Shoir Ja`far Muhammad Bahrom Nazarovni uning she`rini buzib kuylaganlikda aybladi

12:14, 13 aprel

Yaqinda “Darakchi” tahririyatiga 10 dan ziyod she`riy to`plamlar muallifi, shoir  sharqshunos-dinshunos olim, tarjimon va publisist Ja`far Muhammad bir e`tiroz bilan tashrif buyurdi. Uning aytishicha “Qaramading” nomli she`rini xonanda Bahrom Nazarov qo`shiq qilib kuylagan, lekin she`r muallifi sifatida ismini ko`rsatmagan ekan. 

Ja`far Muhammad: — O`tgan yilning dekabr-yanvar oylarida shogirdlarimdan biri qo`ng`iroq qilib, “Ustoz, “Qaramading” she`ringizni Bahrom Nazarov degan xonanda Buxorodagi konsertida kuyladi” dedi. Undan o`sha qo`shiqni topib berishini so`radim. Bundan tashqari, xonandaning 2015 yilgi konsertiga ham bordim va o`zim shaxsan qo`shiqni tingladim. Xonandaning ijrosiga hech qanday e`tirozim yo`q. Faqat she`rning aslini o`zgartirganidan xafa bo`ldim. Qo`shiqni tinglar ekanman undan ikki bayt, bir misra va bitta so`zni olib tashlaganini bildim. To`g`ri, har bir xonanda o`z yo`nalishidan kelib chiqib, she`rni kuyga moslashtiradi ammo bu muallifning roziligi bilan amalga oshirilishi kerak! Agar o`zimga aytishganda, o`zgartirib berardim. Birozdan keyin “Qaramading”ga klip suratga olayotgani haqida eshitdim. Klipda ham she`r muallifi sifatida meni emas, Nurilla Oston degan shoirni ko`rsatishgan. Shundan keyin jahlim chiqdi. Tushunmadim, nega shoirlarning mehnatini erga urishadi?  Gazeta-jurnalda, yoki internetda she`rni o`qib qolib, qo`shiq qilib kuylagan taqdirda  ham shoirni topib, ruxsat olish mumkin-ku!  Men ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanaman, hech bo`lmasa saytlardan izlasa bo`lardi-ku! She`rimni beruxsat kuylab, yana muallifini ham o`zgartirib qo`yishganidan xafa bo`ldim. 

—  O`zingiz xonanda bilan gaplashib ko`rmadingizmi?

—  Bundan bir oy avval ma`muri Yoqub Ostonovning raqamini topib qo`ng`iroq qildim. “She`rimni buzib kuylabsizlar” desam, “Muallifi sizmi? Bilmagan ekanmiz. Shuni oldinroq aytsangiz bo`larkan” deb javob berdi. Axir mendan ruxsat so`rashsa aytaman-da fikrimni! Kayfiyatim o`zgarganini bilib “Kechiring, bilmay qolibmiz” deyishdi. “Kechiraman,  faqat xatoni to`g`rilaysizlar” deb shart qo`ydim. “Mayli. Faqat hozir vaqtimiz biroz ziq, bayram arafasidamiz, davlat tadbirlari bilan bandmiz” degancha jim bo`lib ketishdi. Hozir qo`ng`iroqlarimga ham javob berishmayapti.

— Nurilla Oston bilan ham gaplashib ko`rish kerak edi...

—  Bunga ham harakat qildim. Ammo xonanda ma`muri “o`zim hal qilib beraman, shoirning bundan xabari yo`q” (!) dedi. Bilmadim, balki rostdan ham Nurilla Ostonning xabari yo`qdir... Shu sabab sizlarga murojaat etishdan boshqa choram qolmadi. Birinchidan, bu erda mualliflik huquqi buzilgan, ikkinchidan har xil va`dalar bilan meni aldab yurishibdi. Agar shu tarzda davom etsa, xonandani sudga berish uchun ham hujjatlarim tayyor. 

Shoirning gaplarini tinglagach, ikkinchi tomonning ham fikrini bilish uchun xonandaning ma`muri Yoqub Oston bilan bog`landik. U xonanda bilan maslahatlashib, keyin bizga qo`ng`iroq qildi: “Aslida bu she`rni bastakor internetda o`qib qolgan ekan. Saytda she`r muallifi sifatida Nurilla Oston ko`rsatilgani uchun biz ham qo`shiqni shunday e`lon qilgandik, hozir bastakor bilan gaplashib, aniqlik kiritaman” dedi. 

Oradan ko`p vaqt o`tmay, yana bog`landik. Qo`ng`iroqqa xonandaning o`zi javob berdi.

Bahrom Nazarov, xonanda: — Aslida bu qo`shiqning matni she`rlar saytidan olingan. U erda muallifi Nurilla Oston yozilgani uchun men ham  uni muallif deb o`ylaganman. 

Qo`shiq ommaga taqdim etilgandan so`ng ma`murimga Ja`far aka qo`ng`iroq qilganidan xabarim bor. “She`r meniki” deganiga avval ishonmadim. Chunki bundan avval ham birovning she`riga egalik qilmoqchi bo`lganlarga duch kelgandik. Bugun esa shoir sizlarga murojaat qilganini bilib haqiqatan ham she`r muallifini noto`g`ri yozganimizni bildim. 

— Bunday vaziyat oldin ham bo`lgan ekan. Hatto ish sudgacha borganini eshitdik.

— Ha, bo`lgan. Ammo unda vaziyat biroz boshqacha edi. Menga bir  shoir birovning ijod mahsulini “o`zimning she`rim” deb  bergan. Asl muallif “O`zbeknavo” estrada birlashmasiga murojaat etib, arz qilgandan keyin aldanganimni bilganman. Ammo bu ish sudgacha etib bormay o`sha kuning o`zida hal qilingan. Qiziq, oxirgi paytlarda kimdir aldashga harakat qilsa, boshqa vaziyatda internetdagi ma`lumotlarga aldanib qolyapman. Bora-bora kitoblardan emas, shoirlarning o`ziga maxsus she`r buyurtma qilaman, shekilli. 

— “Qaramading” bilan Mirqodir Mirashurovning “Atirgulim” qo`shiqlari yo`nalish jihatdan juda o`xshashligi haqidagi gaplarga nima deysiz?

— Men ko`pincha chet el musiqasidan ilhomlanib ishlashga harakat qilaman. “Qaramading”ni ham ruminiyalik bir  xonanda yo`nalishida kuylaganman. Tayyor qo`shiqni o`zim eshitganimda esa “Mirqodir akaning “Atirgulim”ga o`xshab qolgani o`zimga ham sezildi (! ).

Xonanda anglashilmovchilik tufayli katta muammo yuzaga kelganidan xijolatda ekanini ta`kidladi va shoirning ism-familiyasini qo`shiqqa ham, klipga ham kiritib qo`yishga va`da berdi. Lekin shu ishni shoirni ovora qilmasdan, qilish mumkin edi-ku. Hech bo`lmaganda shoir mualliflik da`vo qilib ma`murga qo`ng`iroq qilganda, tekshirib ko`rishsa bo`lardi... Qiziq, Nurillo Oston nega “bu she`r meniki emas?” demadi ekan? Balki she`r tagiga ismi qo`yilganini unga aytishmagandir?.. She`r qo`shiq qilinganda shoirning haqi berish uchun ham Nurilla Ostonga qo`ng`iroq qilishsa, vaziyat oydinlashardi. Yoki Bahrom Nazarov shoirlarga haq to`lanmasa ham bo`ladi deb o`ylaydimi?..

Aliya SULAYMANOVA tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!