Och qoringa eb bo`lmaydigan 9 mahsulot

15:00, 08 aprel

Qorin ochiqqanida dasturxonga qo`yilgan jamiki noz-ne`matlarni paqqos tushirgimiz keladi. Ammo bu ishimiz oshqozonimizga og`irlik qilishi haqida sira o`ylamaymiz. Yo`q, o`ylaymiz, faqat sal keyinroq, og`riq yoki biror bezovtalik kelib chiqqanida. Bunday bo`lmasligi uchun esa och qoringa eyilmaydigan mahsulotlar bilan tanishib olsangiz, zarar qilmaydi. Bu borada oliy toifali shifokor-terapevt Nodira HAMROEVAning fikrlari bilan qiziqdik .  

BANAN 
Mevalar hazm faoliyatini yaxshilaydi, deymiz-u, ammo mevadan mevaning farqi bor-da. Masalan, tarkibida magniy ko`p bo`lgan bananni och qoringa eyish tavsiya etilmaydi. Yo`qsa, magniy va kalsiy muvozanati buzilishi mumkin. Bu esa yurak qon-tomir tizimi faoliyatida turli  o`zgarishlarni keltirib chiqaradi. 

SITRUS MEVALAR
Yoz jaziramasida ko`chadan kirgan zahotingiz muzdek sitrus mevalarga ixtiyor berasizu, chanqog`ingizni qondirasiz. Aslida esa oshqozoningizning gaz va kislotalar bilan to`lgani qoladi, xolos. Ayniqsa, sitrus meva sharbatlari me`da devorlarini qattiq ta`sirlantiradi. Natijada fermentlar ta`sirlanishi yuz berib, turli kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Bu holat ayollarda hayz siklining o`zgarishini ham sabab bo`ladi. 

DO`LANA 
Ko`p miqdordagi organik  moddalar va limon kislotasi oshqozon suyuqligining faol ajralishiga olib keladi. Och qoringa me`da shirasi shusiz ham ko`p ajraladi. Do`lana esa ushbu holatni yanada jadallashtirishi mumkin. 

YOGURT 
Dietologlar tavsiyasi: yogurtni och qoringa iste`mol qilmang. Ushbu mahsulot nonushtadan so`ng yoki uyquga yotishdan oldin eyilsa, hazm faoliyatini yaxshilaydi. Och qoringa esa foydali hususiyatini yo`qotadi. 

KARTOShKA
Qovurilgan kartoshka fri, kartoshkali quymoq yoki yana boshqa eguliklar albatta, mazali. Biroq taomlanishni bular bilan boshlamang. Kartoshka tarkibida oshlovchi moddalar va pektin bo`lib, oshqozon shirasining ajralishini faollashtiradi. Shira me`yoridan ko`p ajralganida esa oshqozonda og`irlik seziladi. 

XURMO 
To`yimli va og`izga xush yoquvchi ta`mli xurmo bilan tamaddi qilishni boshlaysiz. Ammo bir narsani unutmang: xurmo tarkibida ham huddi kartoshka kabi moddalar, oshlovchi kislota va pektin bor. Bo`sh oshqozonga eyilganida, yaxshi hazm bo`lmay, gelga o`xshash ko`rinishga keladi. Bu esa o`z navbatida toshga aylanishi mumkin. 

POMIDOR 
Issiq kunlarda pomidor qo`shilgan sabzavotli salatlar jonning rohati. Ammo 2-3 soatdan beri hech nima iste`mol qilinmagan bo`lsa, tamaddini salat bilan boshlash mumkin emas. Chunki pomidorda ham pektin moddasi bor. Yaxshi hazm bo`lmaganida oshqozonda og`riq paydo qiladi. 

ShAKAR 
Ko`pchilik avval shirin choydan xo`plab, so`ng biror nima tamaddi qiladi. Bu noto`g`ri! Shakar juda tez singish hususiyatiga ega. Bo`sh oshqzonga tushganida tezda «yo`li» ni topib oladi. Qarabsizki, organizmingiz qondagi insulin miqdori nazoratini qo`ldan chiqaradi. Bu hali hammasi emas. Muntazam och qoringa shirin choy ichilishi ko`z nuriga ham ta`sir etadi. 

SARIMSOQ 
Ishtahani yaxshilaydi, deya e`tirof qilinsa-da, och qoringa sarimsoqni tanlamang. Bu poliz ekini tarkibidagi allisin moddasi oshqozon devorlarini qattiq ta`sirlantiradi. Tez-tez takrorlanishi esa gastrospazmaga olib kelishi mumkin. 

Juda ochiqqan bo`lsangiz ham ishtahangizni nazorat qilishga harakat qiling. Qorinning g`amini eyapman deya, oshqozonning tashvishiga tushib qolmang tag`in.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!