1

Johillik botqog`idagi “shogird”

Jinoyat 16.08.2016, 13:01
Teglar: Jazo, Jinoyat
Johillik botqog`idagi “shogird”

Quyosh tafti tuproqni cho`g`day qizdirayotgan palla. Kimsasiz yaylovdagi tepalikda 18 yoshlar chamasidagi yigitcha qo`l-oyog`i bog`liq holda issiqda tandirdagi kulcha kabi pishib o`tirardi. Baxtiga yarim soatlardan keyin uzoqdan ikki odam ko`rindi. Yigitcha jon holatda uch bora “Yordam beringlar!” deya chorlagan edi, boyagi odamlar kelib, uning joniga oro kirishdi. Ular qo`llari arqondan bo`shagan yigitchani so`roqlay ketishdi. 

– Nima bo`ldi o`zi? Seni kim bu ahvolga soldi? 

– Qashqirli qora otda gavdali, soqolli bir odam kelib, ularni... – deya yig`lamoqdan beri bo`lib pastlikka tikilgan ikkita chodir tomonga ishora qiladi. Chodirlar atrofida 15 yoshdagi qizcha va 11 yashar bolakay qonga belanib yotardi, – o`ldirib, meni shu erga bog`lab ketdi. 

Boyagi odamlar bu manzarani ko`rib, chodir tomonga chopishdi. Murdalardan tashqari chodirlarning birida cho`pon va uning 8 yashar qizi ham o`ldirib ketilgan edi. 

***

Qasoskorlik

1997 yilda tug`ilgan G`ayrat Bektoev (ism-familiyalar o`zgartirilgan) maktabni bazo`r tamomlab olganidan so`ng o`ziga mos ish izlashga kirishdi.  Urinishlari besamar ketmay bir tanishining ko`magi bilan Ohangaron tumanidagi fermer xo`jaliklaridan birida ish topdi. U bu fermer xo`jaligida cho`ponlik qilayotgan, qirqqa yaqinlashib qolgan, 4 nafar voyaga etmagan farzandi bor Razzoq Rustamovga yordamchi sifatida xizmatni boshladi. Tabiiyki,  G`ayratdan Razzoq akani o`ziga ustoz sifatida ko`rishi, undan yo`l-yo`riq olib, murosa bilan ishlashi talab qilinardi. Ammo G`.Bektoev johillik botqog`ig`a botib, oxir-oqibat mudhish qotillikka qo`l urdi.

2015 yilning may oyida Razzoq oila a`zolari va “shogirdi” bilan birga fermer xo`jaligiga qarashli ot, qo`y va qora mollarni Ohangaron tumanidagi Toyloqsoy hududiga haydab borishdi. O`sha erda 2 ta chodir tiklab, shu joyda kun kechira boshlashdi. Bu orada Razzoq akaning tanbeh va dashnomlari G`ayratning zardasini qaynatar, bora-bora uning xayolini qasd olish fikri qora bulut kabi egallab borardi. 

Qora niyat

2015 yilning 14 iyun sanasi. Razzoq akaning turmush o`rtog`i Gulmira opa va kenja qizi Malika qishki mavsum uchun mevalarni bankaga yopib, qishga g`amlash maqsadida fermaga ketdi. Yaylovda esa cho`pon uch nafar farzandi va G`ayrat bilan birga qoldi. Shu kuni cho`pon va yordamchisi o`rtasida kelishmovchilik kelib chiqib, G`.Bektoev anchadan buyon diliga tugib yurgan niyatini amalga oshirishga chog`landi. Xayolan qotillik rejasini tuzib, yashirincha oshxona pichog`ini Razzoq aka oila a`zolar bilan yashaydigan chodirdagi gilam ostiga berkitib qo`ydi. 

So`ng o`zining chodiriga kirib, “nishon”ning uxlab qolishini kuta boshladi. Bu chodirdan narigisi tomon tikilib yotaverib, o`zining ko`zlari uyquga ketganini sezmay ham qoladi.

Vahshiyning rejasi

Tongda uyg`ongan G`ayrat xuddi eng qimmatli narsasini yo`qotgan odamday sakrab o`rnida turdi. Tashqari otilib chiqib qarasa, “ustozi”ning qizi Yorqinoy idish-tovoqlarni yuvish bilan, o`g`li Shavkat esa sigir sog`ish bilan band edi. G`.Bektoev maqsadi sari qadam tashlab, narigi chodir tomon harakatlandi. Yo`l-yo`lakay bolta bilan qurollanib, chodir oldiga keldi. Asta engashib, ichkariga mo`raladi. Qarasa, Razzoq aka va uning 2007 yilda tug`ilgan qizi Munisa shirin uyquda. 

