Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining yigirma sakkizinchi majlisi Toshkentda o`tdi

10:47, 09 aprel

Toshkent shahrida 2016 yil 8 aprel kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Kengashining navbatdagi yigirma sakkizinchi majlisi bo`lib o`tdi. Qozog`iston Respublikasi raisligida tashkil etilgan majlisda Qozog`iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg`iziston Respublikasi, Rossiya Federasiyasi, Tojikiston Respublikasi va O`zbekiston Respublikasi vakillari ishtirok etdi. 

Majlisda ShHTga a`zo davlatlarning terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo`yicha 2013-2015 yillarga mo`ljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish yakunlari va ShHT MATT Kengashi qarorlari ijrosi muhokama qilindi. ShHT Davlat rahbarlari kengashiga ko`rib chiqish uchun taqdim etiladigan ShHT MATT Kengashining mazkur xalqaro tuzilmaning 2015 yildagi faoliyati to`g`risidagi ma`ruzasi loyihasi ma`qullandi. ShHT MATT faoliyati terrorizm, separatizm va ekstremizm kabi hozirgi kundagi tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi talablarga javob berishi ta`kidlandi. 

ShHTga a`zo davlatlar vakolatli organlarining internet tarmog`idan terrorizm, separatizm va ekstremizm maqsadlarida foydalanish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo`yicha Xitoy Xalq Respublikasida o`tkazilgan “Syamin – 2015” birgalikdagi o`quv mashqlari yakunlariga yuqori baho berildi. 

Majlis ishtirokchilari hozirgi kundagi tahdid va xavf-xatarlar, jumladan, xalqaro terroristik tashkilotlar tomonidan bo`layotgan xurujlarga qarshi kurashish bo`yicha qo`shma chora-tadbirlar yuzasidan kelishib oldi. Shuningdek, aholi o`rtasida diniy-ekstremistik g`oyalarga qarshi immunitetni kuchaytirishga yo`naltirilgan ishlarni takomillashtirish masalalarini muhokama qildi. 

2016 yilning IV choragida ShHTga a`zo va kuzatuvchi davlatlar delegasiyalari ishtirokida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalariga bag`ishlangan to`rtinchi ilmiy-amaliy konferensiyani o`tkazishga kelishildi. 

2014 yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash kotibiyati bilan rasmiy aloqalar o`rnatgan edi. Majlisda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasida sheriklikni yo`lga qo`yish maqsadida ShHT MATT va ushbu tashkilot o`rtasida hamkorlikni nazarda tutuvchi hujjatlar loyihalari ma`qullandi. 

ShHT MATT faoliyatini rivojlantirish va ShHTga a`zo davlatlar vakolatli organlari hamkorligini mustahkamlashga qo`shgan shaxsiy hissasi uchun mazkur davlatlar vakolatli organlarining qator xodimlari va ShHT MATT Ijroiya qo`mitasining mas`ul xodimlari rag`batlantirildi. 

ShHT MATT Ijroiya qo`mitasi faoliyatini tashkiliy va kadrlar bilan, moliyaviy ta`minlash, ShHTga a`zo davlatlarning terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorligining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga doir masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi. 

ShHT MATT Kengashi majlisi ishchanlik va amaliy ruhda o`tdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!