Toshkentda avtobusda chekkan haydovchiga chora ko`rildi

11:28, 08 aprel

Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhida ishtirokchilardan birining yo`lovchilar to`la avtobusda chekayotgan haydovchi haqidagi chiqishi chop etilib, unga avtobus raqami ko`rinib turgan foto ham ilova etildi. Bu haqda “Potrebiteli.uz” guruhiga asoslanib, “Daryo” nashri xabar bermoqda.

Chiqishga O`zbekiston Respublikasi xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi reklama faoliyati ustidan nazorat va iste`molchilar huquqini himoya qilish boshqarmasi xodimlari e`tibor qaratdi. Ular guruhda chop etilgan materialni vaziyatga oydinlik kiritish uchun “Toshshahartransxizmat”ga yubordi.

Avtobus haydovchisi topilib, yo`lovchi transportini boshqarish chog`ida chekkanligi tasdiqlandi. Unga o`rtacha oylik maoshining 20 foizi miqdorida jarima solindi va boshqa yo`nalishga o`tkazildi.

“Endi 12-avtobus saroy haydovchilari avtobus salonida chekishga jur`at etmasa kerak, chunki guruh ishtirokchilari mobil telefonlari kamerasi nishonida va qo`mita xodimlari nazoratida ekanliklarini yaxshi biladi”, — deb yozadi “Potrebiteli.uz”.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!