1

Shavkat Mirziyoev Fransiya Parlamentining quyi palatasi raisi bilan uchrashdi

Siyosat 22.11.2022, 15:53
Shavkat Mirziyoev Fransiya Parlamentining quyi palatasi raisi bilan uchrashdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 noyabr kuni Parijdagi Burbon saroyida Fransiya Milliy yig`ini Raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashuv o`tkazdi.

Parlamentlar o`rtasidagi hamda ijtimoiy-siyosiy hayotni yanada demokratlashtirish bo`yicha islohotlarni amalga oshirish borasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Fransiya Milliy yig`ini rahbari O`zbekistonda, shu jumladan parlamentarizmni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini ta`minlash va himoya qilish, gender tenglikni ilgari surish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli demokratik yangilanishlarning borishini yuksak baholadi.

Gender tenglikni ta`minlash jihatlariga alohida e`tibor qaratildi. O`zbekiston bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishgani, mamlakatimizda xotin-qizlar qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat idoralarida, tadbirkorlik va ijtimoiy sohada munosib o`rin egallayotgani qayd etildi.

2022 yil sentyabr oyida mamlakatimizda ilk bor jahon parlamentlari etakchi ayollarining 14-sammiti o`tkazildi. Etakchi ayollarning rolini oshirish to`g`risida Toshkent deklarasiyasi qabul qilindi.

Uchrashuvda o`lim jazosini bekor qilish, inson huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, ekologik muammolarni hal etish to`g`risidagi normalar va boshqa muhim qoidalarni mustahkamlab qo`yish ko`zda tutilgan konstitusiyaviy islohotni amalga oshirishga tayyorgarlik borasidagi asosiy yondashuvlar muhokama qilindi.

Parlamentlararo do`stlik guruhining uchrashuvlarini o`tkazish, BMTning Inson huquqlari bo`yicha kengashi, Evropa Parlamenti, Parlamentlararo ittifoq, EXHT Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida Prezidentimiz Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi. Shuningdek, Fransiya Milliy yig`ini Raisini o`zi uchun qulay vaqtda tashrif bilan mamlakatimizga borishga taklif etdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1