Yuragimda saqlaganlarim: “O`g`lim mendan begona qizni ustun qo`ydi...”

16:20, 08 aprel

Tahririyatimizga xat yo`llagan vodiylik onaxonning qalb  so`zlari balki bugun kimlargadir qandaydir qaror chiqarishiga ko`mak berar. Bizni to`qqiz oy vujudida, butun umr esa qalbida ko`tarib, asrab-avaylovchi mushtipar onalarimizni asrab-avaylaylik...

Muhtasham to`yxona ichida yor-yor sadolari yangrayapti. Bugun ko`zimning oqu qorasi, farzandimning baxt to`yi. Mana shu koshonada bugun mening o`g`lim kuyov degan nomga sazovor bo`ladi. To`yxona eshiklari ochilib, birin-ketin mehmonlar kirib kela boshlashdi. Ammo, ana shu mehmonlar orasida bugungi to`yda qatnashishi kerak bo`lgan eng muhim insonlar, ya`ni biz — kuyovning ota-onasi yo`qmiz. Ana shunday quvonchli kunda biz farzandimizning baxtiga sherik bo`la olmayapmiz.

Sen tug`ilganingda butun dunyoda otang ikkimizdan baxtliroq odam yo`qday edi. Farzandimiz ulg`ayib insofli, diyonatli, mard va jasur bo`lib etishsin, degan yaxshi niyatlar bilan senga  Jasur deya ism qo`ydik.  Sendan keyin ukang va singling tug`ilishdi. Biz seni ukang va singlingga namuna sifatida ko`rsatardik. Maktabda erishgan muvaffaqiyatlaring haqida gapirib, ularga sendan o`rnak olishlarini tayinlardik. Sen sinfdagi eng faol o`quvchi eding. Tirishqoqliging va o`tkir zehning bilan deyarli hamma fanlarni a`lo baholarga o`zlashtirarding. Bundan biz cheksiz g`urur va iftixorga to`lardik. Ushalmagan orzularimiz va erisholmagan havaslarimiz ijobatini senda ko`rishni istardik.  

Otang korxona ishchisi, men esa o`qituvchi bo`lib ishlaganmiz. Oddiygina, ammo o`zimizga to`q hayot kechirardik. Otang ikkalamiz sizlarni hech kimdan kam qilmaslikka intilardik. Bolalar katta bo`lavergani sayin ularning tashvishlari ham ortib borar ekan. Hayot yo`llari past-balandliklardan iborat ekan. Sen tibbiyot sohasiga qiziqib qolding.  Kelajakda mana shu sohada oliy o`quv yurtiga kirishni orzu qilarding.  Qo`shimcha darslar uchun pul kerak edi. Bizning  maoshimiz esa ro`zg`ordan ortmasdi. Buyoqda ukang va singling ham ulg`ayib qolishdi. 

Shunda men sen uchun kasbimni, o`zim sevgan va bir umr ishlagan kasbimni qurbon qilishga ahd qildim. Ishdan bo`shadim. Dehqon bozorida sabzavot olib-sotishga kirishdim. Uncha-muncha daromad qilib, imtihonga puxta tayyorlanishing uchun, repetitorga qatnashing uchun sharoit yaratdik. Bozorda savdo qilish hamma o`ylaganidek oson emas ekan. Gohida tinchgina maktabda dars berib yursam bo`lmasmidi, deb qo`yaman. Yana farzandlarim, seni, ukang va singlingni o`ylayman. “Hali o`g`lim o`qishlarga kirib ketsa, katta shifokor bo`ladi, o`shanda bu qiyinchiliklarim unut bo`lib ketadi” deyman-da o`zimni ovutaman.

Ko`p o`tmay sen imtihonlardan muvaffaqiyatli o`tib, tibbiyot instituti talabasiga aylanding.  Otang va mening yuzimizni yorug` qilding, qalbimizni g`ururga to`ldirding. Shartnoma asosida kirgan bo`lsang ham boshimiz ko`kka etdi.  Shartnoma pulini amallab to`laymiz, muhimi o`z kuchi bilan kirdi-ku, deb quvondik. Qavmu qarindoshlar, qo`ni-qo`shnilar bizga havas qilardi. Bizning bolalarimiz ham Jasurga o`xshasin, deb niyat qilishardi. Sendek bilimli va aqlli farzandni voyaga etkazayotganimiz uchun ustozlaring ham bizga bir necha marta minnatdorchilik bildirishardi.  

