Yangi bolalar musiqiy televizion tanloviga start berildi

16:23, 12 aprel

"Yulduzcha" bolalar musiqiy televizion tanloviga hujjatlar 20 mayga qadar qabul qilinadi.

Ushbu tanlov “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Yoshlar tashabbuslari markazi hamda O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan tashkil etilmoqda, bu haqda Yoshlar tashabbuslari markazi matbuot xizmati xabar beradi.

Tanlovning asosiy maqsadi - mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan iqtidorli bolalarni kashf etish, san`at sohasida o`z imkoniyatlarini namoyon etishlari uchun ularga shart-sharoitlarni yaratib berishga qaratilgan.

Tanlov uch yo`nalishda amalga oshiriladi:

-an`anaviy ijro;
-akademik ijro;
-estrada;

Tanlovda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan bolalar ishtirok etadilar. Loyihada ishtirok etish istagida bo`lgan bolalar o`z hujjatlarini (ishtirokchi anketasi) joriy yilning 20 mayiga qadar “Yoshlar ijod saroyida”  joylashgan Yoshlar tashabbuslari markaziga topshirishlari yoki www.ovoz.uz saytida elektron tarzda to`ldirishlari shart.

Tanlov bir necha bosqichlardan iborat bo`ladi:

-saralash bosqichi;
-yarim final;
-final;

Tanlov jarayoni O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Navo” hamda “Bolajon” telekanallarida efirga o`zatilishi rejalashtirilgan. Tanlovning hakamlar hay`ati hamda murabbiylari jamoatchilik orasida katta obruga ega bo`lgan san`at va madaniyat arboblari, estradamizning yorqin yulduzlaridan tashkil etiladi.

Tanlov yakunlariga ko`ra har bir nominasiyada g`oliblar aniqlanadi va taqdirlanadilar.

“Yulduzcha” bolalar televizion tanlovi bu – birinchi navbatda, kichik “Yulduzcha”larga katta sahnaga qadam qo`yishlari uchun ijodiy maydondir.

Tanlov keng jamoatchilik uchun ochiq bo`lib, saralash jarayonlarining borishi, yo`nalishlar bo`yicha ishtirokchilarning ijodiy chiqishlari tomoshabin va tinglovchilar tomonidan kuzatilib borilishi mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!