Erkaklar orzusidagi ayol qanday bo`lishi kerak?

13:52, 11 aprel

Albatta, bu savol barcha ayollarni birday tashvishga soladi. Har bir qiz go`zal, jozibali va yoqimtoy bo`lishga intiladi. Ammo shunday ayollar borki, qarama-qarshi jins vakillarini o`zlariga ipsiz bog`lab olishadi, erkaklar ularning atrofida chiroqqa intilgan parvonaday girdikapalak bo`lishadi. Ular bunga qanday erishishadi? Sehr-jodu qilishadimi? Balki ularga tabiat erkaklar ustidan hukm o`tkazishday noyob qobiliyat ato etgandir?

Avvalo erkak kishi ayolning tashqi qiyofasiga – qimmatbaho bo`lmasa-da, toza, ozoda dazmollangan kiyimiga, chiroyli qo`liga va parvarishlangan tirnoqlariga, soch turmagiga katta e`tibor beradi. Tanishuv jarayonida yuqorida sanab o`tilgan xususiyatlar katta rol o`ynaydi. Erkaklarni uch toifadagi ayollar qiziqtiradi:

1)  Go`zal ayollar;
2)  Ichki dunyosi go`zal, aqlli ayollar;
3)  Muloyim va tabiatan bo`ysunuvchi uy bekalari. 

Ming afsuski, bu uch fazilatni o`zida birlashtira oladigan ayollar kamdan-kam topiladi. Alohida holda esa ko`pchilik ayollarda uchratish mumkin. Go`zal tashqi qiyofa deganda albatta, mashhur kino yulduzlar kabi bashang kiyinish shart emas. Chunki har bir ayolning o`zigagina xos bo`lgan biror xususiyati bo`ladi (Masalan, charos ko`zi, kichkina burni, go`zal qaddi-qomati va hokazo). Ayol o`zining ijobiy xususiyatlarini anglashi va qadriga etishi lozim (albatta, o`ziga bino qo`yish darajada emas). O`zining bu fazilatini yutuq deb qabul qilib, uning ustida ishlashi, kamchiliklarini bartaraf etishi lozim. Buning uchun har bir ayolga sport, jismoniy mashqlar, sog`lom turmush tarzi yordamga keladi. Ko`z ochib, yumguncha yuzingiz silliqlashib, ko`z ostidagi xaltachalar yo`qolganini, qad-qomatingiz ixchamlashganini sezasiz. O`zida bor go`zallikni ko`rsata olish qobiliyati ko`pincha mashhur yulduzlarda yuqori bo`ladi (aslida ular biz o`ylaganchalik go`zal emas). Ba`zan haqiqatan ham go`zal bo`lgan ayollar chiroyli bo`lmagan ayollar orasida ko`zga tashlanmay qoladi. 

Aql va bilimga keladigan bo`lsak, albatta yuqori intellektli shaxs bo`lish shart emas, chunki hamma narsani bilishning, o`rganishning imkoni bo`lmasa ham odam o`z ustida ishlashdan to`xtamasligi lozim. Agar erkak kishi bilan suhbat davomida maktab dasturiga tegishli savollarga ham javob bera olmasangiz, jilmayib, uning gaplarini tasdiqlashdan nariga o`tmasangiz, bunday munosabatlarning umri qisqa bo`ladi. Gapga to`n kiydirib, dunyo yangiliklaridan tortib, futbol o`yinlari haqida fikr bildiruvchi ayollar har qanday erkakning hurmatiga sazovor bo`ladi. Ammo hamma narsaning chegarasi borligini unutmang, keragidan ortiq darajada aqllilik qilish har qanday odamni charchatib qo`yadi.

Erkak kishi bilan suhbat jarayonida nafaqat aql, balki: tez chiqishib ketish, halollik, pokizalik, mehribonlik, xushmuomalalik, o`ziga xoslik kabi ijobiy fazilatlar ham etakchilik qilishi lozim. 

Ro`zg`or yumushlarini bajarish, mazali taomlar tayyorlash orqali ham erkak ko`ngligini zabt etish mumkin. Saranjom-sarishta uy, mazali ovqatlar erkak kishini uyga, oilasiga tortadi va bora-bora busiz yasholmaydigan bo`lib qoladi. Sizning qaysi fazilatingiz yoningizdagi odamni o`ziga tortishini oldindan aytish qiyin. 

Sizni sevuvchi, ardoqlovchi insonni har doim, har qanday sharoitda qo`llab-quvvatlashga, tushunishga harakat qiling, shunda u bir umr sizning yoningizdan ketolmaydi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!