G`ayrat o`ljaga tashlanishga shaylangan bo`riday tishlarini g`ichirlatib, atrofga tekshiruvchan nazar tashlab oldi. Bu yaqin-atrofda cho`pon va uning farzandlaridan boshqa hech bir zog` yo`qligiga ishonch hosil qilgach, chodir ichiga kirdi. Bir-bir qadam tashlab Razzoq akaning tepasiga keldi. Avvaliga biroz jur`at qilolmadi. So`ng ko`zlarini chirt yumib, qo`lidagi boltani baland ko`tardi va zarb bilan cho`ponning bo`yniga urdi. Shu damda cho`pon xirillagancha tipirchilay boshladi. Biroq hech kimni yordamga chaqira olmadi. G`ayrat esa o`zi avvaldan gilam tagiga yashirib qo`ygan pichoqni olib, hech vaqoga tushunmay uyg`ongan Munisaga hujum qildi. Qizaloq tanasining turli qismlariga sanchilayotgan pichoq zarbidan chinqirib yubordi. Singlisining faryodini eshitgan Yorqinoy chodir tomonga oshiqdi. Ichkaridagi holatga ko`zi tushib, bir zumga esankirab qoldi. O`zini qo`lga olib, qocha boshladi. O`sha tobda vahshiy hayvonga aylangan G`ayrat uning ortidan ta`qib qilib etib oldi va uni ham pichoqlab tashladi. 

Bu hali hammasi emas ekan. Ko`zi qonga to`lgan qotil barchasiga guvoh bo`lib, qochishga uringan Shavkatni ham tutib olib, zorlanishlariga qaramay pichoq tig`i bilan “siyladi”. 

To`rt nafar insonning umriga zomin bo`lgan qotil hammasining joni uzilganiga ishonch hosil qilish maqsadida murdalarga qaytadan pichoq urib ko`rdi. “Ko`ngli xotirjam” bo`lgach, rejaning ikkinchi qismiga o`tdi. Ya`ni tepalikka chiqib, qo`l-oyoqlarini bog`lab, suvdan quruq chiqmoqchi bo`ladi. Ammo...

“Jabrdiyda” qotilga hukm o`qildi

Zudlik bilan surishtiruv-tergov harakatlari boshlanib, guvoh sifatida bog`lab ketilgan yigitcha ham tergovga jalb qilindi. Avvaliga o`zini jabrlanuvchi qilib ko`rsatgan yigit huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ziyrakligi oldida ip esha olmay qoldi. Barchasini bo`yniga olib, aybiga iqror bo`ldi.

Mazkur ishni ko`rib chiqqan jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudi cho`pon va uning uch nafar voyaga etmagan, begunoh farzandlarining hayotiga zomin bo`lgan G`ayrat Bektoevga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. 

Ismatulla MAMANOV, Jinoyat ishlari bo`yicha 
Toshkent viloyat sudining sudyasi
Zuhriddin RAHMONOV, jurnalist

Sharhlar

Jizzaxda 39 yoshli erkak xotinini urib o`ldirdi (video)

07.09.2022, 12:07

Jizzaxda ayol o`z eri tomonidan o`ldirildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda. Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 2 sentyabr kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yangihayot...
Namanganda 21 yoshli yigitni qotiliga aylangan blogerga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi

10.01.2022, 21:58

Namanganda 150 ming so`m evaziga Instagram sahifasidagi obunachilarini ko`paytirish ortidan ikki bloger o`rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik qotillik bilan tugadi.Qayd etilishicha, hodisa Chust tumanida o`tgan yilning...
Rossiyada vaksinadan bosh tortgan xodimlar jazolanmoqda

16.08.2021, 12:20

Rossiyada vaksinadan bosh tortgan xodimlar jazolanmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`lum qildi.Unga ko`ra, Rossiyadagi har beshta kompaniyaning biri koronavirusga qarshi vaksina olishdan bosh...
Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi

10.08.2021, 17:29

Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB xabar berdi.Ma`lum bo`lishicha, Termiz tumani “Sh.Rashidov” mahallasida yashovchi fuqaro X.Ilhom 2021 yil 29 iyun kuni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1