Muslimbek Yo`ldoshev marhum hamkasblari Rahmatilla Mirzaev va Abdumo`min O`tbosarov xotirasiga yozgan she`rini e`lon qildi

11:25, 09 aprel

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, taniqli suxandon Muslimbek Yo`ldoshev  Facebook ijtimoiy tarmog`idagi sahifasiga marhum hamkasblari xotirasiga bag`ishlab yozilgan she`rini e`lon qildi.

Suxandon marhum hamkasbi va yaqin do`sti Abdo`mumin O`tbosarovning vafot etganiga bugun 100 kun to`lganini ma`lum qilib, quyidagi bag`ishlovida uni va O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida faoliyat yuritgan O`zbekiston xalq artistlari Mirzohid Rahimov, Abdumo`min O`tbosarov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist O`ktam Jobirov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Davron Zunnunov, suxandon Halima Yusupovani  xotirladi.

“Bugun, Abdumo`min vafot etganiga yuz kun bo`ldi! Yuz kun... Yolg`izlikning yuz kuni... 

Olloh o`z rahmati ila cho`lg`agan bo`lsin, Firdavs bog`larida qo`nim topgan bo`lgin, ilohim!”,—deb yozadi Muslimbek Yo`ldoshev.

Yana qaytar gulgun bahorlar,
Qaytmas mening qadrdonlarim. 
Bu gullar dilimga ozorlar,
Qayda otam, onajonlarim.
Novdalarda yashnagan bodroq,
Chakkamda oq, dil fig`onlarim.
Uchib tushgan har bir gulyaproq,
Yaqinlarim, jigarjonlarim.
Boshim uzra vizillar varrak,
Chayqaladi birga qonlarim.
Bu - ketganlar ruhidan darak,
Bevaqt ketgan do`st yoronlarim.
Yugurgilar buzib olamni,
Ko`zim nuri bolajonlarim.
Eshitmaydi ko`ngil nolamni,
Qo`msaganim gulxandonlarim.
Armon bu bir to`lmas tubsizlik,
Etmas unga dil vayronlarim.
Kengaymoqda har kun yolg`izlik,
Ko`paymoqda g`uj armonlarim.
Qanday lobar, qanchalar latif,
Chehrangiz xush, o`t zabonlarim. 
Qay makonni shodon gullatib,
Yuribsizlar suxandonlarim?
Abdumo`min va Rahmatullo,
Usta O`ktam va Davronlarim.
Halima, Mirzohid, yo, olloh,
Qayda birga bo`lgan onlarim?
Qaytaverar bu bahor gulgun,
Qaytaverar, kelmay qolmaydi. 
Ammo qaytmas, ketganlar butkul,
O`ksik dilim endi to`lmaydi.
Sizlar bilan edi shodligim,
Sizga edi obro`, shonlarim. 
Sizsiz tatirmikin borligim,
Ko`p sog`indim, asl jonlarim.
Yana qaytar gulgun bahorlar...
Qaytmaysiz a, qadrdonlarim?

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!