Toshkentda YTHni suratga olgan avtobus haydovchisi tanqid ostiga olindi (Foto)

10:04, 11 aprel

Toshkent shahri Ganga maydoniga olib chiqadigan tunnelda bugun tongi soat 5:00 lar atrofida mudhish yo`l-transport hodisasi ro`y berdi. Bu haqda Facebook`ning “Voditeli Tashkenta” guruhi a`zolari xabar bermoqda.

Suratlarda Matiz avtomobilining ag`darilib ketganini ko`rish mumkin. Yo`l-transport hodisasi faqat Matiz ishtirokida sodir bo`lgani aytilmoqda. Izohlarda aksariyat internet foydalanuvchilari haydovchi tezlikni oshirgani sabab, boshqaruvni yo`qotib, ag`darilib ketganini taxmin qilmoqda. Suratlarda hodisa joyiga barcha tezkor xizmatlar — YPX, tez tibbiy yordam xizmatining etib kelgani aks etgan.

Internet foydalanuvchilarining diqqatini jalb etgan yana bir holat—mazkur suratlarning yo`lovchi avtobus haydovchisi tomonidan olinib, ijtimoiy tarmoqqa joylangani bo`ldi. Foydalanuvchilar avtobus haydovchisi qachon suratga olib, qaysi paytda tarmoqqa joylaganini muhokama qila boshladi. Ulardan biri haydovchi svetoforning qizil chirog`ida yoki bekatlar oralig`ida suratga olgan bo`lishi mumkin, degan taxminni ilgari surdi. Ammo suratlarda u erda na svetofor va na bekat borligini ko`rish mumkin. Suratlarni guruhga joylagan foydalanuvchining shaxsiy sahifasiga kirib ko`rganimizda rostan ham u avtobus haydovchisi ekanligini guvohi bo`ldik. Uning sahifasida haydovchining 118-sonli avtobus haydashi ma`lum bo`ldi.  

Haydovchi internet foydalanuvchilarining tanqidlaridan to`g`ri xulosa chiqarib,o`zi va avtobus ichidagi yo`lovchilar hayotini xavf ostiga qo`yuvchi bunday harakatlarni amalga oshirmaydi, degan umiddamiz.

   

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!