Sharliz Teron, Sandra Ballok hamda Keyt Xadson — mashhur yolg`iz onalar

11:49, 15 aprel

Ko`p hollarda ayollarning o`zlari munosabatlarga chek qo`yish tarafdori bo`lishadi, bundan mashhur yulduzlar ham mustasno emas. Quyida sizlarni “Sosmo.ru” nashri tomonidan tayyorlangan farzandlarini yolg`iz tarbiyalayotgan mashhur onalar bilan tanishtirib o`tamiz.
 

Keyt Xadson
Aktrisa, 36 yoshda

Keyt ikki marta turmushga chiqqan. 2000 yilda rok-musiqachi Kris Robinsonga turmushga chiqdi va ular birgalikda 7 yil umrguzaronlik qilishdi. Bu vaqt mobaynida ular farzandli bo`lishdi. 2004 yilda o`g`illari Rayder Rassell Robinson dunyoga keldi. Keyt 2010 yilda Muse rok guruhining solisti Mett Bell bilan tanishib qoladi, ular uzoq vaqtgacha munosabatlarini yashirib kelishgan bo`lsa ham, bu munosabatlarning nihoyasi to`y bilan tugadi. 2011 yilda ularning oilasida yana bir o`g`il Bingem Xoun Bell tug`ildi. Ming afsuski, bu nikoh ham uzoq umr ko`rmadi. 2014 yilda ular ajrashishdi, Keyt ikki o`g`li bilan yolg`iz qoldi. Aktrisaning aytishicha, u yolg`iz bo`lsa ham juda baxtli, o`g`illarini yolg`iz o`zi tarbiyalamoqda, shu bilan birga kinoda suratga tushishdan ham to`xtagani yo`q.

Xolli Berri
Aktrisa, 49 yoshda

 Xolli Berri “Eng yaxshi ayol roli uchun” nominasiyasida Oskar mukofotini qo`lga kiritgan ilk afroamerikalik aktrisadir. U ikki marotaba turmushga chiqqan. Uning birinchi farzandi, qizi Nalu Ariel Obrining otasi model Gabriel Obri hisoblanadi. Ular munosabatlarini qonuniylashtirmagan edilar. Ajrashgandan keyin aktrisa sudga murojaat qilib, jismoniy va huquqiy vasiylikni talab qildi. Oradan uch yil o`tar-o`tmas Xolli yana turmushga chiqishni niyat qildi. Uning bu safargi turmush o`rtog`i xushsurat aktyor Olive Martines bo`ldi. Ularning turmushi ikki yil davom etdi va o`g`illari Maseo dunyoga keldi.  

 

Madonna
Xonanda, 57 yoshda

Xonanda Madonna “Erga tekkandan ko`ra, o`zimni poezd tagiga tashlayman”, degan bo`lishiga qaramay, ikki marta turmushga chiqqan. Ilk marotaba aktyor Shon Pennga, keyin esa rejissyor Gay Richiga turmushga chiqdi. Uning Gay Richidan Rokko ismli o`g`li bo`lishiga qaramay, qora tanli Devid Bandu ismli bolakayni boqib olishgan. Ularning ajrimidan keyin har ikki farzandi Madonna bilan qolgan. Madonnaning Gay Richiga turmushga chiqishidan oldin ham Lurdes ismli qizi bo`lgan. U hozir 20 yoshga kirgan. 2009 yili xonanda yana Chifundo mersi Jeyms ismli qizni farzandlikka olib, ko`p bolali onaga aylandi. Farzandlari uning hayotdan lazzatlanib yashashiga xalaqit qilishmaydi, aksincha u yanada faollashib, mehnat qilishdan to`xtamayapti.

Sandra Ballok
Aktrisa, 51 yoshda

Sandra ilk marotaba 41 yoshida teleboshlovchi va motosikl ishlab chiqaruvchi Jessi Jeymsga turmushga chiqdi. O`sha paytda hamma yoshi katta, o`zlarini tutib olgan odamlarning bu nikohi mustahkam bo`lsa kerak degan fikrga kelgan edi. Ular Luis Bardo ismli bolakayni boqib olishdi. Oradan besh yil o`tar-o`tmas matbuotda Jessining xiyonati haqidagi maqolalar paydo bo`la boshladi. Shundan keyin ular ajrashishga qaror qilishdi. 2015 yilning dekabr oyida Sandra Layla ismli qizchani boqib oldi, hozir qizcha to`rt yoshga kirgan. Sandra bolalar uyiga borib, ilk marotaba Laylaga ko`zi tushganda u o`zining qizi ekanligini his qilgan. Bolalarni oilaga o`rgatish biroz qiyin kechganligini Sandra tan oladi. Layla birinchi marta uning oilasiga qadam qo`yganda hammadan, shu jumladan Sandraning o`g`li Luisdan ham begonasiragan bo`lsa, endilikda ularni bir-biridan ajratib bo`lmaydi.

Sharliz Teron
Aktrisa, 40 yoshda

Sharliz Teron va Shon Penn atrofidagi mish-mishlar hali ham davom etmoqda. Ayni kunlarda aktrisa Shon Penn bilan nima uchun ajrashib ketganligini izohladi. Ajrashuvga Shonning Sharlizning bolalarini tan olmagani, yana bir bolani boqib olishga qarshi bo`lgani sabab bo`lgan. Sharliz Shondan bunday javobni kutmaganini bildirdi, farzandlariga nisbatan Shonda mehr uyg`onmaganligi uning ajrashishga qaror qilishiga vaj bo`ldi. Sharliz Shon bilan ajrashganidan keyin Avgusta ismli qizchani boqib oldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!