O`zbekiston yoshlar terma jamoasining ikki nafar a`zosi jarimaga tortildi

14:38, 11 aprel

Toshkentning “Paxtakor” klubida Samarqandning “Dinamo” jamoasidan ijara asosida to`p surayotgan Doston Ibragimov va Saidjamol Davletjanovlar tartib-intizom kodeksining bir necha bandlarini buzganligi sababli 1 million so`mdan jarimaga tortildi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda

Davletjanov va Ibragimovlar shu yili 23-30 mart kunlari o`tkazilgan O`zbekiston U-19 terma jamoasining yig`inidan o`zboshimchalik bilan ketib qolganligi haqidagi bosh murabbiy Jasur Abduraimov taqdim etgan raport jarimaga asos bo`ladi.

Shu bilan birga yoshlar terma jamoasiga nomzod bo`lgan “Paxtakor” futbol klubi o`yinchisi Jamshid Yusupovga terma jamoaning bir qator yig`inlariga 2-3 kunga sababsiz kechikib kelganligi uchun 500 ming so`m miqdorida jarima solindi.

Jarimaga tortish haqidagi qaror O`zbekiston Futbol Federasiyasining Tartib-intizom qo`mitasi tomonidan qabul qilindi.

Jarimalar kor qilmagan taqdirda Doston Ibragimov, Saidjamol Davletjanov va Jamshid Yusupovlar muayyan muddatga futbolchilik lisenziyasidan mahrum qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!