diqqatingizga havola qilamiz.

«Bo`lishi mumkin emas!»

Bo`lishi mumkin! Bu hayotda har narsa bo`lishi mumkin. Badavlat kishilar imkonisizlikning ham chegarasi borligini bilishadi. Bunga ishonish kerak. Aytishadiku, kuylashni xohlagan insonga qo`shiq ham topiladi.

Siz yarim yo`lda to`xtamang. Boshqalar kabi, yurakka qo`shiq ham sig`magan vaqtda radioni ovozini zchirish o`rniga, siz aynan o`sha damda kuylashni, o`sha damda har doimgidan ham jadal harakat  qilishni o`rganing.

Siz ham o`zingiz sevgan, faoliyat ko`rsatayotgan sohada tengsiz bo`lishga intiling. Bu sohada omadingiz kelishi, buning orqasidan yaxshi hayotga erishish mumkinligiga ishoning. Har gal oynaga qaraganingizda o`zingizga qarab «bo`lishi mumkin!» deyishga odatlaning.

Balki, o`tmishni o`zgartirish qo`limizdan kelmas. Ma`lum qonun-qoidalarga qarab ish qiluvchi odamlarni ham o`zgartirishga ojizmiz. Muqarrar narsani ham to`xtata olmaymiz. Qo`limizdan keladigan yagona ish bu xulqimizni ularga nisbatan to`g`ri yo`lga boshlashdir. Hayotning 10 foizi nimanidir sodir bo`lishi bo`lsa, 90 foizi unga nisbatan munosabatimizdan iborat. Siz esa, yaxshilikka, yaxshi hayotning sodir bo`lishiga ishonib yashang.

«Boy bo`lishga munosib emasman!»

Erkakning eng katta xatosi – o`zini hayotning eng yaxshisiga munosib ko`rmasligidir. Agar shunday bo`lsa, unda juda og`ir vaziyatdasiz.

Endryu Karnegi Amerikaga kelganida ko`chada odamlarni oyoq kiyimini artib-tozalab kun ko`radigan ko`cha bolasi bo`lgan. Yillar o`tib uning qo`l ostida millionerlar ishlagan. Sababi – u o`zini munosib ko`rgan.

Ba`zida oddiy oila farzandlarining hayratlanarli hayot yo`llariga guvoh bo`lamiz. Bu ham ularning o`zlarini bunga munosib deb bilishlariga misol. Oddiy advokatning o`g`li Bill Geyts bir necha o`n yillardan buyon dunyoning eng boy kishisi.

O`rta holdan chiqqan badavlat inson ham «Nega men bo`lmasligim kerak?», «Nega men yaxshi yashamasligim kerak?», «Nega u va men emas?» kabi savollarni o`ziga bergan va harakat qilgan. Bu savollar unga yo`lidagi to`siqlarga echim topish uchun kuch ham beradi.

Unutmang, dunyo ko`zguga o`xshaydi. Kim unga qaysi nazar bilan qarasa o`zini shu qiyofada ko`radi. Siz o`zingizga hurmat nazari bilan qarang va bunga o`zingizni munosib ko`ring. Yaxshi yashashga siz ham munosibsiz.

«Kun kelib bularni qo`ldan boy beraman!»

Ba`zi insonlar ko`proq davlatga erishganlari sayin tabiatida qo`rqoqlik ustun bo`lib boradi. Buning sababi ko`p. Deylik o`ziga ishonchsizlik, boylikka tasodifan erishgani, bilimsizlik, ertani ko`ra olmaslik bo`lishi mumkin.

Ikki xil kuch bor: tashqi va ichki. Biz zilzila, to`fon yoki kasallik ustidan nazorat qila olmaymiz. Ammo, to`g`ri munosabatda bo`lib, ichki kuchni qo`lga olishimiz mumkin. Pul bilan muomala qilish esa ichki masala. Demak, uni nazorat qilish mumkin.

Qolaversa, dunyodagi eng bevafo do`st bu – boylikdir. Biz duch keladigan dalil unga bo`lgan munosabatimizchalik muhim emas. Muvaffaqiyatimiz yoki mag`lubiyatimiz dalillarga emas, unga bo`lgan munosabatimizga bog`liq. Shunday ekan, davlatning qo`ldan ketishini fojea deb hisoblamaslik kerak.

«Ishim o`zimga yoqmaydi»

Ma`lumotlarga qaraganda, sayyoramizdagi xodimlarning deyarli yarmiga o`zi qilayotgan ish, vazifasi yoqmas ekan. Ular muntazam ishni o`zgartirish, yaxshi ish topishga harakat qilishadi. Bunday fikr bilan hech qachon boyish mumkin emas.

Agar yosh bo`lsangiz, o`zingiz uchun qiziq bo`lgan soha bo`yicha o`qing. Insonning baxtli yashashi ko`p jihatdan uning ishiga ham bog`liq. Axir oilaning baxti iqtisodiy masalalarga daxldor. Shunday ekan, o`zingizga yoqmaydigan ishni qilmang. Shunda «ishim o`zimga yoqmaydi» degan nolishga ham asos qolmaydi.

Boy insonlar ish bilan bog`liq zavq-shavq, yangi marralardan ruhlanish boylikni topishning muhim kaliti ekanligini bilishadi. Buning uchun ishni sevish kerak. Shunda inson tanasida tuganmas sa`y-harakat vujudga keladi.

Ko`pchilik tongda ishga borar ekan, bugun ishxonada uning hayotini yaxshi tomonga o`zgartiradigan biror nima bo`lishini umid qiladi. Ba`zilar hech bo`lmasa o`zini ovutish uchun, hayotdan ilhomlanish, yashash uchun ishlaydi.

Badavlat insonlar ishga borar ekan, ular o`zlari bilan idoraga kayfiyat olib kirishadi. Ular nimadandir yoki kimdandir umid qilishmaydi. Ular umidni o`zlari bilan olib yurishadi.

Xulosa.

Siz boyish uchun harakat qilmang. Yaxshi yashash uchun, o`z yo`lingizni topish va orzularingizga erishish uchun harakat qiling. Boylik – kim uchundir yo`nalishni topish uchun kompas, kim uchundir esa uni yondirib yuboruvchi, ko`zini ko`r qiluvchi olov. Boylikka erishishda ko`r-ko`rona harakat qilmang.

Pul-mablag`ga boylikning belgisi deb qaramang. Inson mol-davlatga ega bo`lib ham boylardek yashamasligi, aksincha o`rta hol bo`lib ham badavlat insondan farovon yashashi ham mumkin. Mol-davlatga siz hayotni yorug`ligi deb qarang. Uning yordamida o`zingizdagi ichki qobiliyatni namoyon qiling va boshqalarga ham yashashlariga yordam bering.

Biz istayotgan farovon hayot, avvalo tasavvurimizda yaraladi. Shu tasavvurga ko`ra o`zimizni tarbiyalashamiz kerak. Xulqimiz ijobiy bo`lsa, o`zimiz kutgan baxt, orzu qilgan hayot va boylikni albatta uchratamiz.

Bu yo`lda barchangizga omad yor bo`lsin!

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!