1

"Piridoksin"ni "Immunomodulin"ga aylantirgan dorifurushlar jazolandi

Jinoyat 29.08.2016, 12:13
"Piridoksin"ni "Immunomodulin"ga aylantirgan dorifurushlar jazolandi

SVOJJDLQK departamenti tomonidan dori-darmon vositalarini qalbakilashtirib, sotishga uringan shaxslarning qilmishlariga chek qo`yildi. 

Bu haqda "Farg`ona haqiqati" gazetasiga asoslanib, “Uz24.uz” xabar bermoqda. 

Xususan, fuqaro Shuhrat Yo`ldoshev (ism-familiyalar o`zgartirilgan) boshchiligida Otabek O`zbekov, Yorqinjon Aminov va Islom G`ulomovdan iborat jinoiy guruh tuziladi. Ularning maqsadi yurtimizda qalbaki dori vositalarini sotuvga chiqarib, noqonuniy daromad orttirish edi. Ular Toshkent shahridagi dorixonalardan "Piridoksin" (vitamin B-6) nomli dorilarni sotib olishadi. Mazkur dori ampulalaridagi yozuvlar o`chiriladi. Shundan so`ng, xuddi shu dorining ampulasiga qo`lbola maxsus uskuna yordamida "Immunomodulin" nomi tushiriladi.

Ushbu ikki dori vositasining qo`llanishiga qisqacha to`xtaladigan bo`lsak, "Piridoksin" (vitamin B-6) dorisi inson tanasini quvvatlantiruvchi vosita hisoblanadi. Uni shifokorlar odam immunitetini oshirish uchun tavsiya qiladilar. "Immunomodulin" dori vositasi esa o`ta og`ir kasallikdan so`ng qayta tiklanayotgan organizm uchun qo`llaniladi. Ya`ni og`ir xastalikni boshdan kechirgan insonlarga ushbu dori qo`llanilsa, uning sog`ayishi tezlashadi, kasalni engishi osonlashadi. Mazkur dorilarning qisqacha ta`rifidan bilish mumkinki, ularning bemor odamlarga nisbatan qo`llanishi turlicha. Demak, bu dorilar birining ikkinchisi o`rniga qo`llanishi og`ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Xullas, jinoiy guruh a`zolari vazifalarni o`zaro taqsimlab olishadi. Unga ko`ra, Sh.Yo`ldoshev dorixonalardan "Piridoksin" (vitamin B-6) dorilarini sotib oladi va undagi haqiqiy yozuvlarni o`chirib, ampulalarga "Immunomodulin" nomini tushirib chiqadi. O.O`zbekov esa ushbu kalbaki dorilarga xaridor topib, ularni haqiqiy dori vositasi sifatida sotadi. Yo.Aminov kalbaki dorilarni tayyorlashda Sh.Yo`ldoshevga ko`maklashadi. Ampulalardagi yozuvlarni o`chirish uchun turli maxsus asboblar hamda qayta soxta nomlarni kiritish uchun bo`yoqlar keltirib berib turadi. I.G`ulomov esa o`zining kichik bosmaxonasida qalbaki dorilarning qutilariga yopishtirish uchun yorliqlar hamda uni qo`llash yo`riqnomalarini etkazib turadi. Jinoiy guruh tomonidan ushbu dori vositasi uchun soxta sertifikat ham tayyorlanadi.

2014 yilning fevral oyidan 2015 yilning noyabr oyiga qadar jinoiy guruh a`zolari tomonidan 13 ming 210 quti "Piridoksin" dorisiga "Immunomodulin" nomi tushirilib, qalbaki sertifikat asosida respublikamizning turli viloyatlariga sotib yuboriladi. Qabix qilmish ortidan topilgan 220 mln. 270 ming so`m pullar esa ushbu kimsalar o`rtasida o`zaro bo`lib kelinadi.

SVOJJDLQK departamenti tomonidan o`tkazilgan tadbirda ularning qilmishlariga chek qo`yildi. Sud fuqarolarimiz sog`ligiga bepisand bo`lgan bu kimsalarga nisbatan o`z hukmini e`lon qildi. Unga ko`ra, Sh.Yo`ldoshev hamda O.O`zbekov 10 yil muddatga, Yo.Aminov esa 6 yil muddatga ozodliqdan mahrum qilindi. I.G`ulomovning ham qilmishiga yarasha jazo tayinlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1