Rashk, nafs yoxud tabletkalar... Toshkentda 4 kishini vahshiylarcha pichoqlab tashlagan erkak sud oldida javob berdi (foto)

Jinoyat 23.11.2022, 00:32
Rashk, nafs yoxud tabletkalar... Toshkentda 4 kishini vahshiylarcha pichoqlab tashlagan erkak sud oldida javob berdi (foto)

Bundan roppa-rosa 5 oy avval bir oilaning 4 nafar a`zosi — ayol, qaynona, qayniopa va 7 yoshli o`g`il birgina pichoq tufayli hayotdan ko`z yumishi mumkin edi. 

Gap shundaki, 1989 yilda tug`ilgan sudlanuvchi ularni qasddan o`ldirib, o`ch olish haqida jinoiy reja tuzadi.

Bugun Jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tuman sudida ana shunday dahshatli jarayonlarni amalga oshirishgan shaxsga sud hukmi o`qildi.

Xo`sh, vaziyatga nima sabab bo`lgan edi? Nega u bunday reja tuzdi? Qanday qilib ota o`z farzandiga pichoq sanchdi?

"Darakchi.uz" ayni savollarga javob olish maqsadida ochiq sud majlisida ishtirok etib, sudlanuvchi hamda jabrlanganlar bilan suhbatlashdi.

Ma`lum bo`lishicha, sudlanuvchi 2013 yil 1994 y.t. qiz bilan qonuniy nikohdan o`tib, o`zaro turmush davomida 2 nafar farzandli bo`lishadi. U spirtli ichimliklar va psixotrop moddalar iste`moliga ruju qo`yib, hayot kechiradi.

Jinoyatchi shu davr mobaynida ayolining opasiga bir necha bor shilqimlik qilib, uni sha`riy nikohiga olishni taklif qilgan.

"Xo`jayinim bilan yashayotgan paytimda tegajonlik qilgan. Menga turmushga chiqasanmi, ikkinchi xotinlikka nikohimga olmoqchiman, deb ikki marta aytgan. Yo`q deganman" — deydi  sudlanuvchi qayniopasi ma`lum muddat avval bo`lib o`tgan vaziyatni eslab.

 Biroq bundan takliflarga ko`nmagan opa singlisiga bor gapni ayta olmagan. Ammo singil uzoq vaqt oilani saqlab qolish uchun yashirib kelingan vaziyatdan baribir xabar topgan.

Shundan so`ng u 2 nafar voyaga etmagan farzandlari bilan o`zining ota-onasi yashaydigan xonadonga ketib qolgan.

Qaltis jarayonlar ayni shu nuqtadan boshlanib ketgan. Sudlanuvchi ayoli hamda voyaga etmagan ikki farzandini ta`qib qilib, 20.05.2022 yil xonadonga borib, ayoli va uning oila a`zolarini tinchligini buzadi. 

Turmush o`rtog`ini turli nomaqbul so`zlar bilan haqoratlab, urib engil tan jarohatlari etkazib, huquqbuzarlik sodir etgani sababli, unga nisbatan jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tuman sudining 03.06.2022 yildagi qaroriga asosan jarima jazosi qo`llanilgan. 

Biroq bundan ham to`g`ri xulosa chiqarmagan sudlanuvchi harakatlarini davom ettirishga urinadi. 

"O`sha kuni rashk qilib, ozgina janjallashib, pivo ichgandim. Ajrashaman, deb turib oldi, jaxlim chiqib ketdi. Uydan pichoqni olib, qaynonamni uyiga bordim. O`sha payt tortishib ketdik, pichoq urdim. Keyin nima bo`ldi, eslay olmayman",— deydi sudlanuvchi.

