1

O`zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya o`zaro savdo hajmini 2 barobarga oshirish niyatida

Iqtisodiyot 03.08.2022, 17:26
O`zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya o`zaro savdo hajmini 2 barobarga oshirish niyatida

O`zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya tashqi ishlar, savdo, iqtisodiyot va transport vazirlarining birinchi uch tomonlama uchrashuvi bo`lib o`tdi. Bu haqda Hukumat portalida xabar berildi.

 Uch davlat Prezidentlarining kelishuvlariga muvofiq tashkil etilgan ushbu mutlaqo yangi muloqot mexanizmi ko`plab ustuvor masalalar bo`yicha manfaatlar kesishadigan nuqtalarni topishga imkon berdi.

Uchrashuv davomida tashqi siyosat masalalari va mintaqaviy hamkorlik imkoniyatlari, iqtisodiyot, savdo, investisiyalar va transport sohalarida uchala mamlakat birlashgan qudrat va salohiyatini to`liq ro`yobga chiqarishga qaratilgan sa`y-harakatlar yuzasidan fikr almashildi.

So`nggi besh yil ichida O`zbekistonning Ozarbayjon va Turkiya bilan savdo aylanmasi ikki baravarga oshgani, 2021 -yil oxiriga kelib bu ko`rsatkich 3,5 milliard dollarga etgani aytildi. O`zbekiston Respublikasi investisiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o`rinbosari Aziz Kudratov mamlakatlar o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini ikki baravar oshirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligini ta`kidladi. Bu munosabatlarni mustahkamlashning ustuvor yo`nalishlaridan biridir. O`zbekiston Ozarbayjon va Turkiyaga texnika, o`zbek to`qimachiligi mahsulotlari, poyabzal va oziq-ovqat etkazib berish hajmini oshirish imkoniyatiga ega.

Bozorlarga o`zaro kirishni osonlashtirish uchun yangi elektron tijorat platformasini yaratish taklif qilindi. Bu tadbirkorlar, eksportchilar, importchilar o`rtasida muloqotni osonlashtirib, tovarlarni yanada arzon narxlarda sotish imkonini beradi.

Shuningdek, ishlab chiqarish kooperasiyasini rivojlantirish, energetika sohasida hamkorlik qilish va uch mamlakatning yuqori tranzit salohiyatidan foydalanish bo`yicha qo`shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko`rib chiqildi. Shuningdek, hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi va shu munosabat bilan har yili O`zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya hududlararo forumini tashkil qilish va uning Toshkentda birinchi yig`ilishini o`tkazish taklif qilindi.

Uchrashuv yakunida Forum maydonlaridagi barcha kelishuvlarni o`z ichiga olgan Toshkent deklarasiyasi imzolandi. Erishilgan barcha kelishuvlar ko`plab mintaqaviy va xalqaro masalalar bo`yicha o`zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1