1

O`zbekistonga suv kirib kelishi 2050 yilga qadar kamayib ketishi mumkin — Shavkat Hamroev

Jamiyat 05.12.2021, 22:21
O`zbekistonga suv kirib kelishi 2050 yilga qadar kamayib ketishi mumkin — Shavkat Hamroev

O`zbekiston hududiga suv kirib kelish miqdori 2050 yilga qadar kamida 5 milliard kubga kamayishi kutilmoqda. Bu haqda Suv xo`jaligi vaziri Shavkat Hamroev 2 dekabr kuni o`tkazilgan matbuot anjumanida aytib o`tdi. 

"Global isish muammosi O`zbekistonga ham juda katta salbiy ta`sir ko`rsatyapti. Ba`zilar muzliklarni tez erishi yaxshi-ku, ko`proq suv kelyapti, deyishadi. Muzliklar ko`p erigandan keyin u qayta tiklanadi. Masalan, Orol dengizi qurishidan oldin qor, yomg`irlar ko`p yog`ardi, ya`ni suv suvni tortadi. Lekin muzliklar erigan sari tiklanish jarayoni ham kamayib boradi.

O`zbekiston 80—90 yillarda kurashsiz, janjalsiz 64 milliard kub suv olardi. Ammo global isish natijasida suvlarning kelish oqimi 51-52 milliard kubga kamaydi. Bu miqdor kelajakda ham kamayib boradi. Hisob-kitobimizga ko`ra, yurtimizga suv kelishi 2050 yilgacha yana kamida 5 milliard kubga kamayadi.

Shuningdek, suv omborlari qurilishi, er o`zlashtirishlar, boshqa sohalarning rivojlanishi sabab yana suv oqimi kamayishi kutilmoqda. Mening taxminlarimga ko`ra, 10 milliard kubga kamayishi mumkin. Vaziyat yana murakkablashadi, biz bunga tayyorgarlikni boshlaganmiz", — deydi Hamroev.

Qayd etilishicha, matbuot anjumanida Suv xo`jaligi vaziri kelgusida suv kelishining kamayishining oldini olish maqsadida bir qator ishlar qilinayotganini ta`kidlagan.

"O`zbekistonga chegara nuqtalaridan kirib kelayotgan suvlarning qishloq xo`jaligi mahsulotlari ekiladigan erlarga etib borgunicha 40 foizi yo`qoladi. Bizning konsepsiyamizdan 40 foizni har yili bir foizdan kamaytirish ham o`rin olgan. Bu vazifani uddalashimiz uchun tirillion-tirillion mablag`lar ajratilyapti. Xususan, suv inshootlarini takomillashtiryapmiz va ta`mirlayapmiz, eng og`ir hududlarda kichik-kichik suv omborlari quryapmiz, kanallar chetini betonlashtiryapmiz, suvni to`g`ri taqsimlaydigan zamonaviy qurilmalar o`rnatyapmiz.

Bundan tashqari, suv samaradorligini oshirish bo`yicha ham olimlar bilan hamkorlikda bir qator ishlar qilinmoqda. Suv tejovchi texnologiyalarni o`rnatish, suvni boshqaradigan xodimlar malakasini oshirish, dunyo tajribasini o`rganishga katta ahamiyat qaratyapmiz. Shu kabi sa`y-harakatlar orqali yuqorida aytilgan 10 milliard kubni 5 milliardga kamaytirishga imkoniyatimiz bor", — deydi u.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1