4 kishining joniga qasd qilgan jinoyatchi umrbod qamoq jazosiga hukm etildi

15:43, 11 aprel

Zafar va  Karim otda Abror Mamedovning fermer xo`jaligi tomon borisharkan,  tepalik yaqinida erda cho`zilib yotgan odam gavdasiga duch kelib sergak tortishdi. Erdagi odamning qo`llari bog`lab tashlangan, og`ziga latta tiqib ketilgandi. 

Bu odam Abrorning xo`jaligida ishlaydigan cho`pon Jabbor Malikov bo`lib chiqdi. Darrov yigitlar otdan tushib, uning qo`llarini echishdi., og`zidagi tiqinni olib tashlashdi. Jabbor arang nafas olar, iyagi bilan o`tov tikilgan yaylovga imo qilardi. 

- Uning qop-qora soqoli bor. U... u Qosimni ham, bolalarini ham o`ldirdi. Meni esa...

Yo`lovchilar shosha-pisha u  ko`rsatgan tarafga yo`l olishdi va dahshatli manzaraning ustidan chiqishdi. Ko`p o`tmay hodisa joyiga huquq-tartibot idoralari xodimlari etib kelishdi. 

Bekorchidan Xudo bezor

...Qo`lida biror hunarning tayini bo`lmagan Jabbor avval duch kelgan ishda ishlab yurdi. Oxirgi ish joyi –choyoxona yopilib ketgach, ko`chada qoldi.  Kunlarning birida qo`shnisi Salim akaning yordami bilan fermer xo`jaligida ishga joylashdi. 

Shu tariqa u cho`ponlik qila boshladi. Albatta oylik o`ziga yarasha, cho`ntak xarajatlarini arang qoplardi. Otarda undan tashqvari yana bir cho`pon bor: Qosim yozda to`rtta bolasi bilan shu yaylovga o`tov qurib,  ko`chib kelgan.

Ish bor joyda kelishmovchiliklar ham bo`lib turadi. Gohida Qosimning xiyla erinchoqligi, o`z ishini ham sherigigi oshirishi ba`zidan o`ta darajada jahlini chiqarardi. Oralarida g`idi-bidi ham shundan kelib chiqardi. 

O`sha kuni ertalab Qosim sherigini barvqaqt uyg`otib, poda boqishga jo`natdi. O`zi esa, o`tovda oilasining yonida qoldi. Bu esa, Jabborning hamiyatiga tegdi...

Qasos o`ti

O`sha ertalab Qosimning ayoli Saodat katta qizi Shoira bilan shaharga tushib ketishgan, to`yga kerakli narsalarni xarid qilish lozim edi. Qosim ertalab turishi bilan qo`ylardan xabar olish uchun jo`nadi. Qo`ylar har yoqqa tarqab ketgan, cho`ponning qorasi ko`rinmasdi. Qosim biror kor-hol yuz berdimikin, degan xavotirda yon-atrofni ko`zdan chaqirdi. Bor ovozi bilan Jabborni chaqirdi. Shu payt cho`ponlar dam olishi uchun tikib qo`yilgan chayladana uyqusiragancha Jabbor chiqib keldi. 

- Tuni bilan uxlaganing etmadimi? – unga o`shqira ketdi Qosim. – Podaga kim qaraydi? Qo`ylardan  bittasi yo`qolsa, qanchaga tushishimizni bilasanmi? Seni deb men ham javob berishimga to`g`ri keladi. Qanaqa takasaltang odamsan?

- Namuncha baqirasan? – ichidagi alamini to`kib soldi Jabbor. – Osmon qo`lingda bo`lsa tashlab yubor!

- Hali xo`jayin kelsin, aytib, seni ishdan haydataman. Bunqa yalqov, tekinxo`rni boqishning nima keragi bor?

Bu gap Jabborning to`lib turgan sabr kosasi uchun so`nggi tomchi edi. Butun vujudini bosib kelgan g`azabni arang jilovladi. “Hali bugaping uchun javob berasan!”

...Qosh qoraygan mahalda  Jabbor raqibidan o`ch olish uchung o`tovi tarafga yo`l oldi. O`tovdan Qosimning farzandlari Ravshan, Mohira va Malikaning sho`x-sho`odon ovozlari etishitib turardi. Jabbor o`zini panaga oldi va oila a`zolarining uyquga ketishini kuta boshladi. 

Qotillik

Qosim kechki ovqatni bolalari bilan eb bo`lgach, qo`radan birrov xabar olib qaytdi va dam olgani o`toviga kirib keldi. Saodat shu kuni katta qizi bilan  shahardagi qarindoshlarinikida yotib qolgandi. Tongga yaqin hamma dong qotib yotgan mahalda Jabbor o`tovdan ichkari kirdi va mast uyqudagi Qosimning bo`yniga o`zi bilan olib kirgan pichoqni sanchdi. Sho`rlik Qosim uyqusidayoq jon taslim qildi. Ishini bitirib, o`tovdan chiqayotgan Jabbor bilmasdan ostona oldida yotgan Malikaning oyog`ini bosib oldi. Qizcha sapchib uyg`ondi va tepasida qo`lida pichoq ushlab turgan Jabborni, qonga belanib yotgan otasini ko`rib, dod soldi. 

Jabbor butkul aqlini yo`qotgandi. Qilmishi fosh bo`lishidan qo`rqib, bechora qizchaga ham bir necha pichoq sanchdi. Undan keyin uyg`onib, bu dahshatga guvoh bo`lgan Mohirani, tashqaridan mol sog`ib o`tovga qaytayotgan Ravshanni ham shu taxlit vahshiyona o`ldirdi. Keyin o`z o`toviga qaytib, yuz bergan vahshiylikning mohiyati haqida o`ylay boshladi. U bir kishidan qasos olmoqchi edi. To`rt kishining umriga zomin bo`ldi. Endi nima qiladi? Balki biror hiyla o`ylab topar? 

O`xshamagan bahona

U avval jinoyat quroli – pichoqni xo`jalik hududidan oqib o`tuvchi ariqqa uloqtirdi. Keyin voqea joyidan ancha uzoqdagi tepalik oldiga bordi-da, o`zi bilan opchiqqan arqonga qo`l-yog`ini chandib, og`ziga latta tiqib, erga yotib oldi va o`tkinchi “guvohlar”ni kuta boshladi. 

Karim bilan Zafarga ham, huquq-tartibot organlariga ham o`zi to`qigan yolg`onni aytib berdi. Ammo, bu “cho`pchak” tezkor guruh xodimlariga shubha uyg`otdi. Chunki, bu yaqin orada “qora soqolli” odani hech kim ko`rmagan. Hatto bolaldarga ham shafqat qilmagan qotil nega “guvoh”ga qo`l tekkizmadi? Shu kabi o`nlab savollar ortidan haqiqat oydinlashdi. Aniq dalillar qarshisida Jabbor nihoyat aybini tan oldi....

 ...Sud hukmiga binoan Jabbor Malikov o`ta xavfli jinoyatchi deb topildi va qat`iy tartibli koloniyada  umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi. 

Xurshid Erkinov, 
O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori,
O.Fozilova, jurnalist

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!