60 nafar keksa kinoijodkorlarga zamonaviy televizorlar sovg`a qilindi(Foto)

16:43, 07 aprel

Kuni kecha “O`zbekfilm” kinostudiyasida joylashgan “Zamin” restoranida kinoijodkorlar ishtirokida Navro`z nishonlandi.

Unda milliy kinematografiya san`atining ravnaqiga hissa qo`shgan kinoijodkolarga alohida hurmat va e`tibor ko`rsatilib, dasturxon yozildi, doshqozonlarda sumalak va osh tayyorlandi.

Tadbirda 320 nafar kinorejissyor, operator, rassom, ovoz rejissyori, aktyor, montajchi, kinoshunos kabi sohaning fidoiy va zahmatkash xodimlari ishtirok etishdi.

Bayram tadbirida 60 nafar keksa kinoijodkorlarga zamonaviy “Artel” televizorlari sovg`a qilindi. O`zbekiston xalq artisti, O`zbekiston san`at arbobi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, rejissyor Shuhrat Abbosovga suratga olgan filmlari asosida tayyorlangan maxsus kartina topshirildi.

Tadbir davomida Shuhrat Abbosov, Rixsi Ibrohimova kabi ustoz san`atkorlar so`zga chiqib, yurtimizda tinchlik-xotirjamlik hukm surayotgani sababli shunday bayramlar bo`layotganligini alohida ta`kidlab o`tishdi.

Shuningdek, O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Abdurashid Yo`ldoshev, Ziyoda Qobilova kabi bir qator estrada xonandalari, raqs va karnay-surnay guruhlari kinematografchilarni bayram bilan tabriklashdi.

     

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!