Mishel Obama so`nggi marotaba Oq uyga gul va sabzavot ekdi

14:32, 07 aprel

AQShning birinchi xonimi Mishel Obama so`nggi marotaba Oq uy hududiga sabzavot va gul o`tqazdi, deb xabar berdi “Lenta.ru”.

Amerikada semizlikdan aziyat chekayotgan insonlarga sog`lom turmush tarzi, sof tabiiy mahsulotlarning inson organizmiga qanchalik foydasi borligini isbotlash maqsadida Obama 2009 yilda shu bog`ni yaratdi. Bundan bir necha yillar muqaddam bu erga ilk marotaba qadam ranjida qilib, ilk nihollarni o`tqazgan bolalar ham tadbirga taklif etildi.

Prezidentning rafiqasi tadbirga tashrif buyurgan barcha yoshlarga minnatdorchilik bildirdi va kelajakda Oq uyning yangi sohiblari ham bu an`anani davom ettirishiga ishonch bildirdi: “Bog`ni o`z farzandimday yaxshi ko`raman, mehr qo`yganman, umid qilamanki, kelajakda ham unga yangidan-yangi nihollar ekiladi”, — dedi Mishel Obama.

AQShda 2016 yil 8 noyabr kuni Prezident saylovi o`tkaziladi. Amaldagi prezident Barak Obama uchinchi muddatga o`z nomzodini qo`ya olmaydi.

Ikkinchi jahon urushi davrida prezidentning rafiqasi bo`lmish Eleonora Ruzvelt Oq uy hududida “G`alaba tomorqasi”ni yaratib, inqiroz paytida ham inson harakat qilsa, tomorqadan oziq-ovqat etishtirishi mumkinligini isbotlab, amerikaliklarga ibrat bo`lgan edi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!