Erkin Komilov: “Do`lana”da suratga tushganim uchun o`zimdan xafaman

14:45, 07 aprel

Hojiakbar Haydarovning “Do`lana” qo`shig`i va klipi telekanallar va internet saytlari orqali namoyish etilganidan so`ng keskin tanqidlarga sabab bo`lgan edi. Aksariyat tinglovchilar Hojiakbarni marhum otasi Nuriddin Haydarovning qo`shig`ini buzganlikda aybladi. Klip ham xonandaga kutilgan omadni olib kelmadi. Hatto unda suratga tushgan O`zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari ham bachkana xatti-harakatlar qilganligi bir necha marotaba aytib o`tildi. 

“Tasvir” gazetasi Hojiakbar Haydarovning “Do`lana” klipida suratga tushgan aktyorlar Erkin Komilov, Tesha Mo`minov va Hamid Po`latov bilan bog`lanib, klip haqidagi ularning fikri bilan qiziqdi.

Erkin Komilov:

Xalqimizning sevimli xonandasi, O`zbekiston xalq artisti Nuriddin Haydarov oramizdan erta ketdi, oxirati obod bo`lsin. San`atda o`z o`rni bor, o`z muxlislarini topgan qo`shiqchi edi. Nuriddinga hurmatim baland edi, yaqin edik.  Menga so`zlari hammamizga yod bo`lib ketgan “Do`lana” qo`shig`ini o`g`li kuylayotganini aytib, “Klipida   qatnashib bersangiz” deb iltimos qilishdi. “Yo`q” deyolmadim. O`g`lining: “Dadam sizni yaxshi ko`rardi...” degan gapidan keyin marhum qadrdonimning xotirasi uchun klipda suratga tushishga rozi bo`ldim. S`yomkaga borganimizdan keyin noto`g`ri qilganimni tushunib, afsuslandim. Ko`ngli bo`shlik qilganim uchun o`zimdan xafa bo`ldim. Menga qo`shiqning talqini yoqmadi, o`zbekona ashula chiqmabdi. Bunaqa vaziyatda nima qilardi odam? Suratga tushishdan qaytayotib, rejissyorga “Biz tushgan joylarni qirqib tashlang...” deb qayta-qayta tayinlab ketdim.

Tesha Mo`minov:

—Klipda nima ko`rsatilishi, mazmunidan bexabar bordim. Borgandan keyin ancha odam to`plangani, tayyorgarlik ko`rilgani, bunga qancha vaqt sarflanganini ko`rib, tashlab ketish ham noqulay bo`ldi. Klipda suratga tushish uchun “Yosh san`atkorga ruhiy madad bo`lar” degan ma`noda borgandim. Biz otasining o`rnini bossin, degan yaxshi niyatda yordam bermoqchi bo`ldik. Bunaqa engil-elpi narsa olishi xayolimizga ham kelmabdi. Tushunganimizdan keyin esa kech bo`ldi...

Hamid Toshpo`latov:

—Klipda suratga tushish uchun uch-to`rtta odam o`rtaga tushib, qilgan iltimoslariga “yo`q” deyolmadim.  Klip jarayoni haqida bilgandan keyin ustoz san`atkorlarning oldida tashlab chiqish ketish ham noqulay bo`ldi. Ammo men aktyorman va hech qanday uyat ish qilganim yo`q. O`z vazifamni bajardim.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!