Hojiakbar Haydarov “Do`lana” qo`shig`iga nisbatan tanqidlarga munosabat bildirdi

13:36, 08 aprel

O`zbekiston xalq artisti, marhum Nuriddin Haydarov ijrosidagi “Do`lana” qo`shig`i oradan 25 yil o`tib, uning o`g`li, yosh xonanda Hojiakbar Haydarov tomonidan qayta kuylandi. Biroq qo`shiq va unga ishlangan klip keskin tanqidlarga sabab bo`ldi. Hatto, unda rol ijro etgan aktyorlar ham mazkur klipdagi ishtirokidan uyalishini ma`lum qildi.

“7x7” gazetasi “Do`lana” qo`shig`ining ijrochisi Hojiakbar Haydarov bilan bog`lanib, uning tanqidlarga bo`lgan munosabati haqida so`radi. 

“To`g`ri qo`shiq yoshi katta tinglovchilarga manzur bo`lmadi. ‘Qo`shiqni buzib ijro etibdi’, degan tanbehlarni ham eshitdim. Ammo buning o`ziga xos sababi bor. Dadamning ‘Yulduzim’ qo`shig`ini o`zidek ijro etganimda, ustozlar ‘ Ijroda o`ziga xoslik yo`q’, deyishdi. Agar ‘Do`lana’ni ham xuddi o`zidek ijro etganimda, u yoshlar ham tinglaydigan qo`shiq bo`lmasdi. Shu sababli musiqa va ijro uslubini zamonaviylashtirdik. 

Shu kungacha bironta klipni ekran qarshisida o`tirib, oxirigacha tomosha qilmaganman. Chunki qaysi sahnadan keyin qaysinisi kelishini yaxshi bilaman. ‘Do`lana’ga ishlangan klipning o`ziga xosligi shundaki, kadrlar yodingizda qolmaydi. E`tiborni jalb qilib, ‘Klip qanday yakunlanarkin?’ degan savol tomoshabinni o`ylantiradi”,—deydi Hojiakbar Haydarov.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!