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasida ayolining tanasida “Ko`krak va qorin qo`shma jarohati, ko`krak qafasi o`ng yarimini, o`ng o`pkani jarohatlanishi bilan kechgan teshib o`tuvchi sanchib-kesilgan yarasi, ko`krak qafasi chap tomoni teshib o`tmagan sanchib-kesilgan yarasi, qorin old yuzasini ko`plab sanchib kesuvchi, ingichka ichak tutqichini jarohatlagan sanchib-kesilgan yaralari, o`ng o`mrov osti soxasi sanchilgan-kesilgan yaralari” kabi tan jarohatlari aniqlanganligi ko`rsatilgan.

Shu vaqtda xonadonda bo`lgan jinoyatchining 1967 y.t. qaynonasi janjalni to`xtatish va qizining hayotini saqlab qolish maqsadida ularning oldiga yugurib kelganida, sudlanuvchi qaynonasiga faol qarshilik ko`rsatib, uni ham qasddan o`ldirish maqsadida qo`lida bo`lgan oshxona pichog`i bilan tanasining turli qismlariga bir necha marta tan jarohatlari etkazgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasida qaynonaning tanasida “Ko`krak qafasi chap tomoni ko`krak bo`shlig`iga kirib, chap o`ngach pastki bo`lagini jaroxatlagan, ko`krak qafasi o`ng tomoni orqa yuzasi ko`krak bo`shlig`iga teshib kirmagan va chap ko`krak bezi tashqi yarmidagi sanchilgan-kesilgan yaralari, o`ng elka soxasida 2 ta, chap tirsak bo`g`inida 1 ta, chap bilak sohasida 2 ta, o`ng qo`l 1-barmoq asos soxasida, o`ng kaft ichki yuzasi 2 va 3-barmoqlar orasidagi barmoqlararo bo`liqqa, 3-barmoq asos falangasi tashqi yon yuzasiga, 3-barmoq o`rta falangasi tashqi yuzasiga o`tishi bilan kechgan sanchilgan-kesilgan yaralari” kabi tan jarohatlari aniqlangani ko`rsatilgan.

Janjal va shovqin ovozini eshitib, boshqa xonadan chiqib qolgan ayol (sudlanuvchining qayniopasi)  sudlanuvchini to`xtatish uchun xonadonda bo`lgan ventilyator bilan urgan vaqtida, sudlanuvchi unga faol qarshilik ko`rsatib, oilaviy majarolar sababchisi sifatida uni ham qasddan o`ldirish maqsadida qo`lidagi oshxona pichog`i bilan qayniopasining tanasini qorin va elka qismlariga bir necha marotaba sanchib olgan.

Sud-tibbiy ekspertizasida qayniopaning tanasida “Qorin old devori qorin bo`shlig`iga teshib kirib, jigar chap bo`lagini teshib o`tib, oshqozon osti bezi boshchasi kapsulasini jaroxatlanishi bilan kechgan sanchilgan-kesilgan yarasi, o`ng qo`ltiq osti sohasini teshib o`tgan, ko`krak bo`shlig`iga kirmagan, mushaklarni jaroxatlanishi bilan kechgan 2 ta sanchilgan-kesilgan yaralari” kabi tan jarohatlari aniqlangan.

Pichoq bilan qurollangan, oila a`zolarining ahvoliga guvoh bo`lgan voyaga etmagan o`g`il otasini to`xtatish uchun uning yoniga borganida, mast ota o`g`liga ham jarohat etkazgan.

"O`chib kolgan edim, nima bo`ldi, eslay olmayman. Orada farzandim o`rtamizga tushib qoldi. Qaysi ota o`g`liga pichoq uradi? Qattiq pushaymonman"— deydi sudlanuvchi.

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasida sudlanuvchining o`g`li tanasida “Chap tomonlama ko`krak qafasidan qorin bo`shlig`iga o`tuvchi sanchib-kesilgan ochiq jarohati, diafragma, taloq va ingichka ichakni jarohati” kabi tan jarohatlari aniqlanganligi ko`rsatilgan.

Sudlanuvchi JKning 25,97-moddasi (qasddan odam o`ldirishga suiqasd) 2-qismi “a,v,g,j” bandlari, 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko`rsatish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, uzil-kesil o`tash uchun 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1