Vaqt oqar suvga o`xshar ekan. Ko`z ochib yumgunimizcha etti yil ham o`tib ketibdi. Katta do`xtir bo`lish uchun yana uch yil o`qishing kerak ekan. Bunga ham rozi bo`ldik. Ammo sen avval biroz ishlay, deding. Judayam aqlli  bolam bor-da, bizni yana qiynalib shartnoma pulini to`lab o`qitishimizni istamadi shekilli, deb o`yladik. Xullas, shahardagi diagnostika markazida ishlay boshlading. Men orqavarotdan senga qiz izlashga tushdim. O`qimishli, iboli, esli, hushli kelin qilishni orzu qilardim.  Oliy ma`lumotli, kelishgan, aqlli o`g`limga aynan shunday qiz yarashadi-da, axir. Otang ikkalamiz keyingi paytlarda tez-tez to`y haqida gaplashardik. Qaysi restoranda o`tkazishimiz, kimlarni aytishimiz haqida orzu-havas qilardik. Ilohim iboli-hayoli, o`qimishli qiz uchrasin-da! 

Shunday kunlarning birida qo`l telefonim jiringladi:

Assalomu alaykum, Zuhra opa, men o`g`lingiz bilan birga ishlayman, — go`shakdan yoshgina ayolning ovozi eshitildi.

Vaalaykum assalom, yaxshimisiz qizim, eshitaman? O`g`limga biron narsa bo`ldimi? - deb so`radim xavotirlanib. Sababi, odatda ishxonangdan hech kim telefon qilmasdi menga.

Tinchlik xolajon, uzr bezovta qildim sizniyam. Keyingi paytlarda o`g`lingizning telefoni tinmay jiringlaydi. Soatlab telefonda gaplashadi. Buyam mayli, kecha telefonini stol ustiga qo`yib chiqib ketganida, unga kelgan SMS xabarlarga ko`zim tushib qoldi. Jasurni shifoxonada hamma biladi. U aqlli, og`ir-bosiq bola.  Menimcha, u  tarbiyasiz qizga ilakishib qolgan.  Chunki bunaqa gaplarni iboli, xayoli qizlar yozmaydi. Meni noto`g`ri tushunmang yana. Shunchaki Jasur menga ukamdek bo`lib qolgani uchun unga kuyunganimdan gapiryapman”

Hamkasbingning qolgan gaplarini eshitmadim. Telefon uzilib qoldimi yoki eshitishni hohlamadimmi, anig`ini bilmayman.    

Uyga kelishing bilan seni so`roqqa tutdim. Sen haqingda eshitgan   gaplarim yolg`on ekanligini aytishingni istagandim. Lekin buning aksi bo`ldi. Hammasi rost ekan. Kursdoshingning to`yiga borganingda tanishibsan u qiz bilan. Ota-onasi Rossiyada ishlab yurishar ekan. U qiz esa hech qaerda o`qimagan, buning ustiga sog`lig`i qoniqarli emas, olti marta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan ekan. Bularni sendan eshitib, dahshatga tushdim. Axir, ona sifatida mening ham o`ziga yarasha orzu-havaslarim bor. U qiz tenging emasligini bilib turib, taqdiringga befarq bo`lolmayman-ku! Nasihat qildim, yig`ladim, siqtadim.

- Bolam, hali o`qishingni davom ettirishing kerak. Keyin o`zingga munosib qiz topib uylantiraman. Es-hushingni yig`ib ol, — dedim.  

- Men u qizga va`da berib qo`ydim, oyi! — qalbimni o`rtagan javobing shu bo`ldi. 

Keyingi paytlarda o`zgarib qolganing sababini anglagandek bo`ldim. Hatto tug`ilgan kuningda biz senga sovg`a qilgan so`nggi rusumdagi telefon apparatini ham o`sha qizga berganingni bildim. O`zingdan so`raganimda bu haqda javob berishni istamaganding. Ishga kirganingga 3 oy bo`lsa hamki, maosh olganingni ko`rmagandim. Keyin bilsam, maoshingni unga berayotgan ekansan. 

Bir kuni telefoningni olib o`sha qizga qo`ng`iroq qildim. 

Qizim, o`g`lim hali o`qishini davom ettirishi kerak. Uning xayolini bo`lmang. Keyin mening ham orzu-havaslarim bor. O`qimishli o`g`limga  munosib qizni kelin qilib olib bermoqchiman. Bu bilan sizni kamsitmoqchi emasman. Siz ham o`z tengingiz bilan baxtli bo`lasiz, hali, — dedim. 

Qiz gaplarimni indamay eshitdi. Bo`ldi, endi qo`ng`iroq qilmaydi, deb o`ylagandim. Ammo, chuchvarani xom sanagan ekanman. U qiz men o`ylaganimdek bir gapga ko`nadigan qiz emas ekan. 

Qizning ota-onasi ham tagli-tugli, oliy ma`lumotli, ustiga-ustak kelishgan, xushmuomala kuyov topilganidan xursand bo`lishibdi. Biz sovchi bo`lib boravermaganimizdan keyin qo`shni tumandan ikki ayolni topib, ularga pul berishibdi. Ulardan biri go`yoki senga xola, ikkinchisi esa amma bo`lib qiznikiga borishibdi. Qizning ota-onasi mahalla-ko`y oldida “mana qizimizga sovchi keldi”, deb ovoza qilishibdi. Odatda bunday xabarlar tez tarqaladi. Ammang o`sha tumanda yashaydigan dugonasidan seni o`sha qiz bilan unashtirishganini eshitib, menga qo`ng`iroq qildi. 

O`sha paytdagi ahvolimni hozir so`z bilan ta`riflab berolmayman. Men shu umidlar bilan farzand katta qildimmi? Shu umidda emay edirdimmi, kiymay kiydirdimmi? 9 oy bag`rimda ko`tarib, dunyoga keltirgan farzandim bugun yuzimga oyoq qo`ydimi? Qaysi gunohim uchun? Mana shunday javobsiz savollar girdobida qoldim. Nahotki qaerdadir xato qildim? Ammo qaerda? Senga bergan cheksiz mehrim uchun jazomi bu, bolam? 

Ertasiga ammang bilan o`sha qiz yashaydigan mahallaga bordik.  Mahalla fuqarolar yig`ini huzuriga kirib, vaziyatni tushuntirdik. Qizning ota-onasini, yaqinlarini chaqirtirishdi va biz bilan yuzma-yuz qilishdi. Sen  ularning qizlarini yaxshi ko`rishingni, qizning ham senda ko`ngli borligini aytishdi. Men esa go`yoki “farzandi baxtiga to`siq bo`layotgan”  onaga chiqib qoldim.  Biz sovchi jo`natmaganimizdan so`ng sen shunday yo`l tutishga majbur bo`libsan, go`yoki. Mahalla raisi qizning ota-onasini tartibga chaqirish o`rniga menga “Endi yoshlarga oq fotiha bering, qarshilik ko`rsatmang” dedi. Eng alam qiladigani, o`sha kuni qizning xolasi meni hammaning oldida qo`pol so`zlar bilan haqorat qildi. Bunday munosabatdan keyin qanday qilib ular bilan quda-anda tutinay?

Qarindoshlar bilan yig`ilib, senga nasihat qildik, ammo foydasi bo`lmadi. Ko`zing ko`r, qulog`ing kar bo`lib qoldi. Sen ota-onang, qarindoshlar, hammamizning yuzimizga oyoq qo`yding. Agar esingda bo`lsa, singlingni unashtirib qo`ygandik. Bu voqealardan keyin quda tomon aynib qolib, to`yni qaytarishdi. O`zim qandli diabet kasalligini orttirib oldim. 

Sening to`ying bo`layotganini eshitib, ustimdan kimdir muzdek suv quyib yuborgandek bo`ldi. Mening ishongan bog`im, suyangan tog`im, sendan buni kutmagandim. Nega bunday bo`ldi? Bir umr oq yuvib, oq taragan ota-onangdan afzal bo`ldimi, u qiz? Senga berganimiz - cheksiz mehrimiz evaziga topganimiz qahr bo`ldimi, bolam?

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!